Fotograf Dina Penson: "Men o‘zimni otamga qiyoslashga uyalaman"

Image caption Televideniyedagi faoliyati bilan bir qatorda, Dina Xo‘jayeva-Penson "o‘zi uchun" ko‘p suratlarni olgan. Ular orasida yuzlab o‘zbekistonliklar portretlari bor

Toshkentdagi Art and Fact galereyasi O‘zbekistonning birinchi ayol fotografi Dina Xo‘jayeva-Penson asarlari ko‘rgazmasini ochishga tayyorlanmoqda.

Dina Xo‘jayeva-Penson nafaqat iqtidorli suratkash, balki 1920-30 yillarda Sovet O‘zbekistoni solnomasini yaratgan mashhur fotograf Maks Pensonning qizidir.

Xo‘jayeva-Penson xonim 1960-70 yillar davomida o‘z turmush o‘rtog‘i - kinorejissyor Fayzulla Xo‘jayevga jurnalistik ocherklar va hujjatli filmlar yaratishga yordam bergan. U, shuningdek, Televideniyening o‘zbek studiyasida 30 yildan oshiq xizmat qilgan.

Biroq, u biron marta o‘z ijodini ko‘z-ko‘z qilishni istamaganini aytadi.

"Menda hech qachon o‘z ishimni ko‘rgazmaga qo‘yishim kerak degan hayotiy maqsad bo‘lmagan. Mening asarlarim bu mening farzandlarim. Ish jarayonida nimanidir suratga olsam, shularning orasidan o‘zimga yoqqanlarini tanlab olib, saqlab qo‘yardim", - deydi u men bilan telefon orqali suhbatda.

Uning otasi o‘zbek fotografiya san‘atining yorqin yulduzlari qatorida turishiga qaramay, Xo‘jayeva-Penson shon-sharaf ketidan quvgani yo‘q.

"Atrofimdagi erkak hamkasblarim meni fotograf deya hisoblashmasdi. Ayol kishi bo‘lsam ham, meni bir maqtab qo‘yish fikri ularda bo‘lmagan... Shuning uchun, o‘zimni irkit o‘rdakchadek sezib, ko‘rgazma haqida heya o‘ylamaganman", - deydi u.

Xo‘jayeva-Pensonning Toshkentdagi ilk ko‘rgazmasini uning yubileyiga bag‘ishlab Art and Fact galereyasi asoschisi Shahnoza Karimboboyeva o‘tkazishga qaror qildi.

Karimboboyeva xonim 2002 yilda Maks Pensonning O‘zbekistondagi ilk va yagona ko‘rgazmasini uyushtirgandi.

"O‘zbek fotografiyasining 125 yilligi" kitobi mualliflaridan biri bo‘lgan Shahnoza Karimboboyeva Penson sulolasining o‘zbek suratkashchiligidagi o‘rnini alohida urg‘ulashga urinmoqda.

Image caption Dina Xo‘jayeva-Pensonning otasi Maks Penson o‘z suratlari bilan 1920-40 yillarda O‘zbekiston solnomasini yaratgan

"Albatta, Maks Pensonning ismini O‘zbekistonda bilishadi, lekin Dina Maksimovnani yaxshi tanishmaydi. Ayol fotograf degan tushuncha biz uchun g‘ayrioddiy bo‘lgan. Ular juda tortinchoq ayollar. Biz ularni bir amallab ko‘ndirdik. Lekin, ularni vahima bosayapti...", - deya kuladi galereya asoschisi.

Xo‘jayeva-Penson xonimni mashhur otasiga qiyoslashga urinayotganlar oz emas. Ota va qizning uslubi bir qarashda o‘xshash, ularning asarlari markazida katta harflar bilan "Inson" turadi.

"Bilasizmi, men o‘zimni otam bilan qiyoslashga uyalaman. Bu men uchun juda noqulay. Lekin kasbimga tayanib gapiradigan bo‘lsam, otamning asarlari menga juda yoqqan", - deydi u.

Shahnoza Karimboboyevaning ham aytishicha, Dina Maksimovna o‘z otasi bilan qiyoslanishiga qarshi.

"U menga, keling, "Dina Xo‘jayeva-Penson ko‘rgazmasi" emas, "Dina Xo‘jayeva ko‘rgazmasi" deb e‘lon qilaylik deb taklif qildi", - deydi Karimboboyeva.

"Nima uchun?" - deb so‘rayman.

