Qozog‘iston: yonib ketgan chegara nuqtasidagi chegarachilar o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin

Image caption Qozog‘iston Chegara xizmati direktori birinchi o‘rinbosari Turganbek Stambekovga ko‘ra, 13 kuygan inson jasadi topilgan.

Qozog‘iston huquq-tartibot organlari xabar qilishicha, Qozog‘iston-Xitoy chegarasidagi Olako‘l tumanidagi ko‘chma chegara posti yonib ketgani aniqlangan, u yerda bir necha chegarachining jasadi topilgan.

Rasmiylar halok bo‘lgan insonlarning soni aniqlashtirilayotgani haqida aytishgan, biroq ommaviy axborot vositalari Qozog‘istonning chegara va boshqa huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga tayanib kamida 13 chegarachi jasadi topilgani haqida xabar tarqatganlar.

Qozog‘iston chegara mas‘ullariga ko‘ra, chegara postida 15 tacha qo‘riqchi xizmat qilgan.

Chegarachilarga tegishli qurol-yarog‘ g‘oyib bo‘lgani xabar qilingan.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, tog‘lik joydagi "Arkankergen" deb nomlangan chegara posti faqat yilning issiq oylarida o‘rnatiladi, sababi Qozog‘istonning bu hududiga Xitoy fuqarolarining dorivor giyohlarni yig‘ish maqsadida noqonuniy o‘tish hollari ko‘p uchragan.

Hodisa ro‘y bergan joyga tergov guruhi yuborilgan.

Qozog‘iston chegara xizmatidan aytishlaricha, chegarachilarning jasadi 30 may kuni topilgan.

Zastavada xizmat qilayotgan chegarachilar belgilangan vaqtda aloqaga chiqmaganlaridan keyin u yerga shoshilinch guruh yuborilgan.

Harbiylar chegara posti yoqib yuborilganini ko‘rganlar va postga yaqin joylashgan ovchi uychasida o‘rmonchining jasadi topilgan.

O‘rmonchining ikki kun oldin o‘ldirilgani aniqlangan.

Ushbu favqulodda hodisa yuzasidan Qozog‘iston Milliy Xavfsizlik qo‘mitasining Chegara xizmati direktori birinchi o‘rinbosari Turganbek Stambekov brifing o‘tkazgan.

Chegara xizmati rahbari o‘rinbosari so‘zlariga ko‘ra, hodisa joyida kuyib ketgan 13 insonning jasadi topilgan, ular orasida o‘rmon xo‘jaligi xodimining jasadi ham bor.

Turganbek Stambekov hodisa joyiga chegara xizmati, Ichki ishlar vazirligi va harbiy prokuratura xodimlari yuborilgani va operativ-qidiruv ishlari olib borilayotganini aytgan.

Janob Stambekov jurnalistlarning topilgan jasadlar yong‘indan oldin o‘ldirilganlarmi yoki yong‘in oqibatida, degan savollariga javob qaytarmagan.

Ushbu hodisa chegarachilarga hujum yoki "dedovshina" oqibati bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar ilgari surilgan.

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralaridagi manbalardan biri chegara nuqtasida odatda 15 kishi xizmat vazifasini o‘tashini va yana kamida ikki chegarachining taqdiri noma‘lumligini nazarda tutib, bu "dedovshina" hodisasi bo‘lishi mumkin, deb aytgan.

Qozog‘iston Xitoy bilan 1530 kilometrlik umumiy chegaralarga ega.