"Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilari O‘zbekistonga kiritilsin"

G‘arbdagi bir qator nohukumat tashkilotlari Ovro‘po Ittifoqini O‘zbekiston hukumatiga Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarini mamlakatga qo‘yish borasida bosim o‘tkazishga chaqirishgan. Ittifoq tashqi siyosat mahkamasi rahbari Ketrin Eshton hamda Daniya tashqi ishlar vaziri nomiga yo‘llangan maktub O‘zbekiston paxta dalalarida majburiy bolalar mehnatiga barham berishga qaratilgan xalqaro sa‘y-harakatlarning bir qismidir. O‘zbekiston hukumati majburiy bolalar mehnatidan foydalanayotganini rad etib keladi. Ammo mahalliy va xalqaro faollar buni allaqachon hujjatlashtirishgan. Xo‘sh, shunday ekan, Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarining O‘zbekistonga safar qilishi nima uchun muhim? Biz ushbu savolni maktubga imzo qo‘ygan Londondagi "Sleyveri Interneyshnl" tashkilotidan Joanna Evort Jeymsga berdik:

Javob: O‘zbekistondagi bolalar mehnatini kuzatayotgan mustaqil monitoring guruhlaridan kelayotgan barcha ma‘lumotlar va hatto, Birlashgan Millatlarning bu borada o‘z xavotirlarini ochiq-oydin izhor qilishiga qaramay, O‘zbekiston hukumati mamlakatda majburiy bolalar mehnati mavjudligini inkor qilib kelmoqda. Shuning uchun ham, bir tomondan O‘zbek hukumati, ikkinchi tomondan esa, xalqaro bolalar mehnatiga qarshi faollar va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi bu bahsni yechishning yagona to‘g‘ri yo‘li, bu-Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarining O‘zbekistonga kirishiga ruxsat berishdir. Tashkilot O‘zbekistonda haqiqatda nimalar yuz berayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, muammoning tabiati va miqyosini baholaganidan keyingina, O‘zbekiston hukumati bu tajribaga barham berish yo‘lida nimalar qilishi kerakligi yuzasidan tavsiyalarini bera oladi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti a‘zo davlatlarning hamkorligi bilan faoliyat yuritadi.

Savol: Hozirgacha O‘zbekiston hukumati Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilarini qanday asosda rad qilib kelayapti?

Javob: O‘tgan ikki yilda Xalqaro Mehnat Tashkiloti a‘zo davlat bo‘lgan O‘zbekiston hukumatiga o‘z kuzatuvchilari guruhini mamlakatga taklif qilish yoki ularning safariga izn berishni tavsiya qilib keldi. Ammo hozirgacha hukumat bunday taklifnoma chiqargani yo‘q. O‘tgan yili O‘zbek hukumati, hatto, bu kabi tavsiyani qat‘iyan rad etgan. Ularning nazarida bu kabi monitoring o‘tkazishga hojat yo‘q. Vaholanki, O‘zbekiston hukumati Xalqaro Mehnat Tashkiloti Konventsiyasini imzolagan va bu hujjat tashkilot missiyasini mamlakatga taklif qilish yoki ularning kuzatuviga ruxsat berish singari majburiyatlarni ham nazarda tutadi. Ammo O‘zbekiston hukumatining nazarida muammo xalqaro jamoatchilik o‘ylayotganidek emas.

Savol: Shu yil boshlarida hukumat o‘zi mamlakatdagi ehtimoliy majburiy bolalar mehnatini kuzatuvchi hay‘at tuzish rejasini e‘lon qilgan. Siz bu tashabbus haqida nima deysiz?

Javob: Men bu tashabbusning tafsilotlarini bilmayman. Ammo mehnat standartlarini nazorat qilish uchun vakolatli tashkilot, bu Xalqaro Mehnat Tashkilotidir. U dunyoda bu kabi tajribaga barham berish yuzasidan yetarli tajribaga ega va zarur tavsiyalarni berishga qodir. Agar O‘zbekiston hukumati bu borada qandaydir ishonchli qadamlarni qo‘yishni istasa, buning uchun o‘zi a‘zo bo‘lgan va me‘yoriy hujjatlarini imzolagan Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan hamkorlik qilishi kerak.

Savol: O‘zbekiston hukumati Xalqaro Mehnat Tashkiloti kuzatuvchilariga ruxsat berdi ham deylik. Ular majburiy bolalar mehnatini hujjatlashtirishdi, deb tasavvur qilaylik. O‘zbekiston hukumati uchun buning qandaydir oqibatlari bo‘ladimi?

Javob: Xalqaro Mehnat Tashkiloti mehnat standartlariga rioya etilishini kuzatadi. Agar tashkilot O‘zbekistonga kirish imkoniga ega bo‘lsa-yu, biz hozirda bilgan narsalarni tasdiqlasa, ya‘ni majburiy bolalar mehnatidan foydalaniladi, degan xulosaga kelsa, u holda O‘zbekiston hukumatiga o‘z amaliy dasturi va texnik yordamini taklif qiladi. Ya‘ni asosiy maqsad bu qullikning zamonaviy ko‘rinishiga barham berish, kimnidir jazolash emas.

BBC: So‘nggi yillarda "Adidas" doxil, dunyoning kiyim-kechak ishlab chiqaruvchi qator yirik shirkatlari O‘zbekistondagi bolalarning majburiy mehnatiga qarshi kampaniyani qo‘llab-quvvatlashgan va O‘zbek paxtasini boykot qilganlar.

Shu tariqa O‘zbekiston hukumati bolalar mehnati borasida tobora ko‘proq bosim ostida qolayotir.

Ammo bu bosim mamlakat ichkarisida seziladimi?

Bu yilgi paxta mavsumining o‘tgan yillardigidan farqli bo‘lishini kutishimiz mumkinmi?

Suhbatdoshimiz qarshilik faol Nodir Ahatov:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi