Toshkentda qidiruvda bo‘lgan ikki kishi oilasi ular o‘g‘irlab ketilganiga ishonadi

Image caption Suyunov va Xismatullin oilasiga ular qidiruvda ekanlari aytib kelinmoqda

Toshkentda faoliyat yurituvchi Ekspert ishchi guruhi tarqatgan ma‘lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda dindor oilalarga nisbatan bosimlar davom etmoqda.

Guruhga murojaat qilgan toshkentlik ayol Dilbar No‘monovaning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘li Mahmud Suyunov va kuyovi Zokir Xismatullin 2009 yilning 9 avgustidan beri uylariga qaytmagan.

Toshkentda ustachilik bilan shug‘ullangan ikkovlon 9 avgustda minib ketgan mashina besh kun o‘tgach Toshkent shahrining Uchtepa Ichki Ishlar Boshqarmasi tomonidan oilaga qaytarilgan.

Dilbar No‘monovaning BBCga aytishicha, militsiya mashina huquq-tartibot organlarining qo‘liga qanday tushib qolgani borasida biron izoh bermagan.

U o‘z qizi Mahmud va Zokir ta‘mirlayotgan xonadonga borib, ularni topishga uringanida, xonadon qo‘shnisi ikki yigitni qora niqobli kishilar boshlariga qop kiydirgan holda olib ketganini ma‘lum qilgan.

23 yoshli Mahmud va uning 37 yoshli pochchasi Zokir yo‘qolganidan bir hafta o‘tib, ular Toshkent viloyati Ichki Ishlar Boshqarmasining tergov izolyatorida ekani oilasiga xabar qilingan, lekin ikki kun o‘tib, advokatlar bu ayni familiyalik boshqa mahbuslar ekanini bildirganlar.

"Qanday qilib o‘g‘limning va kuyovimning familiyadoshlari bir izolyatorda bor bo‘lib qoldi ekan?" - deb so‘raydi Dilbar No‘monova.

Qidiruv

Ikkovlon, yo‘qolganidan 20 kun o‘tib, 29 avgustda xalqaro qidiruvga e‘lon qilingan.

Dilbar No‘monova Toshkent bo‘ylab osilgan suratlardan o‘z o‘g‘li va kuyovining o‘ta xavfli jinoyatchilar sifatida qidirilayotganini bilgan.

No‘monova xonim, uning qizi Madina Xismatullina va qudalari qariyb uch yildan beri O‘zbekiston Ichki Ishlar Vazirligi, Milliy Xavfsizlik Xizmati va prezident devoniga Mahmud va Zokirga nima bo‘lganini so‘rab murojaat qilishgan, biroq faqat "ular qidiruvda" degan javob olganlar.

Ekspert ishchi guruhi ikkovlonning yo‘qolib qolishi 2009 yil mayida Toshkentning eski shahrida yuz bergan otishmalar va Andijon viloyatida yuz bergan portlashlar, hamda Ichki Ishlar Boshqarmasining terrorchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimining o‘ldirilishi va taniqli toshkentlik imom Anvar qori hayotiga uyushtirilgan suiqasdga aloqadorlikda ochilgan jinoiy ishlarning bir qismi deb biladi.

Ayni damda, Mahmud Suyunov va Zokir Xismatullinning oilasi bosim va tazyiqlar ostida yashab kelmoqda.

Jumladan, No‘monova xonimning BBCga aytishicha, qizi Madina va qudalari yashayotgan xonadon Mirzo Ulug‘bek tumani mahkamasi qarori bilan kimoshdi savdosiga qo‘yib sotilgan.

Xonadonning yangi egasi sakkiz jon, xususan to‘rt nafar voyaga yetmagan bolalarning chiqib ketishi talab qilib, may oyi oxirigacha muddat bergan.

Oila qaytarib berilgan mashina ham hech qanday rasmiy hujjatlarsiz qayta tortib olinganini aytadi.

Erini topishga uringan Madina Xismatullina esa 15 kunga qamalib chiqqan.

Dilbar No‘monova o‘g‘li va kuyovining tirik yo tirik emasligini bilmaydi, lekin ularni militsiya o‘g‘irlab ketganiga ishonadi.

U O‘zbekiston prezidentdi, elchixonalar, xalqaro matbuot va xalqaro tashkilotlarga murojaat etib, Mahmud va Zokirning "o‘g‘irlab ketilishi"ni xolisona tergov qilish, xonadon musodara qilinishi borasidagi qarorni bekor qilishni so‘ramoqda.

Ayol o‘g‘li va kuyovining diniy radikal tashkilotlarga aloqasi borligini rad qiladi.

"O‘g‘lim yettinchi sinfni bitirib, yetim bola bo‘lgani uchun, Quyliq bozorda arava tortib yurgan bola. Unga terrorist deb qaysi axmoq ayb qo‘ygani mening aqlimga sig‘maydi. Namoz o‘qisa o‘qirdi, o‘qimasa o‘qimasdi. Otasi ichkilikka berilib ketgani uchun, yaxshi o‘stiray deganman. Bor tashvishi uyga bir burda non topib kelsam degan tashvish edi", - deydi ona.