Suriya isyonchi rahbarlari ultimatum borasida kelishmaganlar

Image copyright AP
Image caption Suriya isyonchilari, hukumat qo‘shilari bilan solishtirganda, ancha nochor qurollanganlar

Isyonchi Ozod Suriya Armiyasi Prezident Bashar al-Assad hukumatiga BMTning otashkesim rejasiga amal qilish uchun 48 soatlik muddat bergan.

Xomsda joylashgan Ozod Suriya Armiyasi polkovnigi Qosim Saadiddin agar juma kuni tushgacha hukumat tomonidan ijobiy ishora olinmasa, isyonchilar otashkesim rejasiga bo‘ysunmay qo‘yishlarini bildirdi.

Lekin, Ozod Suriya Armiyasining rahbari General Riyod Asad so‘ngroq bu kabi muddat e‘lon qilinganini rad qildi.

Shu kunlarda Suriyada bir necha hafta bo‘lib qaytgan BBC muxbiri Pol Vud mamlakatda hech qanday otashkesimga rioya qilinmayotganini aytadi.

Qonli hodisalarning oxirgisida BMT kuzatuvchilari Deyr al-Zur shahrida 13ta otib ketilgan jasadlarni topishganini bildirganlar.

13 nafar erkakning qo‘llari orqasiga qayrilib bog‘langan bo‘lib, ba‘zilari boshidan o‘q yegani aniqlangan.

Bu mudhish hodisa Hula shahrida 100dan oshiq qirg‘in qilingan jasadlarning topilishidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘lmoqda.

Polkovnik Saadiddinning ulьtimatumi internetda tarqatilgan videomurojaatda yangragan. Unda u hukumat "zudlik bilan otishmani to‘xtatsin, va Suriya shahar va qishloqlaridan qo‘shinlari, tanklari va og‘ir qurollarini olib chiqsin" deydi.

"Hukumat, shuningdek, zudlik bilan barcha jabr ko‘rgan hududlarga insonparvarlik yordami kirishi uchun ruxsat bersin va barcha qo‘lga olingan odamlarni ozod qilsin. Rejim qudratni Suriya xalqi qo‘liga topshirish yo‘lida BMT orqali jiddiy va haqiqiy muzokaralarga kirishi shart", - deb aytgan Polkovnik Saadiddin.

Lekin General Asad Turkiya bilan chegaradan al-Jaziraga intervyu bera turib, Ozod Suriya Armiyasi Kofin Annanning rejasi va xalqaro rezolyutsiyalarni amalga oshirishga bel bog‘laganini aytdi.

"Hech qanday muddat e‘lon qilinmagan, umid qilamizki Kofi Annan bu rejaning muvaffaqiyatli bo‘lmaganini e‘lon qilib bayonot chiqaradi", - dedi u.

Qo‘shni Livanda joylashgan BBC muxbiri Jim Myuirning aytishicha, Ozod Suriya Armiyasi yaxshi qurollanmagan va uning qudrati hukumat qo‘shinlarining og‘ir qurollari va tanklariga hech mos kelmaydi.

Ayni damda AQShning BMTdagi elchisi Syuzan Rays Suriyada mojaroning yanada avj olishi ehtimoli katta ekani va janglar endi mintaqadagi qo‘shni davlatlarga ham yoyilishi mumkinligini aytdi.

U BMT Xavfsizlik Kengashi Annan rejasidan tashqarida amal qilishi mumkinligiga ishora qildi, lekin yangi tashabbus istiqbollariga Rossiya va Xitoy to‘siqlik qilmoqda.

Rossiya Tashqi Ishlar Vazirining muovini Gennadiy Gatilov Moskva "har qanday tashqi aralashuvga keskin qarshi" ekanini aytdi.