Urlayeva: "Bo‘lib o‘tgan voqealarda hech kimni ayblamayman. Faoliyatimni esa davom ettiraman"

Image caption Yelena Urlayeva inson huquqlarini himoya qilish faoliyatini davom ettirishini aytadi

O‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari faoli Yelena Urlayeva qirq kunlik muolaja ortidan Toshkentdagi ruhiy kasalxonadan chiqarilgan. U 5 aprelda o‘z oila a‘zolari tomonidan kasalxonaga yotqizilgandi. O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan Yelena Urlayeva 2001 va 2005 yillarda ham ruhiy kasalxonaga majburan yotqizilgan va o‘ziga qarshi kuch bilan psixotrop moddalar berilganini da‘vo qilgandi.

U joriy yil ruhiy shifoxonaga qabul qilinishidan avval Turkiyaga safar qilib, O‘zbekiston muxolifati rahbari Muhammad Solih bilan uchrashgan. Urlayeva xonim BBC bilan suhbatda ana shu safar, Islomni qanday qabul qilgani, ruhiy o‘zgarishlar, muolajasi va maxsus xizmatlar bilan uchrashuvi haqida so‘zlab berdi.

Urlayeva: Bilasizmi, mart oylarida men qattiq asabiy stressni seza boshlagandim. Asablarim juda charchagandi. Chunki maxsus xizmatlar va militsiya deyarli har kuni mening xonadonimga bostirib kirardi, chunki men o‘z uyimda fuqarolarni, musulmonlarni qabul qilardim. Mana shu voqealar mening ruhiy sog‘ligimga ta‘sir qildi. Men martda xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘rab murojaat qildim. Bu mening SOS ishoram edi. Mening murojaatlarimga birinchi bo‘lib Turkiyadan Muhammad Solih javob berdi. Men buning uchun undan juda minnatdorman. U menga Turkiyaga kelib dam olib ketishni va davolanishni taklif qildi va men rozi bo‘ldim, muhitni o‘zgartirish kerak deb o‘yladim. Militsiyaning, erimning urishlaridan charchagandim. Oilam barbod bo‘layotgandi. Shu bilan Turkiyaga ketdim, yomon bir ruhiy holatda. U yerda biroz dam oldim, lekin mening ruhiy holatimga nimadir ta‘sir qildi u yerda, menga Islomni qabul qilishni taklif qilishdi. Va men uni qabul qildim.

BBC: Kim buni sizga taklif qildi?

Urlayeva: Menga buni Muhammad Solih va uning rafiqasi Oydin taklif qildilar. Ular siz shu dinga munosibsiz deyishdi. Men, ha, men har doim musulmonlar uchun qayg‘uraman deb o‘yladim, lekin axir men ko‘proq musulmonlarning huquqlarini himoya qilaman. Lekin, u yerda shunday bo‘ldiki, stress ostida men, mayli, dinni qabul qilaman, nima qilishim kerak deb so‘radim. Namoz o‘qish kerak deyishdi va hokazo, keyin, mana siz endi musulmonsiz deyishdi... Hammasi juda tez bo‘ldi, men aftidan nimaningdir ta‘siri ostida edim. Yomon ta‘sir demoqchi emasman mutlaqo. Balki odamlar menga yordam berishmoqchi edilar, lekin aftidan mening ruhiy holatim bunga tayyor emasdi. Turkiyadan qaytganimdan keyin, haqiqatdan ham, o‘zimni g‘alati his qila boshladim, buni uchoqda ham sezdim. Men to‘xtamay Ollohu Akbar deb xitob qilardim, Bismilliohir rahmonir rahim derdim, suralarni o‘qirdim. Uchoqda ham bir manqurtdek uchib keldim. Turkiyadan qaytgach, odamlar aytishicha, menda telbalik avj olayotgandek bo‘ldi. Musulmonlar tozalikni afzal ko‘radilar degani uchun, men hamma narsani uloqtira boshladim. Qur‘ondan boshqa hech nima bo‘lmasligi kerak, televizor, kitoblar degandek... Menga bu gaplarni yaxshilik qilib aytishgan, men esa butun dunyoni noto‘g‘ri deya qabul qila boshladim...

