Shvetsiya: Obidxon qoriga suiqasdda gumonlangan ikki shaxsga ayblov e‘lon qilindi

Image copyright bbc
Image caption Obidxon qori shu yil fevralida Stromsund shahridagi uyi oldida otib ketilgan

Shvetsiya politsiyasi taniqli imom Obidxon qori Nazarovga suiqasd yuzasidan kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan bir erkak va bir ayolga qarshi ayblov e‘lon qilgan.

Prokuror Krister Petersonning juma kuni o‘tgan matbuot anjumanida ma‘lum qilishicha, ular Obidxon qori Nazarovga suiqasdni amalga oshirishda ko‘mak berganlikda ayblanmoqda.

Prokurorga ko‘ra, bu ikki shaxs ma‘lum muddat Shvetsiyada yashab kelgan o‘zbek fuqarolaridir.

Dastlabki xabarlarda ularning ikki erkak ekani aytilgandi.

Janob Peterson suiqasdni amalga oshirgan asosiy ijrochining hanuz ozodlikda ekanini aytgan.

U qotilning shaxsi va suiqasd motivlari borasida tergov farazlarini oshkor etmagan.

Avvalroq tergov dalillarini tinglagan Shvetsiya shimolidagi Ostershund shahar mahkamasi ikki gumondorni hibsda qoldirish haqida qaror chiqargan.

Juma kungi mahkama yopiq eshiklar ortida o‘tgan.

Ismlari oshkor etilmagan ikki o‘zbekistonlik uch kun maqaddam Shvetsiya janubida hibsga olingandi.

bid qori Nazarov shu yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromsund shahrida o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli tomonidan otib ketilgandi.

Taniqli imom shundan buyon shifoxonada behush holda qolmoqda.

O‘zbekiston rejimining ashaddiy tanqidchilaridan bo‘lgan 54 yoshli Obidxon qori Nazarov olti yil muqaddam Shvetsiyadan boshpana olgan.