Gardian: Afg‘on ayollari toliblar qaytib kelishidan qo‘rqishadi

Image copyright ap
Image caption Afg‘on qiz-juvonlari mamlakatda o‘zlarini xavfsiz his qilmaydilar

Afg‘onistonda 2014 yilda xalqaro qo‘shinlar olib chiqilishidan keyin ayollarning huquqlari sohasida butunlay teskari o‘zgarishlar yuz berishidan xavotirlar bor, deb yozadi Britaniyada chop etiladigan Gardian gazetasi. "Afg‘on ayollari Tolibonning qaytishidan qo‘rqib, mamlakatdan chiqib ketishmoqda" nomli maqolaga ko‘ra, shu boisdan ko‘pgina yosh qiz-ayollar mamlakatdan chiqib ketishni xohlaydilar.

Afg‘on hukumati tomonidan tenglikka mas‘uliyatning yo‘qligi va ayollarga oilada va ish joylarida shafqatsiz munosabatning saqlanib qolayotganligi, NATO kuchlari mamlakatni tark etgach, ayollar huquqi siyosiy kun tartibining eng pastida qolishi bunday qurquv hissini yanada kuchaytiradi.

Fuqarolar xavfsizligining yomonlashuvi, oxirgi besh yil ichida oddiy afg‘onlarning o‘limi oshgani kuzatilgan.Birgina 2011 yilda 3021 o‘lim holatlari qayd etilgan.

"Gardian" ro‘znomasiga gapirgan Afg‘oniston prezidenti maslahatchisi Gulrahmona Kokar hukumat va Tolibon hamda boshqa isyonkor guruhlar o‘rtasidagi muzokaralarda ayollar haqlari e‘tiborsiz qolayotganini aytgan.

Yaqinda AkshinEyd jamg‘armasi tomonidan olib borilgan so‘rovlardan 86 foiz afg‘on ayollari Tolibon uslubidagi tuzumning qaytishidan qo‘rqishlari ma‘lum bo‘lgan, deyiladi maqolada.

So‘rov natijalariga ko‘ra, har besh ayoldan bir nafari o‘z qizlarining ta‘lim olishlaridan xavotir bildirishgan, 72 foiz ayol esa, hayotlari 10 yildan ortiqroq vaqtdan beri yaxshilanganini aytgan.

Korkar xonimning Britaniya ro‘znomasiga aytishicha, ayollar o‘tgan 10 yil asnosida kuzatilgan taraqqiyot davomiy bo‘lishini istashadi, ammo ular siyosiy jarayonlardan chetda ushlab kelinmoqda.

"Hamma afg‘onlar - erkagu ayol mamlakatni xorijiy qo‘shinlarsiz ko‘rishni xohlaydi, ammo, mening o‘ylashimcha, xalqaro hamjamiyat ayollar masalasini kun tartibiga qo‘yishi va ular xavfsizlik va erkinliklar ta‘minlanishiga ishonch hosil qilmog‘i kerak", deydi u.

Ayni paytda afg‘on siyosatchisi Chikago yig‘ini masalaga mutlaqo diqqat qaratmaganini tanqid qiladi.

Kokar xonimning o‘zi Tolibon bilan tinchlik muzokaralariga jalb qilingan va u ko‘proq ayollarning siyosiy faoliyat olib borishlariga ruxsat berilishi kerak, deya hisoblaydi.

"Parlamentimizda ko‘pgina ayollar bor, biroq ular juda zaif rollarni bajaradilar. Hurmat qozonayotgan juda jasur ayollarimiz bor va ayrim muzokaralarni erkaklardan ko‘ra ko‘proq ularga ishonish mumkin", deydi Kokar xonim.

Tolibon qaytadimi?

Ayollarga qarshi zo‘ravonlik hollari ortishi bilan bir paytda ko‘plab mahkamalar ularni qonunan himoya qilmasligi ortidan bolalar jinsiy zo‘rlanishi, ayollarni xiyonatda ayblab qamash va maktab o‘qituvchilari qizlarga ta‘lim berayotgani uchun hujumga tutilishi kabi dahshatli hodisalar yuz bermoqda.

AkshinEyd jamg‘armasi omma masalalari bo‘yicha rahbari Melanie Ward xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat ayollarga katta tahdid ekanini aytadi.

"Tajriba shuni ko‘rsatadiki, ayollarga qarshi hujumlar oshayotgani ko‘pda Tolibon hududda qayta nazorat o‘rnatayotganidan ogohlantiruvchi ilk alomat bo‘lib chiqadi", deydi u.

Afg‘onistondagi ayollar va bolalarga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatish nohukumat tashkilotiga ko‘ra, ko‘plab yosh ayollar mamlakatni tashlab ketishmoqda.

"Ular Afg‘onistonda o‘z kelajaklarini ko‘rmaydilar, shunday ekan, zukko qizlar ta‘lim olish uchun yordam pullari va yo xorijda ish topish ilinjidalar. Bir necha kun ichida poytaxt yaqinidagi ikkita qizlar maktabi yoqib yuborildi, maktab o‘quvchi qizlariga qarshi kislota sepish hujumlari davom etmoqda, jinsiy zo‘rlash va ayollarni o‘g‘irlab ketish hodisalari ko‘paygan", dedi Melanie Ward.

"Ayollarga yordam berishga uringan ko‘plab nohukumat tashkilotlari xodimlari o‘ldirib ketildi. Xalqaro tashkilotlar tarafidan Afg‘onistonga kiritilgan milliardlar dollarlar erkak siyosatchilarning cho‘ntaklariga tushdi. Ayollar esa, o‘z vatanlarida o‘zlarini xavfsiz his qilmaydilar. Mamlakatdan chiqib keta olmaydigan ayollar shu bois uyga qayta qamalmoqdalar, ko‘p ayollar ishlashni to‘xtatishga qaror qilishmoqda", deydi u.

Melanie Wardga ko‘ra, xorijiy qo‘shinlar Afg‘onistonga kirib borgani ilk yillari ko‘p ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bergan, afg‘on ayollarining ham kundalik hayotlari ham qaysidir ma‘noda yaxshilangan. "Afsuski, - deydi Ward xonim, - 2007 yildan biri beqarorliklar kuchayishi ortidan vaziyat misli ko‘rilmagan daraja o‘zgardi". Buning barobarida esa, uning aytishicha, ayollarni tahqirlash hollari ham o‘sgan va hayot ayollar uchun mushkullasha borgan.

Ammo, maqola muallifiga ko‘ra, ayollar o‘zlarini yana uy qamalib qolishlarini istashmaydi.

"Nima uchun Afg‘oniston kelajagiga oid barcha rejalar mamlakat aholisining yarmini e‘tiborga olmaydi?" deya savol qo‘yadi AkshinEyd xodimasi Gardian bilan suhbatda.