Minglab falastinliklar "Naqba" yoki Fojea kunini nishonlaganlar

Image caption Yuzlab kishilar dushanba kuni Tel-Aviv universitetining oldida "Naqba kuni"ni nishonlash uchun yig‘ilishgan

14 may - Isroil davlati bapro etilgani e‘lon qilingan kun, buning oqibatida minglab falastinliklar o‘zlarining yashab turgan uylaridan ajralgan edilar.

Falastinliklar bu tarixiy kunni yurishlar bilan nishonlaganlar.

Muxbirlarga ko‘ra, yurishlar Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslarning ochlik amaliyotini to‘xtatganlariga ham bag‘ishlangan.

Falastinlik mahbuslar Isroil ta‘biricha, qamoqxonada turib "terrorchilik faoliyat"ini muvofiqlashtirib turishdan voz kechishlariga evaziga Isroil mahkamasiz va ayblov e‘lon qilmasdan turib biror kishini hibsda ushlab turish siyosatini qo‘llamaslikka rozi bo‘lgan.

Yuzlab kishilar dushanba kuni Tel-Aviv universitetining oldida "Naqba kuni"ni nishonlash uchun yig‘ilishgan.

Ayni paytda, marosimni tarqatish uchun maydonga ikki yuzga yaqin o‘ng qanot faollari yetib kelishgan.

Namoyish ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketishiga oz qolgan.

Politsiya yig‘ilganlarni tarqatishga uringan, bir necha kishi hibsga olingan.

"Mamlakatimiz odamlari orasida yahudiylarni yo‘qolib ketmaganiga afsuslanadigan kishilar borligi juda ham yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat", - deb aytgan "Milliy birlik" diniy partiyasining deputati Are Eldad. U namoyishchilarga qarshi o‘laroq yahudiy davlatining barhayotligi uchun qadah ko‘targan.

Universitet rahbariyati esa, namoyishga erkin so‘z aytish huquqining ajralmas qismi sifatida qarash kerakligini aytgan.

Isroil qamoqxonalarida ochlikni to‘xtatgan 1500 ga yaqin mahbuslarning talablari ham inobatga olingan.

Ikki oy davom etgan ochlik tufayli yuz berishi mumkin bo‘lgan o‘lim falastinliklar orasida yangi zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishidan xavotirlar paydo bo‘lgan.

Isroil qamoqxonasi rasmiylari Misr va Iordaniya vositachiligida erishilgan kelishuvni tasdiqlaganlar.

Falastin rahbari Mahmud Abbosning rasmiy so‘rovidan keyin bir kelishuvga kelingan.

Kelishuv qog‘oziga ko‘ra, 300 dan ortiq falastinlik mahbuslar noyabr oyigacha ozod etiladi.

Falastin rasmiylari oldinroq hibsga olishlarni qoralashgan va bu masalani BMTda ko‘tarishni aytishgan.

Mahbuslar uzoq vaqt alohida xonalarda saqlanganlari va yaqinlari bilan uchrashishga ruxsat berilmasligidan shikoyat qilishgan.

Isroil vakili G‘azo bo‘lgasidan bo‘lgan mahbuslarga ko‘proq uchrashuv vaqti ajratilishini bildirgan, lekin Isroil falastinliklar uchun alohida kameralarni tugatishga kelishganini rad qilgan.

4500 dan ortiq falastinlik mahbuslar qurollangan falastin guruhlariga a‘zolikda ayblanib hibsda ushlab turilibdi.

G‘azo va G‘arbiy sohil aholisi ularni milliy qahramon deb biladi va birdamlik belgisi sifatida namoyishlar o‘tkazib keladi.