HRW: "Gulshan Qorayeva bilan bog‘liq hodisaga befarq qaramaslik kerak"

Image copyright none

"O‘zbekiston hukumati davlat ayg‘oqchisi bo‘lmaganini oshkora aytishi ortidan hujumlar va tahdidlarga duch kelgan inson huquqlari faoli Gulshan Qorayevaning xavfsizligini ta‘minlashi kerak", deydi Human Rights Watch.

O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha rahbari Qorayeva xonim 5 may kuni Milliy Xavfsizlik Xizmatiga josuslik qilishga rozi bo‘lmagani haqida maqola e‘lon qilgandi. Shundan ko‘p o‘tmay, ko‘chada unga qator hujumlar va tahdidlar qilingan. Bundan tashqari uning uyi devoriga nomaqbul so‘zlar yozilib, uyatsiz suratlar chizib ketilgani haqida ham xabar qilingandi.

"O‘zbekistonda huquq faollariga qarshi uyushtirilgan zo‘ravonlik va qo‘rqitish amallari o‘ta odatiy holga aylangan", deydi Human Rights Watchning Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Stiv Sverdlov.

Tashkilot Gulshan Qorayevani tahqirlash uchun biron bir asos yo‘qligini aytarkan, Milliy Xavfsizlik Xizmati bu kabi amallarni to‘xtatishi kerakligini ta‘kidlaydi.

"Uning Milliy Xavfsizlik Xizmatiga bog‘liq kishilar tomonida tahqirlanganiga oid aniq dalillar bor. Bu hol zudlik bilan to‘xtalishi kerak", deydi Human Rights Watchning Ovro‘po va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha direktori Xyu Uilyamson.

Tashkilot Gulshan Qorayevaga nisbatan tahqirlar va tahdidlar yuzasidan tekshiruvlar olib borishni ham talab qilgan.

Ammo, o‘zbek hukumati xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi abgor deb ta‘riflanadigan inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni o‘nglashga oid chaqiriqlariga ko‘pda quloq tutmaydi.

"Albatta, ular bizga quloq soladilar deb umid qilamiz. Xalqaro tashkilot O‘zbekistondagi hatti-harakatlar va hodisalar yuzasidan ovoz solib turishi muhim. Ayni paytda biz o‘z bayonotimizda O‘zbekiston bilan yaqin aloqada bo‘lgan hukumatlar, xalqaro hukumat tashkilotlari va nohukumat tashkilotlarini o‘zbek hukumati bilan muzokaralar qilishgan payti ayni masalalarni ham ko‘tarishga chaqirmoqdamiz", deydi Xyu Uilyamson BBC bilan suhbatda.

Human Rights Watch rasmiysi mazkur masalaga O‘zbekiston hukumati, shu bilan birga Ovro‘po Ittifoqi kabi tashkilotlar, Olmoniya, Britaniya hamda Qo‘shma Shtatlar kabi davlatlarning diqqatni jalb etishda davom etishlari aytadi.

"Agar bu kabi hodisalar to‘xtatilmas ekan, Ovro‘po Ittifoqi qattiqroq mavqe‘ni egallashi kerak. Ovro‘po Ittifoqi inson huquqlari faoliga nisbatan bu kabi tahqir amallariga ko‘z yumishda davom eta olmaydi", deydi Uilyamson janoblari.

Human Rights Watchga ko‘ra, O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat ushbu mamlakat bilan strategik hamkorlik soyasida qolmasligi lozim. Tashkilot nafaqat Gulshan Qorayeva bilan bog‘liq hodisa, balki O‘zbekistonda inson huquqlariga zid barcha holatlarga diqqat qaratilishi lozim deb hisoblaydi.

"Huquq faolini tahqirlash O‘zbekistonda inson huquqlari toptalishining faqat bir tomoni xolos. O‘tgan dekabr oyi biz qamoqxonalar va mahkamadan oldin hibsxonalarda qo‘l uriladigan qiynoq hollarini to‘xtatishga oid katta hisobot bilan chiqqanmiz. G‘arb - Ovro‘po Ittifoqi, Olmoniya, Britaniya va Qo‘shma Shtatlar inson huquqlarining bu kabi jiddiy buzilish hollariga loqayd qarab turolmaydi. G‘arb davlatlari O‘zbekiston bilan hisoblashayotgan payti bu masalalarni chetga qo‘ymasligi kerak", deya qo‘shimcha qiladi Human Rights Watch rasmiysi.