Futbol: Toshkent restoranlari Euro 2012 oldidan bellashishmoqchi

Image copyright EPA

Tashkilotchilarga ko‘ra, Toshkentdagi eng yaxshi restoranlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha uchinchi ochiq chempionat bu yil Ovro‘po birinchiligiga bag‘ishlanadi.

Ayon bo‘lishicha, 3 iyun kuni 12 ta restoran "Eng mazali" nomi uchun maydonga tushishadi va shu yo‘l bilan ularning orasidagi eng zo‘r futbol jamoasi aniqlab olinadi.

Tadbir hamtashkilotchilaridan Sherzod Ikromovning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bellashuv uch bosqichdan iborat bo‘ladi.

Unga ko‘ra, bir kunning o‘zida ham saralash, ham yarim final va ham final uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.

O‘ziga xos tadbir Toshkent Davlat iqtisodiyot universiteti stadionida uyushtiriladi.

Sherzod Ikromovning aytishicha, bu kabi g‘ayriodatiy tashabbus muallifi Toshkent shahridagi taniqli "shoumen" Artur Grigoryandir.

"Toshkent shahridagi eng yaxshi restoranlar o‘rtasidagi futbol bo‘yicha ilk ochiq chempionatini biz Jahon birinchiligiga bag‘ishlagandik. O‘shandan buyon bu kabi tadbirni o‘tkazish an‘anaga aylanib qoldi", deydi u.

Tashkilotchilarga ko‘ra, bu tujjoriy tadbir bo‘lmagani bois, g‘olib faqat o‘zlari tayyorlagan kubokka umid qila oladi, xolos.

"Menimcha, futbol bellashuvi yoshlar uchun ham, bu o‘n ikki restoran xo‘randalari uchun ham qiziq bo‘lishiga shubha yo‘q", deydi Sherzod Ikromov.

Unga ko‘ra, futbol uchrashuvlarini tomosha qilish va sevimli "jamoalari"ga ishqibozlik qilish uchun, albatta, yetarlicha odam topiladi.

Ukraina va Polьsha hammezbonligidagi Ovro‘po chempionatining o‘zi esa, 8 iyun kuni start oladi.

O‘zbekiston chempionatga qanday hozirlik ko‘rmoqda?

Mahalliy futbol sharhlovchisi Abror Imomxo‘jayevning biz bilan suhbatida aytishicha, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Ovro‘po chempionatini har safargidek nihoyatda orziqib kutishyapti.

"Chunki, judayam yirik musobaqa. Ustiga ustak, Ovro‘po futboli rivojlanganligi uchun, Ovro‘po chempionatining nufuzini, hatto, Jahon birinchiligidan ustun qo‘yayotganlar ham bor", deydi sharhlovchi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi ayrim restoran va kafelar allaqachon turli e‘lonlar orqali futbol ishqibozlarini o‘zlariga da‘vat etishni ham boshlashgan.

Ayon bo‘lishicha, Ovro‘po chempionati bellashuvlari vaqti O‘zbekistonda yarim tunga to‘g‘ri kelishi ham muxlislarni cho‘chitayotgani yo‘q.

Abror Imomxo‘jayevning aytishicha, bo‘lajak xalqaro tadbirga mamlakat ommaviy-axborot vositalarida ham qiziqish kuchli.

"Ham futbol ishqibozlariga ko‘proq ma‘lumot yetkazish, ham shuning orqasidan bir-ikki so‘m bo‘lsayam, foyda ko‘rish maqsadida hozir deyarli hamma nashrlar maxsus sonlarini chop etish bilan bandlar".

Unga ko‘ra, Ovro‘po chempionati davomida qay bir milliy terma jamoaga ishqibozlik qilish masalasida muxlislarning fikrlari har xil.

"Lekin kim g‘olib chiqadi, degan savolga asosan Ispaniya bilan Olmoniya nazarda tutilayapti. Juda ko‘p tortishuvlar, bahsu munozaralar ketayapti. Ammo, chempionat ishtirokchilarining juda yarmi bo‘lmasa ham, uchdan bir qismiga ishqibozlik qiladigan muxlislar bor", deydi futbol sharhlovchisi.

Translyatsiya huquqi

Image copyright ferghana.ru

Ayon bo‘lishicha, Ovro‘po chempionati uchrashuvlari bu yil O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatiladi.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi vakilining biz bilan suhbatida aytishicha, bu xususda Osiyo teleradiouzatish ittifoqi bilan shartnoma imzolangan.

"Sakkizinchi iyundan boshlab, birinchi iyulgacha, chempionat boshidan oxirigacha to‘liq translyatsiya etiladi", deydi kompaniya vakili.

U mazkur shartnoma moliyaviy jihatdan O‘zbekiston tomoniga qanchaga tushgani haqida o‘zida ma‘lumot yo‘qligini aytadi.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasi xodimining so‘zlariga ko‘ra, Ovro‘po chempionati uchrashuvlarini olib ko‘rsatishdan tijorat maqsadlarida foydalanishsa, restoran, kafe, bar va ovqatlanish shoxobchalari o‘zlari bilan shartnoma imzolashlari lozim bo‘ladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, bu kabi litsenziyani olish uchun ovqatlanish maskanlari Toshkent shahri misolida davlat kursi bo‘yicha 1000 AQSh dollari, viloyatlar misolida esa, davlat kursi bo‘yicha 500 AQSh dollari miqdorida pul o‘tkazishlari lozim bo‘ladi.

Teleradiokompaniya vakilining aytishicha, o‘zlari bilan shartnoma imzolashga qiziqish bildirayotganlar anchagina.

Unga ko‘ra, o‘yinlarni o‘g‘rincha olib uzatish hollari vakolatli organlar tomonidan qat‘iy nazorat ostiga olingan.

"Agar bunaqa qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilsa yoki bunga o‘xshash holatlar aniqlansa, ular jarimaga tortilishadi".

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo teleradiouzatish ittifoqi bilan imzolagan shartnomasi tufayli, Ovro‘po chempionati uchrashuvlarini translyatsiya etish huquqini faqat O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi olgan.