Qirolicha Yelizaveta IIning olmos yubileyi arafasida uning taxtdagi o‘tmishiga nazar

Image copyright BBC World Service

Bu yil Qirolicha Yelizaveta II taxtdagi oltmish yilligini nishonlashi munosabati bilan Olmos yubileyi tantanalari bo‘lib o‘tadi. Muntazam siyosiy va ijtimoiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgan bu 60 yil davomida britaniya monarxiyasida yuz bergan muxim voqealarga nazar tashlaymiz.

1926 yil: Bo‘lajak qirolicha dunyoga keldi

York Malikasi Yelizaveta 1926 yilning 21 aprelida soat 2:40da Londonning Bruton ko‘chasida dunyoga keldi. U keyinchalik Qirol Jorj VI va Qirolicha Yelizaveta nomini olgan York Gertsogi va Gertsoginyasining birinchi farzandi edi. Uning bolaligi Londonning Pikkadilli ko‘chasidagi 145-uyda o‘tdi. 1930 yilda uning singlisi Malika Margaret Rouz tug‘ildi. U uyida ta‘lim olgan va frantsuz tilini biladi. Qirolicha, shuningdek, konstitutsiya tarixi, huquq, musiqa, san‘at va dindan ta‘lim olgan.

1937 yil: Qirol Jorj VI taxtga o‘tirdi

Tug‘ilgan vaqtida malika britan taxtiga da‘vogarlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinda edi, biroq uning otasi qirol bo‘lishi yoki uning o‘zi so‘ng qirolicha bo‘lishi mo‘ljallanmagandi. Uning bobosi Qirol V vafot etganda, uning to‘ng‘ich o‘g‘li Qirol Edvard VIII bo‘ldi, biroq u amerikalik turmushidan ajrashgan ayol Vollis Simpsonga uylanish uchun taxtdan kechdi. Shu yo‘sinda Yelizavetaning otasi Qirol Jorj VI bo‘lib taxtga chiqdi. Bu kundan boshlab Malika Yelizaveta da‘vogarlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa chiqdi va unga bo‘lgan e‘tibor keskin kuchaydi.

1947 yil: Malika Yelizaveta Leytenant Filip Mauntbattenga turmushga chiqdi

Taxtga chiqqanida, Qirolicha allaqachon Edinburg Gertsogi Shahzoda Filipga turmushga tekkandi. Ikkovlonning unashilgani 1947 yil iyulida e‘lon qilindi, to‘y esa 20 noyabrda Vestminster Abbeyda bo‘lib o‘tdi. Britaniya endi urush ortidan o‘zini qayta tiklayotgan bo‘lgani uchun to‘y nisbatan sodda kechdi. Malika o‘z libosi uchun kiyim uchun beriladigan kuponlarni yig‘ishi kerak bo‘ldi. U 2007 yilda o‘z turmushining 60 yilligini nishonlagan birinchi monarx bo‘ldi.

1952: Yangi Qirolichaning taxtga chiqishi

1952 yil 6 fevralida Malika Yelizaveta Keniyaga safari chog‘ida o‘z otasining vafoti va o‘zining taxtga chiqishi haqida eshitdi. Safar to‘xtatilib, malika Qirolicha bo‘lib Britaniyaga qaytdi. Uni aeroportda Bosh Vazir Uinston Cherchil va boshqa rasmiylar kutib oldilar.

1953 yil: Qirolicha Yelizaveta IIga toj kiydirish marosimi

Taxtga chiqish marosimi 1953 yil 2 iyunda kamtarona tarzda, Vestminster Abbeyda bo‘lib o‘tdi. Jala yomg‘irga qaramay, odamlar Qirolichani ko‘rish uchun yo‘llar yoqasiga chiqdilar. Qirolicha iltimosi bilan marosim ilk marta televideniye va radio orqali jonli ravishda uzatildi.

