Blatter: "Islom Karimovdek futbolsevar davlat rahbarini ko‘rmaganman"

Image copyright BBC World Service

FIFA Prezidenti Zepp Blatter O‘zbekiston rahbari bilan uchrashuvi ortidan Islom Karimovdek futbolsevar davlat rahbarini ko‘rmaganligini aytgan.

Janob Blatter O‘zbekistonga ikki kunlik safarining so‘nggida, kecha chorshanba kuni prezident Karimov qabulida bo‘lgandi.

"Islom Karimovdek futbolni sevadigan, uning kabi futbolni zamonaviy tendentsiya va tahlil asosida biladigan davlat rahbarini ko‘rmaganman. U haqiqiy futbolsevar va aytishim kerakki, milliy futbol rivojini o‘ylaydigan inson", deb aytgan FIFA rahbari.

Zepp Blatterning safari FIFAning O‘zbekistondan 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida shu yilga rejalangan Jahon chempionatiga mezbonlik huquqining olib qo‘yilishi va Tojikiston bilan 2014 yilgi Jahon birinchiligining saralash bosqich uchrashuvidagi qoidabuzarliklar uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va milliy terma jamoaning besh sara futbolchisini jazolash qarori ortidan kuzatilmoqda.

Uchrashuv tafsilotlaridan ayon bo‘lishicha, FIFA rahbari prezident Karimovdan qizlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bilan bog‘liq hodisa yuzasidan shaxsan uzr so‘ragan.

Avvalroq, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasida uyushtirilgan matbuot anjumani chog‘ida janob Blatter buning uchun o‘zbekistonlik futbol muxlislaridan ham uzrxohlik qilgandi.

Image copyright FIFA.com

Janob Blatter, o‘z o‘rnida, mamlakatda futbol rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga sazovor ekanini urg‘ulagan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston FIFA tasarrufidagi katta musobaqalarni o‘tkazishga tayyor.

Ammo FIFA rahbari, "2022 yilgacha bo‘lgan barcha muhim Jahon chempionatlari taqdiri allaqachon hal bo‘lgani uchun, O‘zbekiston Osiyo chempionatlariga mezbonlik qilish imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin"ligini aytgan.

Zepp Blatter O‘zbekiston FIFAning 2013 yilgi kongressini qabul qilishi mumkinligi ehtimollari haqida ham so‘z yuritgan.

Ayni o‘rinda shuni ta‘kidlash joizki, Xalqaro Futbol Uyushmasining kongressiga mezbonlik qilish uchun Italiya, Rossiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Daniya, Vengriya, Singapur va Gonduras kabi davlatlar ham kurash olib borishmoqda.

Bu - janob Zepp Blatterning FIFA prezidenti sifatida O‘zbekistonga uchinchi tashrifi ekani aytiladi.

Biz o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev bilan bog‘lanib, eng avvalo, FIFA rahbarining uzrxohligiga munosabatlarini so‘radik:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi