"G‘arb o‘z ishini tugatmay, Afg‘onistonni tashlab chiqmoqchi"

Image copyright Getty
Image caption Ittifoq jangovor kuchlari kelasi ikki yil ichida Afg‘onistonni tark etishlari kerak

Rossiyaning Kobuldagi elchisi Andrey Avetesyanga ko‘ra, NATO boshchiligidagi xorijiy kuchlar Afg‘onistondagi o‘z ishlarini tugatmasdan bu mamlakatni tark etishmoqchi.

"Xavfsizlik juda yomonlashgan" - deydi BBC bilan suhbatda Rossiya elchisi -"Hatto har vaqt tinch bo‘lib kelgan Shimoliy Afg‘oniston ham bugun notinch".

Rossiya diplomatiga ko‘ra, G‘arb chiqib ketishi oldidan bir narsaga ishonchi komil bo‘lishi kerak, bu ham bo‘lsa - Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari va politsiyasi mamlakatni to‘la himoya qilishga qodir bo‘lishi zarur.

"Ammo hammaga ma‘lumki, Afg‘oniston kuchlari hozirgi holatida mamlakat xavfsizligini ta‘minlay olmaydilar".

Janob Avetesyanga binoan, o‘z vaqtida SSSRga qaram bo‘lgan Afg‘oniston kuchlari sovetlar chiqib ketganidan keyin qulagan edi.

Hozir ham chet el yordamiga ko‘z tikib qolgan Afg‘oniston armiyasi va politsiyasi boshiga shunday kun tushishi ehtimoli yo‘q emas.

"Bu uchun avvalo Afg‘oniston iqtisodini ko‘tarib, o‘z xavfsizligini ta‘minlay oladigan darajaga yetkazish kerak" - deb aytgan u.

"Sho‘rolar nimalarnidir qurishgandi, ammo mana 10 yildan beri G‘arb barpo etgan biron yirik loyihani eslay olmayman".

Rossiya vakili endilikda o‘z mamlakati Afg‘onistondagi biron millat, guruh va yo partiyaning yonini olib, bu yerdagi urushga bosh qo‘shmasligini bildirgan.

"Ammo agar biron guruh va yo millat hozirgi jarayonlardan chetga surib qo‘yilsa, unda Afg‘onistondagi muammolar davom etaveradi" - deb aytgan Andrey Avetesyan.