Hagadagi mahkama Srebrenitsadagi qirg‘indan so‘ylagan

Image copyright BBC World Service
Image caption Ratko Mladich o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovlarni tan olmagan

Hagada sobiq Yugoslaviyada sodir etilgan harbiy jinoyatlarni boshida turgan armiya generali Ratko Mladich ustidan mahkama davom etgan.

Mahkamaning ikkinchi kuni 1995 yilda Srebrenitsada amalga oshirilgan ommaviy qotillik ayblovi haqida bo‘lgan.

U 1995 yilda Srebrenitsa qishlog‘ida 8 mingga yaqin musulmon erkak va bolalarni o‘ldirganlikda, shuningdek, 10 ming odamning o‘limiga olib kelgan Sarayevo shahri qamalini muvofiqlashtirganlikda ham ayblanmoqda.

70 yoshli Mladichga harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlarga taaluqli 11ta ayblov qo‘yilgan.

Mladich o‘ziga nisbatan qo‘yilayotgan ayblovlarni "qo‘rqinchli", deb atagan.

Haga tribunali Mladich aybini tan olmayotgani aytgan.

BBC muxbiri Alan Litllga ko‘ra, payshanba kungi mahkama yig‘ilishidan so‘ng himoya tomon javob tayyorlashi uchun bir necha oy tanaffus e‘lon qilgan.

Mahkama binosi oldida "Srebrenitsa onalari" guruhi a‘zolari yig‘ilishgan.

Chorshanba kungi mahkama davomida qoralovchi general Mladich Bosniyani "etnik tozalash"ga uringanini aytgan.

Qoralovchi Dermot Grum Mladichning bu jinoyatini aniq dalillar bilan isbotlab berishini bildirgan.

"To‘rt kun oldin Ratko Mladich o‘sha mudhish paytdagi Serbiya armiyasining bosh qo‘mondoni etib saylangan kunga yigirma yil to‘ldi", - deb aytgan qoralovchi.

Janob Grum shundan so‘ng Mladich va uning armiyasi "qotillik hunarini qanchalik mukammal egallaganlari va minglab odamlarni o‘ldirganlarini" ta‘kidlagan va o‘nlab odamlar halok bo‘lgan Sarayevodagi portlash haqidagi videolavhani taqdim qilgan.

Grumga ko‘ra, bu portlash Bosniyani serb bo‘lmaganlardan "tozalash rejasi"ning bir qismi bo‘lgan.

70 yoshli sobiq general 16 yil davomida xalqaro tribunaldan yashirinib yurganidan so‘ng, o‘tgan yil mayida serb maxsus xizmatlari tomonidan qo‘lga olingan va Haga tribunaliga topshirilgan.

Hagadagi BBC muxbirining aytishicha, Srebrenitsa hamda Sarayevoda sodir etilgan jinoyatlar Ikkinchi Jahon urushidan keyin Ovro‘poda sodir etilgan eng jiddiy harbiy jinoyatlar hisoblanadi.

Mahkama ishini tezlashtirish uchun Mladichga qo‘yilgan ayblovlar qariiyb yarmiga qisqartirilgan.