Andijon qirg‘ini: "Ovro‘po Ittifoqi o‘z majburiyatlariga xiyonat qildi"

"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistondagi inson huquqlarining ayanchli ahvoli manzarasida Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqini prezident Karimov hukumati bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Andijon xunrezligining 7 yilligi arafasida chiqargan bayonotida tashkilot AQSh va Ovro‘po Ittifoqi hanuz Andijon qirg‘ini uchun O‘zbekiston hukumatidan hisob so‘ramayotganidan taassuf bildirgan.

Tashkilotning O‘zbekiston bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlouning BBCga aytishicha, prezident Karimov boshchiligida Andijondagi qirg‘in uchun mas‘ul o‘zbek mulozimlarini javobgarlikka tortish uchun dalillar yetarlidir.

"Birlashgan Millatlarninng Qiynoqlar bo‘yicha sobiq ma‘ruzachisi Teo Van Boven yaqinda Berlinda o‘tgan anjumanda prezident Karimovni Andijonda sodir etilgan qotilliklar va qiynoqlar uchun insoniyatga qarshi jinoyatda ayblab, mahkamaga tortishga yetarli huquqiy asos va dalillar mavjud, deb o‘ylashini aytdi. O‘zbekiston totalitar davlat va barcha qarorlar prezident Karimov tomonidan qabul qilinadi. Shuning uchun ham, Andijondagi qirg‘in uchun asosiy javobgar prezident Karimovdir", - deydi Stiv Sverdlou.

2006 yilda Olmoniya Federal prokurori o‘sha paytda Olmoniyaga davolanish uchun borgan O‘zbekistonning sobiq Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatovga qarshi jinoyat ishi ochishdan bosh tortgan.

Andijondagi qirg‘inning nomi oshkor etilmagan 8 nafar qurbonlari olmon rasmiylaridan janob Almatovni hibsga olishni so‘ragan edilar.

Ammo olmon prokurori O‘zbekistonning sobiq Ichki ishlar vazirini hibsga olish uchun yetarli dalillar yo‘qligini aytgan.

Stiv Sverdlouga ko‘ra, bu Ovro‘po hukumatlari uchun bir sinov bo‘lgan edi.

"Almatovning ishi juda muhim edi. Yodingizda bo‘lsa, Andijon voqealaridan ko‘p o‘tmay, Ovro‘po Ittifoqi bu voqealar uchun mas‘ul, deb ko‘rilgan 12 nafar O‘zbekiston hukumati mulozimlarining Ovro‘poga kirishiga taqiq qo‘ygan edi. Bu ro‘yxatning boshidagi odamlardan biri Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov edi. Uning jazo choralari kiritilishi bilanoq Olmoniyaga tashrif buyurishi olmon hukumati Andijon voqealari borasida egallagan zaif mavqe‘ni ko‘rsatdi. Janob Almatovni hibsga olishni so‘raganlar Andijondagi namoyishlardan so‘ng qiynoqqa tutilgan andijonliklar edi. Ular Almatovni insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblaganlar. Ammo olmon prokurori Almatov Olmoniyani tark etib bo‘ldi, degan vaj bilan uni tergov qilishdan bosh tortdi. Bu bilan Olmoniya O‘zbekistondagi inson huquqlarining ahvoli bilan unchalik ham ishi yo‘qligini namoyish qildi", deydi Stiv Sverdlou.

"Human Rights Watch"ga ko‘ra, O‘zbekistonning hamkorlari Andijon voqealaridan buyon o‘tgan yetti yil mobaynida inson huquqlari ahvolining yanada yomonlashganini tan olishlari kerak.

2005 yilning 13 may kuni Andijonda asosan qurolsiz namoyishchilar o‘zbek hukumat kuchlari tomonidan avvaldan ogohlantirilmagan holda va yoppasiga qirilgan.

O‘zbekiston hukumati hodisalarda islomiy jangarilarni ayblab, 100 dan ortiq qishini uzoq yillik qamoq jazolariga mahkum etgan.

O‘zbek hukumati mulozimlaridan hech kim javobgarlikka tortilmagan.

"Human Rights Watch"ning ta‘kidlashicha, O‘zbekiston hukumati Andijon qirg‘ini shohidlarini ta‘qib qilishni hanuzgacha to‘xtatgan emas.

Tashkilot O‘zbekistondagi inson huquqlarining ayanchli ahvoli manzarasida Ovro‘po Ittifoqi va AQShning O‘zbek hukumati bilan yaqin aloqalarini tanqid ostiga olgan.

"Human Rights Watch"ga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi O‘zbekiston hukumati bilan muloqotning sharti sifatida undan Ittifoqning jazo choralarida ko‘zda tutilgan majburiyatlarni bajarishni talab qilishi kerak.

Inson huquqlari guruhi AQSh Davlat kotibasi Hillari Klintonning o‘tgan yili O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida "O‘zbekistonda inson huquqlari yaxshilanayotganining belgilari bor", deya bergan bayonotini qoralagan.

"Human Rights Watch"ning aytishicha, bu kabi bayonotlar ishonarli emas.

Tashkilotga ko‘ra, G‘arb tomonidan bu kabi asossiz bayonotlar emas, balki aniq oqibatlarni nazarda tutuvchi ma‘nili siyosatgina O‘zbekistondagi inson huquqlarining ahvolini yaxshilashga xizmat qilishi mumkin.

"Human Rights Watch" O‘zbekistonning G‘arb bilan munosabatlari amalda normallashganiga qaramay, mamlakatdagi inson huquqlarining ahvoli o‘zgarishsiz qolayotgani va O‘zbekiston hukumatida bu ahvolni yaxshilashga qaratilgan siyosiy irodani ko‘rmayotganini ta‘kidlagan.

Andijon xunrezligining navbatdagi sanasi arafasida chiqarilgan bayonotda Londonda joylashgan Xalqaro Amnistiya tashkiloti ham Ovro‘po Ittifoqini O‘zbekistonga nisbatan ohangini yumshatish bilan inson huquqlari borasidagi majburiyatlariga xiyonat qilganlikda ayblagan.

O‘zbekiston hukumati Andijonda aksariyati qurolli islomiy jangarilardan iborat bo‘lgan 187 kishining o‘lganini da‘vo qiladi.

Prezident Karimov voqealar yuzasidan xalqaro tekshiruv o‘tkazish haqidagi talablarni rad etgan.