BBC: Nimalarni uloqtirdingiz? Nimalardan voz kechdingiz?

Urlayeva: Men uy jihozlarini sindirdim. Bizning yaqinimizda prezident qarorgohi joylashgan. Men esa uni, diniy tushunchalardan kelib chiqsak, shayton deb hisoblayman. U men uchun nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda birinchi o‘rinda turadigan yovuzlik ramzi. U yonginamda yashaydi. Men qarorgoh tomonga qarab, "Yo‘qol, shayton" deb hamma narsani uloqtira boshladim. Qo‘limga nima tushsa, idishmi, soatlarmi, hammasini devorga urib chilparchin qildim. Bilasizmi, bu telbalik edi...

BBC: Nima qilayotganingizni anglayotganmidingiz?

Urlayeva: Ha, anglayotgandim, lekin to‘xtashni xohlamasdim. Ruhim juda buzilgandi. Ko‘rsangiz edi, qanday qichqirdim.. Ollohu Akbar deb xitob qilishlarimni eshitib, qo‘shnilarim "hatto musulmonlar ham bu o‘ris Urlayevaga o‘xshab Ollohga sig‘inmaydi" deyishardi. Ovozimdan devorlar titrayotgandi deyishdi. Keyin kasalxonaga tushganimning uchinchi kunida ovozim tiklandi... Turkiyadan 1 aprelda kelgan bo‘lsam, 5 aprelgacha ikki xonadonimizdagi hamma narsani uloqtirdim yo chiqarib tashladim. Tunda oilam uxlab yotganda, hech kimga bildirmasdan, narsalarni axlatga olib chiqib tashlardim. Kunduzlari esa mardikor bolalarni chaqirib, "Bolalar, kelinglar, divan, kreslolarni olib ketinglar" derdim. Ozgina qo‘llariga pul ham berdim... Eng yomoni shuki, inson huquqlari borasida butun umr yiqqan va men uchun juda qadrli bo‘lgan barcha kitoblarimni, barcha mukofotlarimni axlatga olib chiqib tashladim. 5 aprelda ahvolim judo yomonlashdi, hamkasblarim menga kecha aytishlaricha, men ularni o‘z oldimga qo‘ymabman, men ularga "musulmon qoidalariga binoan, ersiz kelmanglar" degan be‘mani gaplarni aytganmishman...

BBC: Lekin hozir o‘zingizni musulmon hisoblamaysiz, shundaymi?

Urlayeva: Yo‘q, hisoblamayman. Men diniy fanat emasman. Men o‘z ruhim va aqlim bilan inson huquqlari himoyachisiman. Men musulmonlar, nasroniylar, odamlar, fuqarolar, umuman, hammaning huquqlarini himoya qilishni istayman. Lekin, men dinga berilmaganman. Bilmadim, qandaydir, ta‘sir ostiga tushgandirman.

BBC: Ta‘sir deyapsiz. Qanday ta‘sir u, qanday qilib siz Islom dinini qabul qildingiz?

Image caption Urlayeva xonim ruhiy shifoxonadagi muolajadan minnatdor

Urlayeva: Ular menga "Islomni qabul qilishga tayyormisiz, bu eng sof, eng yangi e‘tiqod" deyishdi. Hamma yaxshi tomonlarini aytishdi. Men o‘zim ham Islom haqida o‘qiganman, bilardim yaxshi tomonlarini. Ha, bu din insoniyatga yaxshilik olib keladi, lekin, bilasizmi, men huquqbonman. Bu kabi fanatizmga kirmasligim kerak edi. "Mayli, Islom dinini qabul qilishga roziman" dedim. Biz Muhammad Solihning uyida edik, uning ayoli Oydin, "Elena, siz munosibsiz, bugundan boshlab barcha gunohlaringizdan kechiladi" dedi. Men qanday sig‘inishim kerakligi, ismim nima bo‘lishi kerakligi haqida so‘raganimda, ular menga ikkita ismni taklif qilishganini, Avliyo Sofiya va Mariyani aytishdi. Chunki, biz Turkiyada turli masjidlarga bordik, Avliyo Sofiya masjidiga ham bordik. Menga Mariya ko‘proq ma‘qul tushdi, chunki qo‘lida chaqalog‘i bor Mariyaga o‘xshab, men ham bolalarni yaxshi ko‘raman. Shunday qilib, Mariya bo‘lasiz deyishdi, bo‘ldi. "Besh vaqt namoz o‘qiysiz" deb, Oydin menga vaqtlarini yozib berdi. Namoz o‘qishni o‘rgatishdi, tarjima qilib berishdi. Makka tomonga qarab o‘qishlarimni aytishdi... Shu bilan besh kun juda tez o‘tdi va men O‘zbekistonga qaytdim.

