BBC navigation

Turkiya G‘arbga orqa o‘girmoqda yo Samarqand-TV, hojat darsi va hijoblilar

Сўнгги янгиланиш 10 май 2012 - 14:44 GMT

"O‘tgan 90 yillik umrida dunyoviylikka va G‘arbga intilgan Turkiya jumhuriyati bugun ularga orqasini o‘girmoqda. Endi Musulmon dunyosiga qayta yuzlanayapti".

Bu - ko‘plab turklar aytayotgan fikr, Turkiyaga borgan sayyohlar taassuroti. Men bilgan aksar ovro‘pocha va dunyoviy Istanbul, bu safar ko‘proq taqvodor va osiyocha tuyuldi.

Ko‘chalarda har yerda ko‘plab hijobli ayollarni uchratasiz.

"Ilgarilari muslimlar o‘zlarini ko‘p ham ko‘z-ko‘z etishmasdi" - deydi istanbullik tanishim - "Endi Islomchilar hokimiyatda bo‘lgai bois o‘zlarini ancha bemalol his qilishayapti".

"Mana Prezident Gul Britaniyaga borganida, hijobli rafiqasi ularning qirolichasi bilan uchrashdi-ku?"

Turkiyada barcha AK partiya deb ataydigan Adolat va Tiklanish firqasi qudratga kelgan payti yangi Bosh vazir rafiqasining hijobda parlamentga kelishi mamlakatda katta bahs va noroziliklarga sabab bo‘lgandi.

Ro‘moli tufayli jamoat joylari va o‘quv yurtlaridan badarg‘a qilingan talaba qizlar uzoq yillar boshlarini bekitish uchun ro‘mol o‘rnida sun‘iy soch - parik kiyib o‘qishgan.

Bugun manzara ancha farqli.

To‘p-Kapi yoki To‘p-Darvoza saroyi ortidagi Gulxona mavzeida har kuni peshin ovqatini yeganda, mutolaadan chiqib ketayotgan yuzga yaqin hijobli yosh qizlarni ko‘rardik. Bu - hali 10 yil oldingi Istanbul uchun o‘ta g‘ayritabiiy manzaradek ko‘ringan bo‘lurdi. Bugun esa odatiy holat.

"G‘arb fitnasi"ga ishonch

Ildizi Islomga taqaladigan Adolat va Tiklanish partiyasi mana qariyb 10 yilki saylovlarda yutib chiqadi. Qanday qilib har vaqt G‘arbga mahliyo bo‘lib kelgan turklar Islomchilarni saylashmoqda?

"Afg‘oniston ishg‘oli, Iroq urushi ko‘p narsani o‘zgartirdi" - deydi turk tanishim - "Odamlarda G‘arb fitnasi va musulmonlarga qarshi urushayotgani haqida qandaydir kuchli bir ishonch shakllangan".

Bugungi Istanbul ko‘proq islomiy va ko‘proq osiyocha ko‘rinadi

Keyin qo‘shib qo‘yadi:"Mana Turkiya shuncha yildan beri Ovro‘po Ittifoqiga qo‘shilishni istaydi, ammo turli bahonalar bilan saflariga kiritishmaydi. Bizdan ham kambag‘al yo inson haqlari to‘la tiklanmagan ayrim davlatlarni olishayapti-ku? Aslida, Turkiyani musulmon bo‘lgani uchun qabul qilishmaydi".

Bu kabi keskin xulosani Istanbulda ko‘pchilikdan eshitish mumkin. Ba‘zilar ayrim Ovro‘po rahbarlari og‘zidan chiqqan "farqli madaniyat va din amal qiladigan Turkiyani safimizga ololmaymiz" qabilidagi fikrlarni misol qilib keltiradilar.

To‘g‘ri, Turkiya hamon Ovro‘po ittifoqiga qo‘shilish istagidan qaytmasligini aytadi. Ammo amalda bugungi turk hukumati uchun buning ahamiyati katta emasdek.

Anqara Yaqin Sharq va Islom dunyosidagi, Osiyodagi uzoq-yaqin qo‘shnilari bilan aloqalarini yaxshilamoqda.

Bosh Vazir Rajab Toyib Erdo‘g‘on esa Turkiya darvozalarini barcha musulmonga ochamiz, kim istasa, bemalol kelib, vizasiz dam olsin, tomosha qilsin, deb aytgandi.

Deylik, turk vatandoshlari O‘zbekiston vizasini olishda qanchalik qiynalishmasin, O‘zbekiston fuqarolari vizasiz Turkiyaga kelib-keta olishadi.

Janob Erdo‘g‘on xalqaro anjumanlarda Isroilning falastinlar ustidan yurgizayotgan siyosatiga bir necha bor o‘z qarshiligini bildirib chiqdi. Ba‘zilar buni xalqbozlik deydi, ba‘zilar nazdida bu - qahramonlik.

"Iroqni parchalashdi, Afg‘oniston urush girdobida" - deydi G‘ozionteplik taksichi yigit - "Mana endi Eronga yopishib olishgan. Nima, ertaga navbat Turkiyaga keladimi?"

Dunyoviyparast turklar yo talvasada, yo ikkilanishda. Bir tarafda - AQSh boshchiligidagi G‘arbning tajovuzkor siyosati, ikkinchi tarafda norozi va tobora islomiylashayotgan Turkiya.