"Chunki, barcha mashhur odamlar farzandlarida shunday muammo bo‘lsa kerak. Menimcha, mashhur odamlarning farzandlari mustaqil tarzda tanilishni xohlaydilar, otalarining ismi bilan emas. Lekin, aytish joiz, Dina Maksimovnaning o‘ziga yarasha uslubi bor," - deydi u.

Balki bu butun umr erkaklar soyasida, avvaliga otasi, so‘ngra eri va hamkasblari soyasida qolgan iqtidorli ayol kompleksidir.

"Otangiz sizga o‘z kasbi sirlarini hech o‘rgatganmi?" - deb so‘rayman Dina Maksimovnadan .

"Yo‘q, u meni hech qachon surat olishga o‘rgatmagan. Lekin, hali chaqaloq davrimizdayoq atrofimizda suratlarni ko‘rganmiz. Ertalab uyg‘onsak, otam tuni bilan ishlab chiqqan suratlar qurish uchun osig‘liq turardi. Otam biz uchun, uning farzandlari uchun, Maks Penson emasdi. U biz uchun ota edi, xolos. Afsuski, biz uning ijodining qadriga yetishga yoshlik qilganmiz", - deydi Dina Maksimovna.

Bir soniyaga tutilgan kadrlar

Image caption Dina Xo‘jayeva-Penson suratlarini ba‘zi tanqidchilar "yirik zallarga mo‘ljallanmagan" deya tasvirlashgan

O‘xshashliklar mavzusini chetga surib, farqlarni ilg‘ashga urinaman. Otasidan farqli o‘laroq, Dina Maksimovna sovuq urush davrida bir necha bor xorijga safar qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Uning Florentsiya, Parij, London ko‘chalarida olgan suratlari va O‘zbekistonda yaratgan asarlari o‘rtasida qiziq kontrastni sezasiz.

"Xorijda nimanidir suratga olish juda qiyin bo‘lardi. Chunki men har safarimda sayyohlar guruhi tarkibida bo‘lganman. Mustaqil tarzda safar qilish imkoniyati bo‘lmagan. Guruh esa tez harakat qiladi. Lekin, baribir, nimalarnidir suratga olishga ulgurib qolganman. Ayniqsa Frantsiyada olgan suratlarim ko‘p, chunki u yerda ikki marta bo‘lganman. Menga bu mamlakat juda ham yoqardi. Londonda esa 1972 yilda ikki kungina bo‘lganman," - deydi u.

"Londonga kelganingizga qirq yil bo‘libdi. Bir qaytib, yana suratlar olsangiz bo‘lar ekan..."

"Men sizga bir sirimni ochay. Ko‘zim juda yomon ko‘radi. Shunday ekan, boshqa suratlar ololmayman," - deb kuladi Dina Maksimovna.

Dina Xo‘jayeva-Penson qayerda surat olmasin - xoh Florentsiya, xoh Mirzacho‘l - ularda usta mahoratini ilg‘aysiz. Uning asarlari orqali fotografiya naqadar demokratik va universal muloqot tili ekaniga ham ishonasiz.

"Men o‘zimni dabdabali kadrlarni yaratgan fotograf emas, balki reportyor deb hisoblayman. Hammasi bir soniyaning ichida yuz beradi. O‘sha onni to‘xtatib, kamera tugmasini bosaman, bo‘ldi", - deydi u.

"Och cho‘l"

Dina Xo‘jayeva-Pensonning Toshkentda ko‘rgazmaga qo‘yilayotgan 106ta asari ichida aksar suratlar uning Mirzacho‘l bo‘ylab olgan "Och cho‘l" seriyasiga tegishli.

Image caption Otasidan farqli o‘laroq, Dina Xo‘jayeva-Penson qator Ovro‘po mamlakatlari bo‘ylab safar qilishga muvaffaq bo‘lgan.

U televideniyega ishga kirishidan avval turmush o‘rtog‘i Fayzulla Xo‘jayev bilan Mirzacho‘ldagi oilalarning hayotini kuzata boshlagan.

"Bu oilalar Sovet Ittifoqining turli burchaklaridan ko‘chib kelishgandi. Erim bilan uch-to‘rt yil shu och cho‘l bo‘ylab piyoda yurib, odamlarni suratga olganmiz. Keyinroq Fayzulla bu haqida kitob ham yozdi va shuning asosida pьesa qo‘yildi. Unda odamlar bu tuzga botgan yerga kelib, bir necha yillar davomida uni gullab-yashnagan adirga aylantirgani haqida hikoya qilinadi", - deydi u.