BBC: Siz o‘zingizga qandaydir giyohlar berilganini aytib shikoyat qilgan ekansiz. Shu to‘g‘rimi?

Urlayeva: Ha, bu to‘g‘ri. Lekin, bilasizmi, ochig‘ini aytaman, men Muhammad Solih yoki uning ayoli kimligini bilmasdim. Muxolifatchi ekanini bilardim, xolos. Uchib borganimda, Oydin menga tabib ekanini aytdi. Bu haqiqat ekaniga o‘zim guvoh bo‘ldim, chunki uning oldiga odamlar kelishardi, giyohlar bilan davolanib, rahmatlar aytayotganlarini ko‘rdim. U xalq tabibi. U menga buyraklarim kasal ekanini aytdi. To‘g‘ri, buyraklarim va yuragim kasal dedim. U keyin menga yer rangidagi kukun dori solingan to‘rtta idish dori berdi. Yarim litrlik bankalarda hech nima yozilmagandi. Kuniga ikki marta, bir choyqoshiqdan ichasiz degandan keyin, ichib boshladim. Ular nimadan qilinganini so‘ramadim ham, vaqt ham yo‘q edi, men odamlarga ishonaman. Shunday o‘zaro ishonch bilan hayrlashdik. Bu odamlar menga juda yoqdi, endi bu yerda o‘tirib "Muhammad Solih va xotini shunday yomon odamlar ekan" demoqchi emasman hech ham. Ular menga juda yoqishdi. Ular haqiqatdan ham aftidan toza odamlar, lekin bu menga uncha to‘g‘ri kelmagandir... Bergan hamma dorilarini qabul qildim. Lekin, uyga qaytganimdan keyin gipnozga tushib qolgandek edim, meni to‘xtatib bo‘lmasdi. Sovet davrlarida ommaviy tarzda zallarda odamlarni gipnoz qilishardi, men ham o‘shanda gipnozga tushgandim. Tushmaganlar esa ustimizdan kulishgandi. Ba‘zilar menga aytishgandi o‘shanda, "gipnozga oson tushadigan odamlar, birovning ta‘siri ostiga oson tushadi" deb... O‘g‘lim, erim, huquqbonlar ruhiy kasalxonaga murojaat qilib, to‘g‘ri qilishdi deb o‘ylayman. Chunki, kasalxonada bir narsaga guvoh bo‘ldim. Agar ruhi buzilgan odamlar vaqtida ortga qaytarilmasa, ular butkul aqlidan ozar ekan. Meni esa saqlab qolishdi.

BBC: Kasalxonada qanday davolashdi sizni?

Urlayeva: Meni birinchi kun olib kelishganida, juda charchagandim, ikki kun ko‘zimni ochmadim. Lekin, savollar so‘rashganda, aftidan ost ongimdan hamma javoblarni berdim. U yerda meni, eslayman, temir karavotga qattiq bog‘lab qo‘yishdi. Ko‘kraklarim, qo‘llarim ezilib ketdi. Juda noinsoniy munosabat edi. Men "nafas ololmayapman, sal bo‘shatinglar" dedim, lekin uzoq vaqtga shunday qoldirishdi. Ikki marta hushimdan ketib, yana o‘zimga qaytdim. Qandaydir qora tunel ko‘zim o‘ngida paydo bo‘ldi, men unga kirib chiqdim. Miyam ishlayotgandi, o‘zim sal kamarlarni bo‘shatishga urinardim. Ertasiga kamarlarni yechishdi, lekin butun tanam shishib ketgandi. Oyoqlarim, qo‘llarim, ko‘kragim ko‘karib qolgandi. Ular mendan qon olishdi, va qo‘limga ukol urishdi, lekin keyinroq buni rad qilishdi. Ertasiga mahkama bo‘ldi, va meni majburan davolashga qaror chiqarildi. Shundan keyin muolaja boshlandi. Undan keyingi muolaja borasida shikoyat qilmoqchi emasman, psixotrop ukollar qilishdi, kuniga uch marta besh tabletkadan ichirishdi, ular juda kuchli dorilar edi. Faqat uxlardim, meni faqat tushlik ovqatga uyg‘otishardi. Qirq kun shunday tormoz holatida bo‘ldim. Bir tomondan, men ruhiy kasalxonadan minnatdorman, chunki ular meni shu holatdan chiqarishdi. Lekin, ilk kunlari meni tinchlantirish o‘rniga zo‘ravonlik qildilar.

