O‘zbekistonning sobiq madaniyat vaziri o‘ldirilgan

Image caption Anvar Jabborov O‘zbekistonda qator yuqori lavozimli vazifalarda ishlagandi.

Toshkent huquq-tartibot organlariga ko‘ra, O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligini bir necha yil boshqargan Anvar Jabborov vahshiylarcha o‘ldirilgan.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Toshkent shahridagi binolardan birining yerto‘lasida vahshiylarcha o‘ldirilgan Anvar Jabborovning jasadi qotillik sodir etilganidan 3 kun o‘tgandan keyin topilgan.

Toshkent militsiyasi qotillikda gumon qilingan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar qilgan.

Anvar Jabborovning dafn marosimi 13 may kuni bo‘lib o‘tgan.

Anvar Jabborov O‘zbekiston Xalq shoiri Jumaniyoz Jabborovning o‘g‘li edi.

Mutaxassisligi bo‘yicha adabiyotshunos bo‘lgan 55 yoshli Anvar Jabborov O‘zbekistonda qator yuqori lavozimli vazifalarda ishlagandi.

U O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillaridan hukumatning fan va ta‘lim uchun mas‘ul bo‘limida ishlagan.

Anvar Jabborov "O‘zbeknavo" estrada-kontsert birlashmasini barpo etish tepasida turgan insonlardan biri edi va bir necha yil davomida u birlashmaga rahbarlik qildi.

2009 yilda O‘zbekiston prezidentining farmoniga binoan, u Madaniyat va sport ishlari vaziri etib tayinlangan.

Vazir lavozimidan 2011 yilda ozod etilganidan buyon Anvar Jabborov "O‘zbekmuzey" jamg‘armasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Ko‘pchilik Anvar Jabborovni "yumshoq inson" deb ta‘riflardi, u bilan qariyb tengdosh va yoshlik yillarida hozirgi Alisher Navoiy nomidagi, Sho‘rolar davridagi Pushkin nomidagi til va adabiyot institutida birga ishlagan jurnalist va adabiyotshunos Botir Norboy marhumni "demokratik qarashdagi ziyoli edi", deydi.

"Bunaqa rahbarlar kam bo‘ladi. Menimcha, Madaniyat vazirligini boshqarganda birovning burnini qonatmagan Anvarbek. Anvar Jabborovning joyi jannatdan bo‘lsin", deydi Botir Norboy.