Sendvich sendvichning 250 yilligini bayram qilmoqda

Angliyaning Sendvich shahrida dunyoning ko‘pchilik qismida yaxshi tanish yemak - sendvichning 250 yilligi xos tantanalar bilan nishonlanmoqda.

Tarixiy qaydlarda sendvichning kelib chiqishi Sendvichning to‘rtinchi grafi nomi bilan bog‘lanadi.

Image copyright Getty

Ayon bo‘lishicha, graf Jon Monegyu 1762 yilda do‘stlari bilan karta o‘ynab o‘tirgan mahalida qorni ochib qoladi.

O‘yindan chalg‘imasligi uchun, parraklangan mol go‘shtini ikki bo‘lak non orasiga solib, olib kelishlarini buyuradi.

Bu kabi qo‘lbola yemak grafning do‘stlariga shunchalik yoqib qoladiki, ular har gal karta o‘ynagani kelishganida, "O‘shanday sendvichdan yeylik", deb so‘raydigan bo‘lib qolishadi.

Shu-shu, sendvich atamasi iste‘molga kirib keladi.

Tantanalar

Tantanalar doirasida shu dam olish kunlarida sharqiy Kent shahrida sendvich qilish bo‘yicha musobaqalar uyushtiriladi.

Graf ilk bor sendvich olib kelishlarini buyurgan lahzalar sahnalashtiriladi.

Tantanalar tashkilotchisi Mandi Vilkinsning aytishicha, tadbir dunyoning aksariyat davlatlarida katta qiziqishga sabab bo‘lgan.

"Sendvich butun dunyoga tarqab ketgan bo‘lsa, Sendvich esa, o‘rta asrlarga xos binolar tiqilib ketgan jimitdekkina bir shahar. Shunday bir yemakning kichikkina shaharcha nomi bilan atalishi g‘alati emasmi", deydi u.

Mas‘ullarga ko‘ra, Britaniya sendvich sanoatida hozir 300.000 dan ortiq inson ishlaydi.

Butun sanoatning tujjoriy qiymati esa, 6 milliard funt sterlingdan ortadi.