BBC: Siz O‘zbekiston maxsus xizmatlari bilan uchrashdingizmi? Ya‘ni ular sizning Turkiyaga safaringiz borasida bilishni istadilarmi?

Urlayeva: Ha, buni sezdim. Lekin, ular o‘zlarini maxsus xizmatlar deb tanishtirmadilar. Kasalxonaga tushganimning ertasi shifokorlar men chaqirtirib, holimni so‘radilar. Yig‘indagi hammani ruhiy shifokorlar deyishdi, lekin menga yaqqol namoyon bo‘lgan narsa, ba‘zilari kostyum-shimlardagi maxsus xizmatlar xodimlari edi. Ular menga tibbiyotga aloqasi bo‘lmagan, siyosiy ruhdagi savollarni berishdi, "Turkiyada kim bilan uchrashdingiz, buning xalqaro terrorchilikka aloqasi bormi, Islomni qanday qabul qildingiz?" qabilidagi savollarni so‘rashdi. Yashirincha yozuv apparatlarini ham ko‘rdim, yozib olishayotgandi. Men bilganimcha javob berdim. Sezganim shuki, elektron pochtamdagi tafsilotlarni ular bilib olishgandi, va o‘sha tafsilotlarga aloqasi bor savollarni berishardi... Keyin bunday uchrashuv takrorlanmadi, shifokor meni kasalxonadan chiqarishdan avval uchrashib, ahvolim yaxshi ekanini aytdi...

BBC: Demak, siz ruhiy kasalxonaga tushib qolishingiz uchun Muhammad Solih va uning rafiqasini ayblamaysiz, shundaymi?

Image copyright BBC World Service
Image caption Urlayeva xonim iyun oyida Jenevada O‘zbekistondagi majburiy bolalar mehnati borasida ishlab chiqqan hisobotini taqdim etishni rejalayotganini aytadi.

Urlayeva: Yo‘q, mutlaqo ayblamayman. Yagona aytmoqchi bo‘lganim, ruhiy holatim Islomni qabul qilishga yoki boshqa jiddiy o‘zgarishlarga tayyor emasdi. Men hatto Turkiyaga ketayotganimda ham kasal edim. Muhammad Solihga o‘shanda yozgandim "Chipta sotib olishga chiqishga ham uyalayapman, erimning urishi, militsiyaning sudrashlaridan yuzlarim ko‘kargan, Turkiyaga borishga uyalayapman" degandim. Bu safarga chiqqanimda ham sog‘lom emasdim. Keyin, u yoqdagi voqealar ham biroz ta‘sir qildi. Lekin, men Muhammad Solihning aqliga, uning naqadar faol muxolifatchi ekaniga qoyil qoldim. Men bunday odamlar bilan tanishganimdan juda xursandman.

BBC: Endi nima qilmoqchisiz? Rejalaringiz qanday?

