Misrda "Musulmon birodarlar" jonli zanjir hosil qilishmoqchi

Image copyright Reuters
Image caption Mamlakat prezidentligi uchun 13 nomzod qattiq kurash olib borishi kutilmoqda

Misrning "Musulmon birodarlar" diniy-siyosiy birlashmasi o‘z tarafdorlarini prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan Muhammad Mursiyni qo‘llab-quvvatlash uchun "jonli zanjir" qurishga chorlagan.

Rejaga ko‘ra, bu dunyodagi eng uzun "jonli zanjir" bo‘lishi kutilmoqda.

Birlashma vakili Ahmad Abdul Atoning aytishicha, "jonli zanjir" harakat qatnashchilarining to‘lqini Aleksandriyadan Osuangacha cho‘zilishi mumkin.

Ikki shahar o‘rtasidagi umumiy masofa 1200 kilometrni tashkil etadi.

"Musulmon birodarlar" tashkil etilganiga 80 yil bo‘lgan.

Husni Muborakning hukmronligi davrida ularning faoliyati taqiqlangan, "Musulmon birodarlar" harakatining a‘zolari ta‘qib etilganlar.

Oldingi saylovlarda harakatning faollari mustaqil nomzodlar sifatida ro‘yxatdan o‘tishga intilganlar.

"Musulmon birodarlar"dan ayrimlarining endi Misrda shariat qonunlarini joriy etish chaqiriqlari ularning jamiyatdagi muxoliflari orasida xavotirlarni yanada oshirgan.

Misrdagi prezidentlik saylovlari 23-24 may kunlari bo‘lib o‘tadi.

Mamlakat prezidentligi uchun 13 nomzod kurashishi aytilgan.