"O‘zbekiston hukumati majburiy bolalar mehnatini hamon davom ettirayapti"

O‘zbekistondagi Ekspert Ishchi guruhi aniqlashicha, hukumatning mamlakatda majburiy bolalar mehnatiga chek qo‘yish yo‘lida choralar ko‘rayotgani haqidagi bayonotlariga qaramasdan, may oyi boshidan buyon voyaga yetmaganlar g‘o‘za chopig‘i va yaganasiga chiqarilmoqdalar.

Ekspert Ishchi guruhi bolalar va byudjet tashkilotlari xodimlarining bahorgi dala ishlariga jalb etilayotganlari butun respublika bo‘yicha kuzatilayotganini xabar qiladi, biroq hozircha guruh Buxoro, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasi bo‘yicha aniq ma‘lumotlarni qo‘lga kiritgan.

Barcha viloyatlarda voyaga yetmaganlar dushanba va juma kunlari tushki soat 1 dan kechki soat 6 gacha, shanba-yakshanba kunlari ertalabki soat 9 dan soat 6 gacha bahorgi dala yumushlariga jalb etilmoqdalar.

Mahalliy rahbarlar bu safarbarlikni dalaga chiqayotganlarning "ixtiyoriy hashari" sifatida taqdim etishga urinmoqdalar.

Ekspert Ishchi guruhiga ko‘ra, arzimas haq to‘lanadigan ushbu mavsumiy dala ishlarida ishlashdan ko‘pchilik manfaatdor emas va ishga yaroqli aholining aksar qismi xorijiy mehnat muhojirligini afzal bilib chiqib ketgan.

Natijada O‘zbekiston hukumati maorif muassasalarining o‘quvchi va talabalarini, davlat byudjetidan maosh oladigan idora va tashkilotlarning xodimlarini tekin ish kuchi o‘rnida safarbar etishni ma‘qul ko‘rmoqda.

Ekspert Ishchi guruhiga ko‘ra, o‘toq va chopiqqa jalb etilgan o‘rta maktab o‘quvchilarining yoshlari 13-16 da, litsey va kollejlar o‘quvchilarining yoshi 16-18 dadir.

Bolalar dalalarga piyoda borishayapti, yeguliklarini uylaridan olib kelishmoqda.

Ekspert Ishchi guruhi O‘zbekiston hukumatining majburiy bolalar mehnatini bartaraf etish maqsadida bir necha hujjatni qabul, xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilganini xalqaro bosimlarning natijasi deb hisoblaydi, biroq so‘nggi vaziyat hukumat bu amaliyotdan to‘la voz kechish istagida emasligini ko‘rsatadi.

Paxta O‘zbekiston g‘aznasiga valyuta tushiradigan asosiy xomashyo hisoblanadi, biroq bu xomashyoni imkon qadar arzon tannarxda qo‘lga kiritishni istagan hukumat SSSR zamonidagi ommaviy safarbarlikni saqlab qolayapti.

Shuning uchun ham o‘zbekistonlik fermerlar nima ekish va qanchaga sotish masalalarida erksiz bo‘lib qolmoqdalar.

Paxta yetishtirish O‘zbekistondan tashqari qo‘shni barcha respublikalarda daromadli biznesga aylanib ulgurgan, ushbu holat O‘zbekistonda terilgan paxtani qo‘shni mamlakatlarga kontrabanda qilinishiga ham olib kelmoqda.

Sho‘rolar davridagidan farqli ravishda O‘zbekiston paxtasining chetga valyutaga sotilishidan O‘zbekiston siyosiy elitasining uch-to‘rt oilasi daromad ko‘rmoqda, deb ko‘riladi.