"Agar G‘arbning musulmon dunyosidagi siyosati o‘zgarmasa, Turkiya vaqti kelib, Erondek bir jamiyatga aylanishi mumkin" - deya xavotirini yashirmaydi yosh so‘lchi turklardan biri - "Atrofga qarang, allaqachon, buning alomatlari yaqqol ko‘rinadi.

Samarqand-TV va hojat darsi

"Men qabila boshlig‘i emas, men Turkiya Jumhuriyati Bosh vaziriman... "

Rajab Toyib Erdo‘g‘on

Mehmonxonada televizor kanallarini ko‘rib tursam, Samarqand-TV chiqib keldi. Markaziy Osiyoga oid yangi kanal ochilibdi, degan xayolga bordim. Qarasam, ko‘proq diniy mavzularda ko‘rsatuvlar tayyorlanarkan.

Bugun Turkiyada Do‘st-TV, Samarqand-TV yo Somon Yo‘li kabi o‘nlab raqamli Islomiy kanallar bor.

Esimda, o‘tgan safar bir turk telekanalida bir necha nafar qiz bir yigitni tanlaydigan jonli ko‘rsatuv namoyish etilardi. Studiyaga bir tomoshabin qo‘ng‘iroq qildi. Boshlovchi unga so‘z berishi bilanoq haligi odam butun ko‘rsatuvni qoralab ketdi.

"Turkiya - musulmon mamlakati. Nima endi, turk qizlari o‘zlarini bozorga solib, bir erkak ustidan talashishlari va buni butun mamlakatga ko‘rsatish qoluvdimi? Turk xalqini ne ko‘yga solayapsiz, bolalarga nima o‘rgatayapsiz?!"

Bugun bu kabi ko‘rsatuvlar keskin kamaygan. Ko‘pincha milliy va diniy an‘analar, xalq musiqasi va yo qadriyatlari haqida dasturlar ishlanadi.

"Hozirgi g‘arbona hojatxonalar noto‘g‘ri ekanligini fan ham isbotladi" - deydi bir kanalda zal to‘la hijobli auditoriya oldiga chiqqan shifokor - "O‘zimizning cho‘nqayib o‘tiradigan hojatxonamizga qaytish kerak".

"Erkaklarning prostatit bezi va ichka xastaliklari yuzaga kelmasligi hamda yosh qizlarda peshob qolib ketmasligi uchun hozirgi hojatxonalarni past qilib qurish va yo ustida teskari o‘tirish kerak" - namoyish etadi shifokor.

Bu kabi islomiy va milliy an‘analarga mos hayot kechirish afzalliklari haqida har kuni yangicha bir chiqishga guvoh bo‘lish mumkin.

Barcha ko‘ra oladigan kanallarda o‘n yil burungi filьmlardagi ochiq sahnalar keskin kamaygan.

Prezident Gul Britaniyada qirolicha bilan uchrashuvga hijobli rafiqasi bilan birga kelgan

Mehmonga borganda "Titanik" filmida Leonardo de Kaprio asboblarini hozirlab, Keyt Uinsletning kiyimsiz aksini tushirishga intilarkan, xonada o‘ynab o‘tirgan bolalar ko‘zi tushmasin, deb boshqaruvchi pultni so‘rayman.

"Bunga hojat yo‘q. Hozir kiyimsiz va jimoga ishora qiladigan sahnalar ko‘rsatilmaydi" - deydi mezbon.

Ko‘plar bundan norozi emas. Ammo xavotirlar ham oz emas.

"Hozir demokratiya yo‘lidan chekinayapmiz, jurnalistlar ko‘p narsani yoza olishmaydi" - deydi jurnalistikadan voz kechgan istanbullik bir tujjor - "Dunyoviyparastligi uchun jazolanayotgan odamlar bor".

Ammo o‘tgan o‘n yil ichida mamlakat jadal oyoqqa turayotgani bois ko‘krak kerayotgan turklar ham ko‘p.

"Ovro‘po ostonasini supurib, inqiroz va siyosiy beqarorlikka erishgandik" - deydi Istanbul bozoridagi pista sotuvchi - "Bugun dunyodagi eng katta 15 iqtisodning bittasi bo‘ldik. G‘arb inqirozdan o‘ziga kelolmayapti, bizda esa jadal o‘sish to‘xtatagin yo‘q".

Turkiya o‘zining G‘arbga qanchalik kerakligini yaxshi biladi va bugun shunga mos tarzda o‘zini tuta boshlagan.

"Men bir qabila boshlig‘i emas, men Turk Jumhuriyati Bosh vaziriman" - degan edi bir xalqaro anjumanda Rajab Toyib Erdo‘g‘on o‘ziga boshqa, Isroil rahbariga boshqa munosabat ko‘rsatilganidan norozi bo‘lib.

Istanbulda esa pista narxini savdolashsam, sotuvchi qo‘shib qo‘yadi.

"Endi bildim buncha savdolashayotganingni! Ovro‘po inqirozda, pullaring kamaygan, hatto bir kilo pista ham olomay qolibsizlar!"

* to'ldirish shart bo'lgan qator

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.