Facebook o‘z hissalari narxini donasi uchun 38 dollar etib belgiladi

Image copyright AP
Image caption Facebook dunyo bo‘ylab 900 million foydalanuvchiga ega

O‘z hissalarini Nyu-York birjasiga qo‘yishdan avval Facebook shirkati ularning narxini har biri uchun 38 dollar etib belgiladi.

Ushbu qiymatda shirkatning umumiy bahosi 100 milliard dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Facebook hissalari NASDAQ orqali juma kuni sotuvga qo‘yiladi.

Chorshanba kuni Facebook talablar ortib borayotgani tufayli hissalar adadini 25% ko‘paytirishini ma‘lum qildi.

Shirkat qo‘shimcha 84 million dona hissalani birja orqali sotuvga chiqarishi kutilmoqda.

Ba‘zi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu sotuv shirkatga hammasi bo‘lib, 18 milliard dollar daromad keltiradi.

Dunyo internet tarmog‘i

Facebook shirkati undan foydalanuvchi odamdan yiliga 5 dollar atrofida daromad ko‘radi;

Shirkat hisoblashicha, kelajakda u uchun asosiy daromad manbai mobil uskunalari va planshet kompyuterlar bo‘ladi.

Mutaxassislar savdoga qo‘yilajak hissalarning soni va narxining oshib borishini bashorat qilganlar.

Agar barcha hissalar qimmatroqqa sotilsa, Facebook Amerika uchinchi qimmat shirkatga aylanadi.

Shirkat, agar hissalarga talab taklifdan kuchliroq bo‘lsa, yana qo‘shimcha 60 million hissani sotuvga qo‘yishi mumkin.

Cakkiz yil muqaddam asos solingan Facebook shirkati butun dunyo bo‘ylab 900 million foydalanuvchilariga ega.

O‘tgan yili shirkat daromadi 1 milliard dollarni tashkil etgandi.

Sotuvga qo‘yilgan hissalarning yangi egalari shirkat siyosatini belgilay olishmaydi.

Taklif etilayotgan yangi hissalar "A" kategoriyasiga kiradi, ya‘ni ular faqat bitta ovozga ega bo‘lish huquqini beradi.

"V" kategoriyasiga taaluqli bo‘lgan mavjud hissalar esa har biri o‘z sohibiga 10 ovozga egalik huquqini beradi.

Facebook shirkati asoschisi Mark Tsukerberg ovozlarning 56% egalik qiladi, "B" kategorili hissalar egalari esa shirkat hissadorlari yig‘inida 96% ovozga egalik qilishadi.

Shirkatning qolgan asoschilari- Dastin Moskovits va Eduardo Saverin - hissalar sotuvga qo‘yilgan kunning o‘zidayoq milliarderga aylanishadi.

Amerikadagi Accel Partners vinchur shirkati va Rossiyaning Digital Sky Technologies sarmoya shirkati Facebook-ning aksar imtiyozli hissalariga egalik qilishadi;

Shuningdek Microsoft korporatsiyasi va "U2" guruhining xonandasi Bono Facebook shirkatining yirik sarmoyadorlari hisoblanishadi.

Yangi bozorda Amazon, Apple va Google raqobati ortib borayotgan bir paytda Facebook daromad miqdorini yanada ko‘paytirishni oldiga maqsad qilib olgani aytiladi.