Ukraina sobiq bosh vaziri koloniyadan shifoxonaga keltirildi

Image copyright AP
Image caption Shifoxonaga yig‘ilgan Timoshenko tarafdorlari "Yuliyaga ozodlik!" qichqirganlar

Ukraina sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenko jazoni o‘tash koloniyasidan shifoxonaga keltirilgan va hozirda ochlik amalidan chiqarilmoqda.

Ukraina Jazoni ijro etish xizmati xabar berishicha, Timoshenko xonim chorshanba kuni ertalab soat 8 da Xarkovdagi Markaziy klinik shifoxonaga keltirilgan.

Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, Yuliya Timoshenko shifoxonaga "Tez yordam" mashinasida keltirilgan. Ularga DAN avtomobillari va "Berkut" maxsus bo‘linmasi hamrohlik qilgan.

Shifoxonaga kiraverishda Timoshenko xonimning bir guruh tarafdorlari "Yuliyaga ozodlik!" deya qichqirganlar.

Ukrainaning UNIAN axborot agentligi xabar berishicha, shifoxonadagi bemorlarga tashqariga chiqish man qilingan.

Ukrainalik shifokorlarsiz

Seshanba kuni Yuliya Tishmoshenkoning qizi Yevgeniya uning onasi ochlik davrida taxminan 10 kilogrammga ozganini aytgan.

Uni ochlikdan chiqarish va davolash bilan olmon shifokori Luts Harms shug‘ullanadi.

Ukraina hukumati muxolifat siyosatchisining shifoxonaga yotqizilishi uni davolash masalasida yuzaga kelgan diplomatik inqiroz yechimini topishda yordam berishiga umid qilmoqda.

Timoshenko uch haftacha muqaddam mamlakatdagi siyosiy vaziyatga e‘tirozan ochlik qilishni boshladi.

Sobiq bosh vazir, shuningdek, 20-aprel oqshomida uni shifoxonaga majburan keltirgan koloniya xizmatchilari tomonidan kaltaklanganini da‘vo qildi.

Ammo Ukraina Bosh prokuraturasi uning bu da‘vosini inkor etdi.

Himoyachi Sergey Vlasenko so‘zlariga ko‘ra, Yuliya Timoshenko sog‘ligi hozirda o‘ta og‘ir va u nogiron bo‘lib qolishi mumkin.

Timoshnkoning qizi Yevgeniyaning aytishicha, uning onasi taxminan 10 kilogrammga ozgan va uni ochlikdan chiqarish uchun yana 10 kuncha vaqt ketadi.

Himoyachilarning tasdiqlashlaricha, Timoshenko o‘ziga keltirish jarayoniga hozir Xarkovda bo‘lgan olmoniyalik shifokor Luts Harms rahbarlik qilsagina, davolanishga rozi bo‘lishini aytgan.

Sergey Vlasenko agar sobiq bosh vazirni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bilan ukrainalik shifokorlar shug‘ullansalar, u davolanishdan voz kechishini aytgan.

Avvalroq Ukraina hukumati 11-12 mayga belgilangan Markaziy va Sharqiy Ovro‘po davlatlarining Yalta sammitini bekor qilishga majbur bo‘ldi.

Bunga ko‘plab Ovro‘po mamlakatlari rahbarlarining Timoshenkoga bog‘liq vaziyat tufayli sammitni boykot qilish qarori sabab bo‘ldi.

Ovro‘polik siyosatchilar futbol bo‘yicha Ukrainada iyun oyida bo‘lib o‘tajak Ovro‘po Chempionatini boykot qilishlari ham ehtimoldan holi emas.