General Do‘stum: "Afg‘onistonda fuqarolar urushi boshlanishi mumkin"

Image copyright junbesh.net
Image caption Afg‘onistondagi ko‘plab o‘zbeklar general Do‘stumni o‘z yetakchilari sifatida ko‘rishadi

Afg‘onistondagi taniqli qo‘mondonlardan biri, general Abdulrashid Do‘stum Tolibon bilan qudrat bo‘lishish Afg‘onistonda yana fuqarolar urushini keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Bu haqda general Do‘stum mamlakat shimolidagi Jauzjon shahrida minglab tarafdorlari o‘ngida qilgan chiqishi chog‘ida ma‘lum qildi.

General Abdulrashid Do‘stum BBC bilan suhbat chog‘ida Afg‘onistonning shimoliy mintaqalarida Tolibon isyonchilarining kuch olayotganini "tashvishli hol" deya baholadi.

Janob Do‘stum xalqaro ittifoqchi kuchlar Afg‘onistondan chiqib ketishi ortidan mamlakatda fuqarolar urushi yana o‘t olishi mumkinligidan tashvish izhor etdi.

Millati o‘zbek bo‘lgan generalning aytishicha, hozirda Afg‘onistonning Pokistonga chegaradosh hududlarida taxminan 40 ming Tolibon isyonchilari mavjud va ular Afg‘onistonda tinchlikni izdan chiqarib yuborishlari mumkin.

U o‘z tarafdorlarini agar shunday holat yuzaga keladigan bo‘lsa, Afg‘oniston milliy armiyasini dastaklashga chaqirdi.

Abdulrashid Do‘stum Toliblarning Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida faollashib borayotganiga va ularning safi ortib borayotganing uning shaxsan o‘zi guvoh bo‘layotganini aytdi.

Janob Do‘stum Afg‘onistonda 1990-yillarda fuqarolar urushi avj olgan pallada ham u tavallud topgan Jauzjon viloyatida tinchlik hukmron bo‘lgani, ammo bugunga kelib bu viloyatda ham isyonchilar hujumlari kuchayib borayotganini aytdi.

U Elburs tog‘i, Faqi Naymadon, Shiram va Saripul kabi Afg‘oniston shimolidagi "strategik muhim" mintaqalarda Toliblar o‘rnashib olganini aytdi.

General Do‘stum mazkur mintaqalardagi isyonchilarga O‘zbekiston Islomiy Harakati va al-Qoida yordam berayotganini bildirdi.

Uning ishonishicha, agar mazkur mintaqalarda Toliblar faoliyati bartaraf etilmasa, tez orada ular mintaqa uchun jiddiy xavfga aylanishi mumkin.

"... Shu pallada ularning te‘dodi 350 nafar. Bir yilning ichida ular 2 mingga boradi. So‘ngra agar ittifoqchi kuchlar (Afg‘onistondan) chiqsa, ularning oldini olish juda qiyin bo‘ladi", - deb ogohlantirdi general Abdulrashid Do‘stum.

Janob Do‘stumning hozir Afg‘oniston hukumatidagi rasmiy amali o‘ta baland emas, ammo amalda uning ta‘siri juda kuchli.

Afg‘onistondagi o‘zbeklarning aksari 58 yashar general Do‘stumni o‘zlarining yetakchilari hisoblashadi.