Hajga piyoda yo‘lga chiqqan yettovlonning safari qanday kechmoqda?

Image copyright Getty

Muqaddas Haj ziyoratini ado etish uchun Tojikistondan Makkayu Madina qaydasan, deb poyu piyoda yo‘lga tushgan yettovlon Afg‘oniston shimoliga yetib kelishgan.

Barchasi Kulob shahridan bo‘lgan ziyoratchilar o‘zlarining olisdan-olis safarlarini o‘tgan hafta boshlashgandi.

Ular Saudiya Arabistoniga yetib olish uchun qariyb 5.000 chaqirim yo‘l bosishlari lozim bo‘ladi.

Tojikistonlik bo‘lajak hojilar o‘z yo‘llarida janglar kechayotgan Afg‘oniston va anchayin beqaror Pokiston doxil kamida to‘rt davlatni kesib o‘tishadi.

Mintaqadagi muxbirimiz Iskandar Firuzning aytishicha, ziyoratchilar bu ikki davlatdagi vaziyatni ham inobatga olishgan.

Ammo aksariyat aholisi musulmon ekani bois, ezgu-niyatlaridan ogoh bo‘lgach, jang olib borayotgan tomonlarning o‘zlariga hech bir ziyon yetkazmasligiga umid qilishmoqda, deydi muxbirimiz.

Agar hammasi rejaga muvofiq kechsa, ular Makkaga o‘z vaqtida, ya‘ni bu yilgi Haj marosimi boshlanajak oktyabr oyi oxirlariga qadar yetib olishadi.

Guruhga bundan bir necha yil burun Makkani poyu piyoda ziyorat qilib qaytgan sobiq sportchi Abdulaziz Rajabov boshchilik qilmoqda.

Ana sizga...

Ayon bo‘lishicha, yettovlon, eng avvalo, Haj ziyoratini piyoda ado etishning savobi o‘zgacha bo‘ladi deb, bu kabi g‘ayriodatiy ishga qo‘l urishgan.

Ammo muxbirimiz Iskandar Firuz buning ortida moliyaviy omillar ham yotgan bo‘lishi mumkin, deydi.

Unga ko‘ra, hozir Tojikistondan Haj ziyoratiga borish kishi boshiga kamida 5.000 AQSh dollariga tushadi.

"Shu sababdan ham, bu - ayrim odamlarni Hajga poyu piyoda borish fikriga undayotgan bo‘lishi ham mumkin", deydi u.

Muxbirimizning aytishicha, yettovlon Haj ziyoratini ado etib bo‘lgach, ortga ham poyu piyoda qaytishmoqchi.

Agar ular o‘z rejalarini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lishsa, faqat kelasi yil aprel oyidagina Tojikiston tuprog‘iga qadam qo‘ya olishadi.

Bo‘lajak hojilar

Makkaga qarab piyoda yo‘lga chiqqanlardan eng yoshi hali o‘ttizga ham kirmagan. Eng ulug‘i esa, yetmishlarni qoralab qolgan.

Ularning orasida, hatto, oddiy dehqonining ham borligi aytiladi.

Guruh a‘zolariga ko‘ra, pullari kam ekani bois, safarlari chog‘ida oziq-ovqat va yotar-joy masalasida mahalliy aholining muruvvatiga umid qilishmoqda.

Lozim hujjatlarni tayyorlashlarida esa, tojikistonlik mas‘ullar yordam berishgan.

Afg‘onistonning shimoliy viloyatlari bilan telefon aloqasining yomon ekani bois, ularning hozirgi ahvollari borasida aniq bir ma‘lumot yo‘q, deydi muxbirimiz Iskandar Firuz.

Ammo, unga ko‘ra, guruh a‘zolari muloqotga chiqish imkoniyati bo‘lgan zahoti, o‘zlarining hol-ahvollaridan boxabar etishga va‘da berishgan.

Safarga hozirliklari yaxshi bo‘lgani va guruhboshisi tajribali ekani bois, hamma safarlarining eson-omon yakunlanishiga umid qilmoqda, deydi muxbirimiz.

Ayon bo‘lishicha, saudiya arabistonilik mas‘ullar ham tojikistonlik ziyoratchilarning niyatlaridan ogohlar.

"Ular hozircha biror bir yordam va‘da qilishgani yo‘q. Ammo yettovlonga osonlik bilan viza berishdi. Biroq, o‘z hududlarini kesib o‘tishgach, qo‘llaridan kelgancha ko‘mak berishlarini aytishdi", deydi muxbirimiz.