Eronda yadrofizikning o‘limida ayblangan shaxs qatl qilingan

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘limga hukm qilingan Majid Jamol o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan olgan, muxolifat esa olimning o‘limida hukumatni ayblagan.

Tehronda bundan ikki yil oldin yadrofizik olimni o‘ldirishda ayblangan kishi osib o‘ldirilgan.

2010 yil yanvarida uyi oldida bomba portlatilishi oqibatida halok bo‘lgan professor Ma‘sud Ali Muhammadining qotili deb 24 yoshli Majid Jamol Fashi hibsga olinadi.

Majid Jamol Fashi Isroil razvedkasiga ham ishlaganlikda, atomchi olimni o‘ldirish uchun 120 ming AQSh dollari olganlikda ayblangan.

Isroil bu ma‘lumotlarni izohlamagan.

Professor Muhammadi Tehron universitetida fizikadan saboq bergan.

Undan tashqari Eronda atom sohasi bilan shug‘ullanayotgan yana olti olim o‘ldirilgan.

Eron bu qotilliklarda o‘zining atom loyihalarini barbod qilishga urinayotgan Isroil va Amerikani ayblagan.

Bu ikki mamlakat Eron atom quroli yaratish uchun harakat qilayotganini aytib keladi.

Rasmiy Tehron bu loyihalar faqat tinchlik maqsadlarini ko‘zlaganini aytib, bu ayblovlarni rad qilgan.

O‘limga hukm qilingan Majid Jamol 2011 yil avgustida Eron televideniyesida qilgan murojaatida professorni o‘ldirganini tan olgan va ma‘lumotlar yig‘ish operatsiyalarida qanday qatnashganini gapirib bergan.

Biroq Eron muxolifati o‘zining tarafdori bo‘lgan professor Muhammadining o‘limida hukumatning o‘zini ayblagan.