1950-60 yillarda "Och cho‘l" deya tasvirlangan hududlardagi shaharlarning barpo etilishi aks etgan bu seriyada yashash uchun butkul noqulay bo‘lgan sharoitlarda, tuz bosgan zaminda bog‘ yaratgan vatanparvarlar namoyon bo‘ladi.

Ularda sotsializm dabdabasi bilan birga inson go‘zalligi va qadriyati olqishlanadi.

Iqtidorli nasl

Dina Penson-Xo‘jayeva haqida ma‘lumot to‘plar ekanman, uning suhbatlaridan birida ko‘zim Ron Arad ismiga tushadi.

Bu ism Britaniyadagi san‘at va dizayn ro‘znomalarida tez-tez uchraydigan ism. Ron Aradning suv tomchilarini eslatuvchi qoshiqlardan tortib kursilargacha bo‘lgan uy jihozlari, to‘lqinsimon me‘moriy asarlari jahon bo‘ylab ko‘plarga tanish.

Bir necha yil avval Parijdagi Pompidur zamonaviy san‘at markazida uning asarlari qarshisida turib, hayratga tushganimni eslayman.

Men Ron Aradga elektron maktubini yo‘llab, O‘zbekistonda Maks Penson degan mashhur fotograf qarindoshingiz bo‘lgani, yoki uning qizi Dina Penson haqida biron narsa bilasizmi, deb so‘rayman.

Ertasiga Ron Arad menga javob yo‘llaydi:

Image copyright ronarad.co.uk
Image caption Ron Aradning kitob javoni

"Hurmatli Ibrat. Men hozir Tel-Avivda, 95 yoshli otam Grishaning oldida o‘tiribman. Uni ko‘rib ketgani ikki kunga keldim. Sizning maktubingizni unga ko‘rsatdim. U tog‘asi Maks va uning qizi Dinani yaxshi eslaydi. Dina uni 20 yil avval Isroilga kelib ko‘rgan ekan, lekin shundan keyin aloqa yo‘qolibdi. Juda ajoyib uchrashuv bo‘lgan ekan", - deb yozadi Ron Arad.

Ron Arad mendan Dinaga salom yo‘llashimni so‘rab, o‘z telefon raqamlarini ham yo‘lladi.

Dina Maksimovnaga sim qoqqanimda, avvalo gapni Ron Araddan salom bilan boshlayman. U o‘z yaqinlarining ismlarini eshitib behad mamnun bo‘ldi.

"Katta rahmat sizga. Uch yil avval Amerikada Ronning shaxsiy ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mening tug‘ishgan akam Miron Amerikada yashaydi. Miron ikkovimiz bir kun Nyu-Yorkdagi MoMa zamonaviy san‘at muzeyiga tushishga qaror qildik. Bir qavat ko‘tarilsak, u yerda "Ron Arad ko‘rgazmasi" deb yozilgan. Men buni ko‘rib tildan qoldim. Keyin "Miron, qara, kimning ko‘rgazmasi o‘tkazilayapti" dedim. Muzey rasmiylariga murojaat qilsam, u bir kun avval uchib ketganini aytishdi. Ajoyib yirik ko‘rgazmani ochib, Londonga qaytib uchib ketgan ekan. Afsus, uni hech ko‘rolmadim. Qarang, qanday naslimiz bor ekan. Bir oiladan chiqqanmiz. Bizni yana bir-birimiz bilan bog‘layotganingiz uchun sizga katta rahmat. Ronga ayting, Toshkentga kelsin, bizda qiziq tadbirlar ko‘p", - deydi Dina Xo‘jayeva-Penson.

Lekin u, oilasi jahon bo‘ylab tarqalganiga qaramay, O‘zbekistonni tark etish niyati yo‘q. Uning uchun O‘zbekiston o‘zi va otasini ardoqlab o‘stirgan yurt.

"Dina Maksimovna o‘ta kamtar odamlar. Ko‘rgazmangizni o‘tkazmasak bo‘lmaydi, deb zo‘rlab olib chiqmasam, o‘zlari tashabbus bilan chiqmasdilar. Bu inson o‘ta mehribon, o‘zini emas, o‘zgalarni o‘ylab qayg‘uradigan inson... Bunday odamlar bugun kamdan-kam uchraydi", - deydi Shahnoza Karimboboyeva suhbatimiz so‘ngida.

Dina Penson asarlaridan ba‘zilarini tomosha qilish uchun mana bu yerga bosing