"Ozod O‘zbekiston do‘stlari" Karimovni mahkamaga bermoqchi

Image caption "Ozod O‘zbekiston do‘stlari" tashkiloti o‘zbek muxolifatchilari va turkiyalik faollardan tuzilgan

Istanbulda o‘tgan anjumanda bir guruh turkiyalik va o‘zbekistonlik faollar 2005 yil 13 may kuni Andijonda tinch namoyishchilarning o‘ldirilishida aybdor shaxslarni topish va jazoga tortishni talab qildilar.

Turkiyadagi qator nodavlat tashkilotlari va o‘zbek muxolifat guruhlarini o‘zida birlashtirgan "Ozod O‘zbekiston do‘stlari" tashkiloti 11 may kuni BMT Xalqaro Jinoyat Mahkamasiga Prezident Islom Karimovni mahkamaga tortish haqidagi talabnomani topshirmoqchi.

2006 yil martida Olmoniya Federal prokuraturasi Andijon voqealari jarbiydalarining O‘zbekiston sobiq ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatovga qarshi jinoyat ishi ochish haqidagi da‘vo arizalarini rad etgan edi.

O‘zbekiston hukumati bundan 7 yil muqaddam Andijonda islomiy jangarilar isyonini bostirganini aytib keladi.

2005 yilning 13 may kunida hukumat askarlarining hech bir ogohlantirishsiz va pala-partish o‘t ochishlari natijasida Andijonda aksariyati tinch namoyishchilardan iborat yuzlab kishilar qurbon bo‘lishgandi.

Namoyishlarning kuch bilan bostirilishi va o‘zbek hukumatining yuz bergan qirg‘in yuzasidan mustaqil xalqaro tergov olib borilishiga izn bermasligi ortidan 2005 yilning oktyabrida Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekistonga jazo choralarini kiritgan va inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga oid muayyan mezonlarni belgilab bergandi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra, rasmiy Toshkent o‘sha mezon darajasida ish olib bormagan bo‘lsa ham, Ovro‘po Ittifoqi bosqichma-bosqich o‘z sanktsiyalarini bekor qilib bordi va 2009 yilda ularni butunlay olib tashladi.

"O‘zbekiston va G‘arblik ittifoqchilari orasidagi munosabatlar o‘z izmiga tushgan esa-da, mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilangani dalolati yoki tinimsiz inson haqlarining toptalishi hollariga e‘tibor qaratishga bo‘lgan siyosiy xohish-irodaning nishonasi yo‘q," deydi "Human Rights Watch" tashkiloti.

Istanbulda bo‘lib o‘tgan anjuman ishtirokchilaridan Kamoliddin Yuldoshning aytishicha, yangi mahkama da‘vosidan maqsad - tobora unutilib borayotgan Andijon voqealariga e‘tibor qaratish.

"Bugunga qadar biror bir xalqaro tashkilot bu jinoyatni tergov ostiga yoki... jiddiy tarzda ko‘rilmadi. Va bu yillar o‘tgan sayin unutilib borayapti. Hattoki, bunga (Andijon voqealariga) taaluqli sanktsiyalar bekor qilindi", - dedi Kamoliddin Yo‘ldosh.

U Islom Karimovni mahkamaga tortish uchun "Ozod O‘zbekiston do‘stlari" tashkilotida yetarlicha isbot-dalillar borligini aytdi.

Kamoliddin Yo‘ldosh bilan bo‘lgan suhbatni tinglang.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi