Tojikiston janubida O‘IHning mahalliy "amiri" hibsga olindi

Image copyright BBC World Service
Image caption Oxirgi bir yil ichida Qabodiyonda o‘nlab dindorlar hibsga olingan

Tojikiston janubidagi Xatlon viloyati Ichki Ishlar Boshqarmasiga ko‘ra, tumanda O‘zbekiston Islomiy Harakatining (O‘IH) uch nafar faoli qo‘lga olingan.

Xatlon viloyati IIBdagi manbaning ma‘lum qilishicha, hibsga olinganlarning hammasi Qabodiyon tumanining Qizil Nishon qishlog‘i yashovchilaridir.

Ichki Ishlar Boshqarmasi ma‘lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlardan biri - 39 yashar Zilmurod Eshonxonov O‘IHning Qabodiyondagi "amiri" bo‘lgan.

Birmuncha avval Qabodiyon tuman mahkamasi ushbu tumanning ikki yashovchisi, Ibrohim Qurbonov va Akmal Rashidovni O‘IHga a‘zolikda aybdor deb topib, birini 8,5 yilga va ikkinchisini 9 yilga ozodlikdan mahrum etgandi.

Manbaning xabar berishicha, O‘IH bo‘limi Pokistondan Toojzikistonga O‘IH a‘zosi Baxtiyor Umarovning ekstraditsiya etilishi ortidan oshkor bo‘lgan.

Asli shifokor bo‘lgan Baxtiyor Umarov yaqinda 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi.

26 yashar janob Umarov ham Qabodiyon tumani Qizil Nishon qishlog‘idan bo‘lgan.

Hozirda O‘IHga aloqadorlikda gumon qilingan mazkur qishloqning 10 nafar yashovchisiga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

Ichki Ishlardagi manbaning aytishicha, O‘IHning uch nafar a‘zosi Tolibon harakati bilan ham aloqada bo‘lganlar va Tojikiston fuqarolarini harakatga yollash bilan shug‘ullanganlar.

Afg‘oniston shimoliy va O‘zbekistonning janubiy chegaralariga yaqin joylashgan Qabodiyon rayonida asosan o‘zbeklar yashaydi.