Qirg‘iziston: Ishsizlik ortishi ortidan mehnat muhojirligiga ketayotganlar soni o‘smoqda

Oxirgi yillarda Qirg‘izistonda ishsizlar soni ortishi ortidan, minglab odamlar xorijga izlab ketishmoqda.

Mehnat muhojirlari o‘z oilalarini ta‘minlash bilan birga mamlakat iqtisodini ham qo‘llab-quvvatlayotganlari aytiladi.

Rasmiy va norasmiy manbalariga ko‘ra, davlat aholisining bir millionga yaqini asosan Rossiya va Qozog‘istonda ishlashadi.

Qirg‘izistonning bir yillik byudjeti taxminan bir milliard AQSh dollarini tashkil etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mehnat muhojirlari vatanlariga har yili qariyb shu miqdorda pul jo‘natishadi.

...uzoqdagi quyruq yaxshimi?

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek temir yo‘l vokzali har kuni minglab qirg‘izistonliklarni mehnat muhojirligiga kuzatib qoladi. Bu yerda men uchrashgan Jayloobek Abdurashitov to‘ng‘ich farzandini Rossiyaga kuzatayotgan ekan.

Suhbatdoshimga ko‘ra, odamlar mamlakat ichkarisidan emas, ko‘pincha tashqaridan kelayotgan pullarga ko‘z tikishadi.

Yana bir suhbatdoshim Atirgul Momoxonova o‘z yaqinlari oilalariga har oy 400 Amerika dollari miqdorida mablag‘ jo‘natishlarini aytadi.

Atirgulning aytishicha, ayniqsa, yoshlar mamlakat ichkarisida ishlab topadigan pullari o‘zlarining kundalik ehtiyojlarini ham qoplamaydi.

Mehnat muhojirlari bo‘yicha mutaxassis Adilet Beyshenaliyevga ko‘ra, mehnat muhojirlarining har yili Qirg‘izistonga pochta va boshqa pul o‘tkazish tizimlari orqali jo‘natadigan mablag‘ miqdori taxminan 1 milliard Amerika dollarini tashkil qiladi.

Ammo, ular pul yetkazishning norasmiy yo‘llaridan ham foydalanadilar.

O‘sh shahrida faoliyat qiluvchi nodavlat tashkiloti rahbari Hafiza Mahmudovaning aytishicha, janubiy mintaqalarda aholi zich joylashgani bois bu yerlardan mehnat muhojirligiga ketadiganlar soni ham katta.

Mazkur hududlarda ish bilan ta‘minlanganlar asosan shifokorlar va o‘qituvchilardir.

Suhbatdoshimga ko‘ra, mehnat muhojirlarining soni ortishiga 2010 yil iyunda yuz bergan qonli nizolar ham sabab bo‘lgan.

"Albatta, o‘sha voqealar yuz berishidan oldin minglab tadbirkorlar faqat o‘zlarini emas, balki boshqalarni ham ish bilan ta‘minlashardi. Ko‘plab korxonalar, do‘konlar va kiyim tikadigan tsexlar ishlardi. O‘shalarning hammasi 2010 yilning iyun voqealari payti kuyib, vayron bo‘lgan. Birdaniga mol-mulksiz qolgan minglab odamlar Rossiya, Qozog‘iston va boshqa chet mamlakatlarga bosh olib ketishgan", deydi u.