Ratko Mladich ustidan mahkama boshlandi

Hagadagi sobiq Yugoslaviya bo‘yicha Xalqaro Tribunalda Bosniya serb armiyasining generali Ratko Mladich ustidan mahkama boshlangan. Mladich insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

U 1995 yilda Srebrenitsa qishlog‘ida 8 mingga yaqin musulmon erkak va bolalarni o‘ldirganlikda gumon qilinadi.

Prokurorlar Mladichni, shuningdek, 10 ming odamning o‘limiga olib kelgan Sarayevo shahri qamalini muvofiqlashtirganlikda ham ayblaydilar.

69 yoshli sobiq general 16 yil davomida xalqaro tribunaldan yashirinib yurganidan so‘ng, o‘tgan yil mayida serb maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olingan va Haga tribunaliga topshirilgandi.

Hagadagi BBC muxbirining aytishicha, Srebrenitsa hamda Sarayevoda sodir etilgan jinoyatlar Ikkinchi Jahon urushidan keyin Ovro‘poda sodir etilgan eng jiddiy harbiy jinoyatlar hisoblanadi.

Mladich o‘ziga qarshi ilgari surilgan ayblarni "mudhish" deb atagan.

Haga tribunali Mladich aybini tanolmaganini aytgan.

Mahkamaning birinchi majlisida to‘q kulrang kostyum kiyib olgan sobiq general tribunal hakamlarini qarsak chalib, istehzoli olqishlagan va ularga qaraba ko‘rsatkich barmog‘ini baland ko‘targan.

Prokuror Dermot Grum o‘z chiqishini Mladichga qo‘yilgan jinoyatlar haqida hikoya qiluvchi video namoyishi bilan boshladi.

Qoralovchi bundan to‘rt kun avval ratko Mladich boshqargan harbiy okrugning tuzilganiga roppa-rosa 20 yil to‘lganini eslatib, bu sanani "qayg‘uli yubiley" deb ta‘rifladi.

"Shundan buyon Mladich jiddiy jinoyatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etgan", - dedi prokuror.

Prokurorning aytishicha, Mladich jinsiy zo‘ravonlikdan urush qurli sifatida foydalangan.

"Jinsiy zo‘ravonlik yo‘li bilan sodirr etilgan jinoyatlar Bosniyadagi etnik tozalashlarning ajralmas bir qismi bo‘lgan. Asosan ayollar, shu bilan birga erkaklar ham bu kabi dahshatli jinoyat nishoni bo‘lganlar", dedi Xaga tribunal prokurori.

Mahkama jarayonida Mladich bir necha marta hakamning so‘zini bo‘lib, luqmalar tashlab turdi.

O‘tgan yili hakamning kimligini tasdiqlash haqidagi so‘roviga javoban u "Mening kimligimni butun dunyo biladi!" deb hezlangan edi.

"Men general Ratko Mladich. Men o‘z xalqimni, mamlakatimni himoya qilganman... hozir o‘zimni himoya qilayapman", - degan Mladich.

Ko‘pchilik 69 yoshli Mladich mahkamaning oxirigacha yetib bormasligi mumkin, degan xavotirda.

U bir necha marta sog‘ligidan shikoyat qilgan.

Prokurorlarga ko‘ra, jinoiy dalillarni taqdim qilish uchun 200 soat vaqt kerak, ja‘mi 400ga yaqin guvohlarning ko‘rsatmalari tinglanadi.

2006 yilda Yugoslaviyaning sobik prezidenti Slobodan Miloshevich Hagada tutqunlikda vafot etgan edi.