Suriya: Houla shahridagi qirg‘in dunyo bo‘ylab qoralanmoqda

Image copyright AFP
Image caption BMT: "O‘ldirilganlarning 32 nafari bolalar"

G‘arb mamlakatlari Suriyaning Houla shahridagi qirg‘inni qoralab chiqishmoqda. Hodisa yuzasidan dunyo bo‘ylab g‘azab ortarkan, Qo‘shma Shtatlar Prezident al-Assadning "qotillik asosidagi boshqaruvi"ga barham berishga chaqirgan.

Ovro‘po Ittifoqi, Arab Ligasi, Frantsiya, Britaniya va Olmoniya ham hodisadan dahshatga tushganlarini bayon qilishgan va Assad tuzumiga bosimlarni kuchaytirishga chaqirishgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa, aholi yashaydigan joylarda og‘ir qurollardan foydalanmaslikni talab qilgan.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeygning aytishicha, ular ittifoqchilar bilan bu amallarga xalqaro miqyosda "qattiq javob" berish masalasini maslahat qilishmoqda. Ayni paytda Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig‘in o‘tkazishga chaqirilgan.

"O‘ldirilganlarning 32 nafari bolalar"

Markaziy Homs viloyatining Houla shaharchasi juma kungi namoyishlar ortidan Suriya armiyasining bomba hujumlari ostida qolgan.

Faollar ba‘zi jabrdiydalar to‘p o‘qlaridan nobud bo‘lganlarini, boshqalar esa, tuzumning "shabiha", deb nomlangan qurolli to‘dasi tarafidan qatl qilinganini aytishadi.

Faollar tomonidan internetda chop qilingan videoyozuvda yosh go‘daklar qonga belanib yotganlari namoyish etilgan.

Ammo, ushbu videoyozuvni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Suriyadagi kuzatuv hay‘ati rahbari Robert Muud Houlada 90dan ortiq odam o‘ldirilganini tasdiqlagan va hodisani kechirib bo‘lmas deya ta‘riflagan.

"Bugun ertalab hay‘atimiz o‘sha yerda edi. Ular qaytib menga hisob berishdi va biz o‘ldirilgan 32 nafar 10 yoshdan kichik bola, bunga qo‘shimcha taxminan 60ga yaqin katta yoshdagi odam sanab chiqilganini tasdiqlashimiz mumkin. Kuzatuvchilar, shuningdek, kichik va og‘ir qurollar, tanklarni aholi joylarida qo‘llashning oqibatlarini ko‘zdan kechirishgan", deydi Robert Muud.

"Bu qahramon Suriya armiyasiga xos amal emas"

Suriya davlat televizioni esa, o‘lim hollariga qurolli terrorchi guruhlarni ayblagan.

Suriya rasmiylari ham Houla shahridagi ommaviy qotillikka xavfsizlik kuchlarining aloqasi yo‘qligini aytgan.

Damashqda uyushtirilgan matbuot anjumanida Suriya Tashqi ishlar vazirligi voizi Jihod Maqdussiy aytishicha, yuzlab qattiq qurollangan jangarilar Houla shahriga kirishgan va tinch fuqarolarni nishonga olganlar.

Janob Maqdussiy so‘zlariga ko‘ra, erkaklar, ayollar va bolalarning boshidan otib o‘ldirish "qahramon" Suriya armiyasiga xos amal emas.

U xalqaro hamjamiyatning ushbu hodisaga munosabati faqat muxolifat manbalarining bayonotlariga asoslangan, deb aytgan.