Moskvada G‘alaba kuniga bag‘ishlangan harbiy parad bo‘lib o‘tdi

Image copyright RIA Novosti
Image caption Paradda 14 mingdan ortiq qo‘shin va harbiy texnika ishtirok etgan

Qizil maydondagi harbiy paradda 14 mingdan ortiq harbiylar va 100ga yaqin harbiy texnika qatnashgan.

Parad Rossiya davlat bayrog‘i va G‘alaba bayrog‘ini ko‘tarish hamda "Muqaddas urush" qo‘shig‘i ijrosi bilan boshlangan.

Parad ochilishida nutq so‘zlagan Prezident Vladimir Putin Rossiyaning Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alabada hal qiluvchi rol o‘ynaganini ta‘kidlagan.

"Bizning o‘z mavqe‘mizni qattiq turib himoya qilishga ma‘naviy haqqimiz bor, chunki aynan bizning mamlakatimiz natsizmga asosiy qalqon bo‘ldi", - deb aytdi dushanba kuni uchinchi muddatga prezident sifatida qasamyod qilgan janob Putin.

Unga ko‘ra, "xalqaro normalarga qat‘iy rioya qilish, davlat suvereniteti va har bir xalqning mustaqil tanlovini hurmat qilish - o‘tgan urush fojiasi qaytarilmasliginining asosiy kafolatlaridan biridir".

Harbiy paradda Rossiyaning sobiq prezidenti, seshanba kuni Duma tomonidan mamlakat bosh vazirligiga tasdiqlangan Dmitriy Medvedev ham ishtirok etgan.

Bu yilgi G‘alaba bayrami Vladimir Putinning uchinchi muddatga Kremlga qaytishiga qarshi norozilik chiqishlari manzarasida o‘tgan.

G‘alaba bayrami kerakmi?

Rossiya mudofaa vazirligi bergan ma‘lumotga ko‘ra, G‘alaba bayrami davlatga 1 milliard rublga tushgan.

Rossiya jamiyatida bunchalik qimmatga tushadigan bayram kerakmi, yo‘qmi, degan bahslar tinmagan.

Image caption Bu yilgi parad Putinga qarshi noroziliklar manzarasida o‘tgan

Har yili paradga tayyorgarlik payti Moskvaning markaziy ko‘cha va maydonlari yopib qo‘yiladi, bu esa poytaxt aholisining noroziligiga sabab bo‘ladi.

Bayram tarafdorlari tarixiy an‘anani davom ettirish muhimligini aytadilar, qarshilar esa sho‘ro o‘tmishi sarqiti va isrofgarchilik haqida gapirishadi.

Ularga ko‘ra, paradga sarflanadigan mablag‘larni urush faxriylariga yordam sifatida bergan ma‘qulroq.

Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin 1991 yildan 1994 yilgacha Rossiyada harbiy parad o‘tkazilmagan.

Faqat 1995 yilga kelib, g‘alabaning 50 yilligi sharafiga Rossiyaning yangi tarixidagi birinchi parad o‘tkazilgan.

G‘alaba kuni sobiq sovet davlatlarining aksariyatida nishonlanadi.

Xotira va qadrlash kuni

O‘zbekistonda bu kun mustaqillikdan so‘ng bir muddat umuman xotirlanmagan, ammo 1999 yilda Xotira va Qadrlash kuni deb e‘lon qilingan.

O‘zbekistonda sho‘ro davridagi "Ulug‘ Vatan urushi" iborasi "Ikkinchi Jahon Urushi" deb o‘zgartirilgan.

2010 yilda Toshkentdagi sho‘ro askariga qo‘yilgan yodgorlik majmuining olib tashlanishi Rossiyaning noroziligiga sabab bo‘lgan. G‘alaba kuni munosabati bilan tabrigida Prezident Medvedev janob Karimovni "tarixni qaytadan yozish urinishlari" haqida ogohlantirgan.

O‘tgan yili G‘alaba kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida Prezident Medvedev Prezident Karimovni "tarixni qayta yozish urinishlari"dan ogohlantirgan.

Janob Medvedev "millionlab insonlar g‘alaba uchun o‘z jonlarini qurbon qilganliklari"ni ta‘kidlagan.