Urlayeva: Hozircha, masalan, internetda nimalar yozilayotganini hali o‘qiy olmadim. Men uchta hisobot tayyorlayotgandim. Ulardan biri majburiy bolalar mehnati haqida bo‘lib, uni BMT 2013 yil yanvarida ko‘rib chiqishi kutiladi. Iyun oyida Jenevada bo‘lib o‘tadigan tayyorgarlik sessiyasiga borishim kerak edi. Endi hozir men aqlimni bir joyga yig‘ib olib, sog‘ligimni tiklashim kerak, chunki men bu doklad bilan chiqishim shart deb bilaman. 2007 yildan beri jamoamiz bilan majburiy bolalar mehnatini kuzatib kelamiz va katta material yiqqanmiz. Yaxshiyam ularni BMTga jo‘natib ulgurgan ekanman. Undan tashqari, Qirg‘izistondan kelgan qochqinlar, qiynoqlar, ayollarga qarshi zo‘ravonliklar borasida hisobotlar tayyorlaganman. Jenevaga borsam, hammasini bir tartibga tushiraman deb o‘ylayapman.

BBC: Lekin, boshingizdan kechirgan hodisalardan keyin ham huquq himoyachisi faoliyatini davom ettirishim kerak deb o‘ylaysizmi? Yo biroz dam olishingiz uchun vaqt kerak degan fikrdamisiz?

Urlayeva: Dam olib oldim. Kecha 13 may edi, sizga ma‘lum. Butun vujudim, ruhim bilan Andijonda edim. Jasorat yodgorligiga chiqib, an‘anaviy tarzda gulchambar qo‘ymoqchi edim. Lekin, sog‘ligim yo‘l qo‘ymadi. Keyin erim "Yur, baliq ovlashga hech bo‘lmasa olib boray" deb, Anxorga olib chiqdi va daryo bo‘yida biroz dam oldik. Menimcha, shu dam olish menga yetadi. Bilasizmi, men huquqni himoya qilish faoliyati bilan kasallanganman, buni davom ettirishni xohlayman, odamlarni, ishimni juda sog‘indim. Afsuski, hozir uyimda kitoblarim, yo‘llanmalar qolmadi, lekin internetda olib boraman.

BBC: Biroq, sizning yaqin kunlardagi beqaror ruhiy holatingizni hisobga olgan holda, sizning dokladlaringiz va hisobotlaringizni qanday qilib jiddiy qabul qilish mumkin?

Urlayeva: Bilasizmi, huquqni himoya qilish sohasida ishlamagan odamlar uchun meni tushunish qiyin bo‘ladi, buni bilaman. Biz, O‘zbekiston huquq himoyachilari, bu repressiv rejimda, mana shu sharoitlarda ishlayotgan ekanmiz, bizni haqiqatdan ham telba deb qabul qilishlari mumkin. Kecha mana oldimga hamkasblarim kelishdi, ulardan biri Adelaida Kim aytayapti, "Elena, bu yana qancha davom etadi, mana qizimga ham tazyiq o‘tkaza boshlashdi" deb. Axir biz temir odamlar emasmiz, biz robotlar emasmiz. Bularning hammasi sog‘ligimizga ta‘sir qiladi. Agar mening dokladlarim va hisobotlarim O‘zbekistondagi vaziyatni aks ettiradi deyishsa, shularga qarashsin. Meni shu ishim orqali qabul qilishsin. Bu kabi bosimlardan har kimning ruhiy holati izdan chiqishi mumkin. Lekin, toqat qilamiz, hech qayerga ketmaymiz. Oxirgi kuchimiz bilan bardosh beramiz, bu O‘zbekistonda qiyin bo‘lsa ham. Mening oldimga muslimalar yig‘lab keladi, ularning ko‘z yoshlarini ko‘raman. Oldimga musulmon erkaklar kelmaydi, ularni qamab tashlashgan. Bu ersiz qolgan muslimalarni esa besh vaqt namoz o‘qigani uchun tamg‘alab qo‘yishgan, ular menga kelib yig‘lashadi. Qanday qilib ruhim buzilmasin? Qanday qilib yordam bermay? Huquqshunos uyoqda tursin, har kimning ham ruhiy holati izdan chiqadi. Men ishimni davom ettiraman. Chet elga chiqib ketishni taklif qilishayapti, lekin men ketmayman. Butkul aqlimdan ozmaslik uchun, sal o‘zimni tiyib, muvozanat bilan hozircha ish olib bormoqchiman, lekin to‘xtatish niyatim yo‘q. Men inson huquqlari himoyachisiman.