"Frantsiya qo‘shinlari Afg‘onistondan shu yil olib chiqiladi"

Image copyright AP
Image caption Afg‘onistonda 3300 frantsuz askari joylashtirilgan

Frantsiyaning yangi prezidenti Fransua Olland Frantsiyaning Afg‘onistondagi missiyasi rejadagidan bir yil oldin tugatilishini yana bir bor bildirgan.

Kobulda qilgan chiqishida 2012 yilning oxirigacha 2000 frantsuz askari olib chiqilishini, 1300 jangovor bo‘lmagan qismi esa noma‘lum muddatda Afg‘onistonda qolishini aytgan.

"Terrorizm va toliblar bilan kurash o‘zining yakuniga yetmoqda",- deb aytgan janob Olland.

Frantsiyaning NATO rejasidan ajralib chiqishga urinayotganligi g‘arb davlatlari tomonidan tanqidga uchragan.

Fransua Olland Kobulda matbuot anjumanidan oldin prezident Karzay bilan uchrashib, muzokara olib borgan.

Janob Olland shuningdek, frantsuz askarlari bilan uchrashib, ularga nima uchun bunday qarorga kelganini tushuntirishini aytgan.

Saylov oldi jarayonida janob Olland frantsuz askarlarini prezident Nikola Sarkozi tomonidan belgilangan muddatdan oldin olib chiqilishiga va‘da bergan.

Fransua Olland muddatidan oldin chiqib ketishni "mustaqil qaror" deb atagan va xalqaro sheriklar , ayniqsa prezident Obama bilan yaxshi aloqalar davom etishini aytgan.

Ayni paytda Afg‘onistonda Frantsiyaning 3300 askari joylashtirilgan.

2001 yildan buyon 83 askari halok bo‘lgan.

Janob Ollandning aytishicha, Afg‘onistonda Frantsiyaning ishtiroki ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda, shuningdek, madaniyat va arxeologiya bo‘yicha davom etaveradi.