1953 yil. Qirolicha vazifalarining boshlanishi

1953 yilda Qirolicha Yelizaveta II otasining o‘limi tufayli to‘xtatgan Hamjamiyat safarini qayta boshladi. Taxtga chiqishi ortidan Qirolicha 116ta mamlakatga 261ta safarda bo‘ldi. Tarixiy tashriflari sirasiga uning 1965 yilda Olmoniyaga qilgan safari, 1972 yilda kommunistik Yugoslaviyaga safari, hamda 1975 yilda Imperator Xiroxito taklifi bilan Gonkong va Yaponiyaga safari kiradi. U 1979 yilda Yaqin Sharqqa borgan ilk britan monarxi bo‘ldi. U 1980 yilda Vatikanda Rim Papasi Jon Pol bilan, 1995 yilda Janubiy Afrikada Nelson Mandela bilan uchrashdi.

1960 yil: Qirolicha, rafiqa, ona

Qirolicha Yelizaveta II Qirolicha Viktoriya 1857 yilda farzand ko‘rganidan beri, taxtga chiqishi ortidan farzand ko‘rgan ilk qirolichadir: Shahzoda Andryu 1960 yilda, Shahzoda Edvard 1964 yilda tug‘ildi. Qirolicha taxtga chiqishidan avval ham ikki farzandni - Shahzoda Charlz va Malika Annni dunyoga keltirgan. Qirolicha Yelizaveta II bugunda sakkizta nevara va bir evaraga ega. Uning rasmiy qarorgohi - Londondagi Bukingem saroyi. Boshqa rasmiy qarorgohlari sirasiga Vindzor qasri va Shotlandiyadagi uyi kiradi.

1970 yil: Xalq orasida

Avstraliya va Yangi Zelandiyaga safari chog‘ida Qirolicha yangi tashabbus bilan chiqdi, u ham bo‘lsa turli jabhalar vakillari bo‘lgan oddiy odamlar bilan uchrashuvlar. Oddiy odamlar bilan uchrashuv Qirolicha majburiyatlarining bir qismi, xolos. U davlat rahbari sifatida konstitutsion majburiyatlarga ega, "millat rahbari" sifatida madaniy va ijtimoiy vazifalarni ham bajarishi kerak.

1977 yil: taxtda o‘tgan 25 yil

1977 yilda Qirolichaning Kumush yubileyi Britaniya va Hamjamiyat davlatlari bo‘ylab nishonlandi. Yubiley sanasida cherkovlarda diniy marosimlar o‘tdi. 2 fevralni Qirolicha oilasi bilan Vindzor qasrida o‘tkazdi.

1979 yil: "Temir xonim"ning hush qarshi olinishi

Qirolichaning hayotida "ilk" so‘zi qo‘p qo‘llaniladi. U 1979 yilda Bukingem saroyida ilk ayol britan bosh vaziri, Margaret Tetcherni qabul qildi. Tetcher xonim hukumat boshida uch muddat xizmat qilib, 1992 yilda lavozimni bo‘shatdi. Tetcher hukumati davrida Qirolicha inflyatsiyaning kamayishi, ishsizlikning keskin oshishi va Folkland/Malьvina orollari urushiga guvoh bo‘ldi.

1992 yil: Qirolicha hayotidagi qora kun

"1992 yilni men mamnuniyat bilan eslamasam kerak, u men uchun dahshatli yil bo‘ldi", dedi Qirolicha bu yil oxirida. Ayni yili uning Vindzor qasrida yong‘in chiqdi va ko‘p shikast yetkazdi. Uning ta‘mirlanishiga pul yig‘ish uchun Qirolicha 1993 yilda ilk marta Bukingem saroyi eshiklarini oddiy odamlar uchun ochdi. Shu yilning o‘zida uning uch farzandi - Shahzoda Charlz, Shahzoda Andryu va Malika Annlar turmush o‘rtoqlaridan ajrashdilar.

