Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi: o‘zbekistonlik serial qotillar qo‘lga olindi

Image caption To‘rt ayol jasadi Olma-Otaga eltadigan yo‘l chetida topilgan.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi xabar qilishicha, O‘zbekistonga chegaradosh Janubiy Qozog‘iston viloyati hududida va Toshkent atrofida ayollarni o‘ldirib, qurbonlarga tegishli buyumlarni o‘zlashtirishda gumon qilingan ikki O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingan.

Bu haqda Ostona shahrida o‘tkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nurdilda Oraz ma‘lum qilgan.

Matbuot xizmati rahbari aytishicha, uzoq vaqt olib borilgan qidiruv natijasida o‘tgan haftada ikki O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingan, ularning ikki nafarining ham yoshi 26 da.

Ular Qozog‘istonning Janubiy Qozog‘iston viloyati hududida, Chimkent shahri atrofi va O‘zbekiston hududida qotilliklar sodir etganlikda gumon qilinmoqdalar.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Nurdilda Oraz aytishicha, gumondagi shaxslar 2011 yilning mart oyidan 2012 yil mart oyigacha to‘rt qotillikni sodir etganlar, deb ko‘rilmoqdalar.

Tergovda aniqlanishicha, qotillar xususiy taksi kirakashlar sifatida o‘z xizmatlarini taklif qilganlar, ikki ayol temir yo‘l poyezdidan tushib o‘z uyigacha borguncha avtomobil ichida bo‘g‘ib o‘ldirilganlar, jasadlari yo‘l chetiga tashlab ketilgan.

Ayollarga tegishli buyumlar olingan.

Ayollarning qimmatbaho buyumlari Toshkent shahri bozorlarida pullangan, deyishmoqda Qozoq izquvarlari.

Ularning aytishicha, bu ikki shaxsning uchinchi sherigi ham bo‘lgan, u esa Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 7 ayolni o‘ldirgan, deb gumon qilinmoqda.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston poytaxtida serial qotilliklar sodir etilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, biroq O‘zbekiston huquq-tartibot organlari bu haqda rasman ma‘lumot bermaganlar.

Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Toshkent va uning atrofida yetti ayol 2011 yilning noyabr va dekabr oylarida o‘ldirilganlar.