"Musulmon birodarlar" saylovda g‘alaba qozonishi kutilmoqda

Image copyright Reuters
Image caption Misrliklar mamlakatning 5, 000 yillik tarixida ilk bor o‘z rahbarlarini tanlash imkoniyatiga ega bo‘lganlar.

Misrda ikki kun davom etgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng ovozlar sanalmoqda.

Bu saylov mamlakat tarixidagi ilk erkin saylov bo‘lgani aytilgan.

Hozircha ilk natijalargina e‘lon qilingan, ovozlarni hisoblash jarayoni keyingi hafta boshigacha cho‘zilishi mumkin.

Biroq "Musulmon birodarlar" islomiy partiyasi o‘zlarining nomzodi Muhammad Mursiyning oldinda borayotganini ma‘lum qilgan.

Misrdagi saylovlar Husni Muborakni qudratdan ketgizgan "arab bahori" dan so‘ng 15 oy o‘tib bo‘lib o‘tgan.

Ilk erkin saylov deb ta‘riflanayotgan jarayonda Islomiy qarashdagi siyosatchilar dunyoviylarga, inqilobchilar esa, Muborak davridagi vazirlarga qarshi bellashishmoqda.

13 nomzod o‘rtasida Mursiy, Misrning sobiq Tashqi ishlar vaziri va Arab ligasi davlatlari sobiq rahbari Amr Mussa, hamda Misr sobiq mudofaa qo‘mondoni , namoyishlar paytida hukumatni boshqargan islomiy mustaqil nomzod Abdul Abul Fotuh eng kuchli nomzodlar sifatida ko‘rilmoqda.

Payshanba kuni Abr Mussa Ahmad Shafiqni prezidentlik poygasidan chiqishi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqatayotganlikda ayblagan.

Nomzodlardan birortasi 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘plolmasa, oldinda borayotgan ikki nomzod keyingi turga o‘tadi.

Payshanba kuni kechqurun "Musulmon birodarlar" erkinlik va adolat partiyasi vakili Essam Erian 13 saylov uchastkalaridan olingan natijalarga tayanib Muhammad Mursiy ovozlarning katta qismini olishiga ishonch bildirgan.

Hukumat saylov natijalarini seshanba kuni e‘lon qilinishini aytgan.

Kuzatuvchilar saylov jarayonini qoniqarli, deb baholashgan.

"Biz saylovlarda kim g‘olib chiqishini bilmaymiz, ikkinchi tur bo‘lishi mumkinligini ham aytolmaymiz, mamlakat prezidenti qanday kafolatlarga ega bo‘lishi noma‘lum, parlament va milliy assambleya taqdiri qanday kechishi ham noaniq", - deb aytgan Amerika kongressining sobiq a‘zosi Jeyn Harman.

"Lekin men boshqa saylovlarda, jumladan Tunisda bo‘lgan saylovni kuzatganman. Men bu yerda butunlay boshqa manzarani ko‘rdim. Misrliklar o‘zlarining saylovlari bilan faxrlansalar bo‘ladi", - deb aytgan Jeyn Harman.

Amerika davlat kotibi Xillari Klinton ham misrliklarni erkin saylovlar bilan qutlagan va Vashington "demokratik saylangan hukumat" bilan ishlashga tayyorligini bildirgan.

Misrda 50 milliondan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan.

Saylov komissiyasiga ko‘ra, ulardan yarmi saylovlarda qatnashgan.

2011 yil fevralidan beri Misrni boshqarib kelayotgan harbiy kengash xalqqa adolatli saylovlar va fuqaroviy hukumatni va‘da qilgan/

Biroq Misrda yangi konstitutsiya qabul qilinganiga qadar yangi saylangan prezidentning qanday vakolatlarga ega bo‘lishi noma‘lum.

Shu boisdan, harbiylik bilan kelishmovchiliklar kelib chiqishi mumkinligidan xavotirlar ham bor.