1997 yil: "Xalq malikasi" bilan hayrlashuv

1997 yil 31 avgustida Malika Diananing o‘limi jahonni larzaga soldi. U sevgilisi Dodi al Fayed bilan mashinada safar qilayotganda, Parijdagi tunnel ichida fojeali halok bo‘ldi. Bukingem saroyi chiqargan bayonotda Qirolicha va Shahzoda Charlz "o‘ta larzaga tushganlari va g‘amga botgan"lari aytildi. Shahzoda Charlz shumxabarni o‘g‘illari Villiyam va Harriga yetkazdi. Malikaning Londondagi uyi bo‘lmish Kenzington saroyi tashqarisida yuzlab odamlar yig‘ilib motam surdi. Seynt Jeyms saroyi tashqarisi gullar bilan to‘ldi.

2000 yil: Qirolicha Onaning 100 yoshga to‘lishi

2000 yil 4 avgustida Qirolicha Ona deb ataluvchi Yelizaveta Boues-Lion 100 yoshga to‘ldi. Qirollikning juda yoqimli a‘zosi sanalgan Qirolicha Ona o‘z qizi Qirolicha bo‘lishidan avval juda qisqa vaqtni taxtda o‘tkazdi. 2002 yil martida Bukingem saroyi Qirolicha Onaning vafotini e‘lon qildi. 101 yoshli Qirolicha Ona britan tarixida eng uzoq umr ko‘rgan monarxdir.

2002 yil: Oltin yubileyi: taxtda o‘tgan 50 yil

2002 yilda Qirolichaning Oltin yubileyi munosabati bilan qator rang-barang tadbirlar o‘tkazildi. Qirolicha Hamjamiyat davlatlariga safar qildi va britan shaharlarida xalq bilan uchrashdi. U o‘z bayonotida o‘z xalqiga sadoqat va dastak uchun minnatdorchilik bildirdi. 4 iyunda o‘tgan ajoyib yubiley paradini tomosha qilish uchun millionta odam Mall ko‘chasi bo‘ylab yig‘ildi.

2005 yil: London - terrorchilar nishoni

2005 yilning 7 iyulida to‘rt hudkush hujumchi London naqliyotida o‘zlarini portlatib, 52 kishini o‘ldirdi va 770 nafarini yaraladi. Qirolicha hujumlarni qoralab, bayonot chiqardi. U o‘z bayonotida "Ular bizning turmush tarzimizni o‘zgartira olmaydilar" deydi. Qirolicha portlashlarda omon qolganlarni borib ko‘rdi va qurbonlar yaqinlariga ta‘ziya izhor qildi.

2011 yil: To‘y

2011 yil Qirolichaga qator baxtli onlarni taqdim qildi. Uning ikki nevarasi oilali bo‘ldi: Shahzoda Vilyam xalqaro matbuot nigohi ostida Ketrin Middltonga uylandi, Zara Filips esa Edinburgda o‘tgan kamtarona marosimda sportchi Mayk Tindolga turmushga chiqdi. Qirolichaning ilk evarasi Savanna Filips 2010 yil oxirida dunyoga keldi.

2012 yil: Olmos yubileyi

2012 yilda Qirolicha Yelizaveta IIning taxtga o‘tirganiga 60 yil to‘ldi. U taxtda 63 yilni o‘tkazgan Qirolicha Viktoriyadan keyin eng uzoq hukm surgan monarxdir. Bu munosabat bilan ko‘plab rang-barang tadbirlar rejalangan. Z iyunda Temza daryosi bo‘ylab kemalar ko‘rgazmasi o‘tkaziladi, 4 iyunda Bukingem saroyida kontsert bo‘lib o‘tadi, 5 iyunda Seynt Pol Katedralida maxsus marosim o‘tishi va Qirolicha faytunda shahar bo‘ylab safar qilishi rejalangan.

Manbalar: Britaniya Qirolligining rasmiy vebsayti, Qirolicha Olmos Yubileyining rasmiy vebsayti, BBC News va BBC History