Otlar ilk bora Markaziy Osiyoda qo‘lga o‘rgatilganmi?

Image caption Otlar ilk bora Ovrosiyo, xususan, Markaziy Osiyoda qo‘lga o‘rgatilgani endi ilmiy jihatdan ham tasdiqlandi

"Qadimiy qazilmalar har vaqt otlar ilk bora Markaziy Osiyoda qo‘lga o‘rgatilganiga ishora qilgan" - deydi olmoniyalik olima Vera Varmut - "Ammo bu nazariyani tasdiqlaydigan ilmiy xulosalar yetishmas edi".

Vera Varmut so‘nggi yillari Ovrosiyo hududlari - Mojariston, Ukraina, Rossiya, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistondagi otlar irsiyatini tadqiq etgan. Bu o‘rinda gap taqriban 5-6 ming oldingi davr haqida ketmoqda.

"Otlar turli hududlarda, alohida-alohida holatlarda xonakilashtirilgan kabi mavjud fikr u qadar ham to‘g‘ri chiqmadi" - deydi BBC bilan suhbatda olima - "Markaziy osiyolik odamlar qadimdan bu otlarni qo‘lga o‘rgatib, xonaki otlar yoniga yovvoyilarini qo‘shib boraverishgan".

"Gap g‘arbda Mojariston, sharqda esa Mo‘g‘uliston oralig‘idagi ulkan mintaqa haqida bormoqda". Markaziy Osiyo esa bu ana shu ulkan mintaqa markazidir.

Tadqiqotlar jarayonida otlardan olingan qon namunalarini tashish va buzmasdan saqlash qiyin bo‘lgan. Shu bois ularning yol va yunglari o‘rganilgan. Ko‘p hollarda yunglar Olmoniya va Britaniyaga tekshirish uchun jo‘natilgan.

"Shu paytgacha faqat baytaldan keladigan irsiy xususiyatlar o‘rganilgan" - deydi Vera Varmut - "Biz esa ikki tarafdan - ham baytal, ham ayg‘irdan keladigan irsiy jihatlarni tekshirdik".

Otlar, oriylar va vedalar

Aksar markaziy osiyoliklar ilk otlar o‘z mintaqalarida qo‘lga o‘rgatilganiga shundoq ham qattiq ishonishardi.

Xususan, dunyodagi eng jozibali va nafis otlardan biri - Axaltekin otlari asrlar bo‘yi Turkmanistonda urchitilgan. Oyoqlari uzun, nozik va sarvqomat Axaltekin otlari narxi ba‘zan millionlab dollarga chiqishi aytiladi.

Bu esa Turkmanistonda ot urchitish neqadar qadimiy san‘at ekanligini ham ko‘rsatadi.

Zotan ot bilan bog‘liq uloq va chavgon (polo) kabi o‘yinlarning kelib chiqishi ham Markaziy Osiyoga nisbat beriladi.

Hindiston oriylari aslida hozirgi Turkmanistondan kelib chiqqan, degan nazariyani o‘rgangan Britan jurnalisti Maykl Vud esa turkman otlari borasida bir necha yangi ma‘lumot va farazlarni ham o‘rtaga tashlagan.

"Hindularning qadimiy Veda kitoblarida ot aravalar eslatiladi, ammo u paytda Hindistonda hali otlar qo‘lga o‘rgatilmagan bo‘lgan" - hayron bo‘ladi jurnalist.

Haqiqatning tagiga yetish uchun u Turkmanistonga boradi. Bu yerda esa otlarni urchitish neqadar qadimiy san‘at ekanligiga guvoh bo‘ladi.

Qator ilmiy farazlarga ko‘ra, hozirgi Turkmaniston va O‘zbekiston hududlarida bir necha ming oldin sahrolashish kuchaygach, bu yerdagi mahalliy odamlar hozirgi Hindiston hududlariga ko‘chib o‘tishadi. Markaziy Osiyo oriylari Hindistonga otlarni urchitish san‘ati va ular tasvirlangan diniy kitoblarini ham olib borishgani ehtimolini bor.

Nima bo‘lganda ham, zamonaviy olimlar xonaki otlarning kelib chiqishini endi ikkilanmasdan Markaziy Osiyoga bog‘lay boshlaydilar.

"Mintaqa ahli yovvoyi otlarni qo‘lga o‘rgatishda juda mohir bo‘lishgan" - deydi Vera Varmut - "Markaziy osiyoliklar bundan faxrlanishsa arziydi".