Ruslan Chagayev navbatdagi jangini avgust oyiga rejalayapti

Image copyright AFP

O‘zbekistonlik dongdor bokschi, professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Ruslan Chagayev shu yilning 7 iyul kuni amerikalik bokschi Set Mitchel bilan ringga tushishi mumkinligiga oid turli internet nashrlarida chop etilgan xabarlarni rad etdi.

Yaqinda O‘zbekiston va G‘arbdagi ayrim nashrlar Boxingnews24.com veb sahifasiga tayanib, ayni shu mazmundagi xabarlarni tarqatishgandi.

Ruslanning aytishicha, bu kabi yangilikdan na-da o‘zi va na-da promouterlari xabardor.

“Bu gapni hozir birinchi bor sizdan eshitib turibman”, deydi Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatida bokschining o‘zi.

O‘zbekistonlik bokschiga ko‘ra, navbatdagi jangini faqat avgust oyida o‘tkazishi mumkin.

Ruslan, shunda ham, bo‘lajak raqibi hozircha noma‘lum ekani, promouterlari hozir shu ish bilan mashg‘ul ekanliklarini aytadi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

U Bi-bi-si O‘zbek Xizmati bilan suhbatida navbatdagi raqibining 39 yoshli kubalik bokschi Xuan Karlos Gomes ekaniga oid turli internet nashrlarida chop etilgan xabarlarni ham rad etdi.

O‘z o‘rnida, o‘zbekistonlik dongdor bokschining aytishicha, bu galgi janggi bundan avval o‘tkazgan ikkita reyting jangidan biroz farq qilishi mumkin.

Ruslanga ko‘ra, yanada kuchliroq raqib bilan jang o‘tkazib, WBA reytingida peshqadam mavqe‘ga ko‘tarilib olish niyatida.

O‘zbekistonlik dongdor bokschi WBA tasnifida o‘z reytingini yaxshilab, shu yil oxiri yo kelasi yil boshlarida yana jahon chempionligi kamari uchun bellashmoqchi.

Ruslan shu maqsadda bu yil hisobida qator janglar o‘tkazgan, aprel oyida amerikalik raqibi Billi Zumbrunni uchinchi raunddayoq mag‘lubiyatga uchratib, yanvar oyida trinidad va tobagolik raqibi Kertson Mensuell ustidan ham mutlaq g‘alaba qozongandi.

Jahon chempionligi

Ruslan Chagayev bundan besh yil burun rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida jahon chempioni bo‘lgan edi.

Buning ortidan, o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya ham etgan.

Ammo 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni ukrainalik raqibi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik kamaridan butkul mosuvo bo‘lgan.

Ruslan Chagayev professional ringda ja‘mi 32 ta jang o‘tkazib, shundan 29 tasida g‘alaba qozongan.

Ruslan o‘z vazn toifasida ham professional va ham havaskor boksda dunyodagi eng kuchli bokschilardan biri sifatida tan olinadi.

U bir necha yildan buyon Olmoniyaning Universum Box-Promotion klubida shug‘ullanib keladi.

Bu mavzuda batafsilroq