Parkentlik o‘qituvchilar ishlariga qaytganlar

Image caption O‘zbekiston ichki ishlar xodimlarining noqonuniy, o‘zboshimcha xatti-harakatlari haqida aytib kelinadi

Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhining bergan ma‘lumotiga ko‘ra, 6 iyun kuni Toshkent viloyatining Parkent shahrida yaqinlari diniy sababga ko‘ra qamalgan 14 nafar o‘qituvchining ishdan olingani xabar qilingan edi.

Guruh rahbari Sur‘at Ikromovning aytishicha, o‘qituvchilardan "o‘z hohishiga binoan" ishdan bo‘shayotgani to‘g‘risida ariza ham yozib olingan.

Aks holda jinoiy ish ochish bilan po‘pisa qilingan.

"Mana bugun ishdan bo‘shatilgan bir nechta parkentlik o‘qituvchilar menga qo‘ng‘iroq qilishib, ishga qayta tiklanganlarini bildirishdi",- deydi Sur‘at Ikromov Bi-bi-si bilan suhbatda.

Huquq faoliga ko‘ra, o‘qituvchilarning ishdan bo‘shatilishi, maktab direktorlari, va tadbirkorlarning noqonuniy ravishda hibsga olinishini o‘rganish va tekshirish uchun O‘zbekiston Oliy majlisi qoshidagi inson huquqlari bo‘yicha qo‘mita hamda mamlakat Ombudsmeni vakillari Parkentga borishgan.

Ular bilan uchrashgan tuman xalq ta‘limi bo‘limi mudiri Parkent tuman ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i talabi bilan o‘qituvchilar ishdan bo‘shatilganini aytgan.

Parkent militsiyasi boshlig‘i unga ishdan bo‘shatilishi lozim bo‘lgan o‘qituvchilar ro‘yxatini bergan bo‘lgan.

Sur‘at Ikromovga ko‘ra, Parkent tuman xalq ta‘limi bo‘limi mudiri o‘qituvchilari ishdan bo‘shatilgan maktab va litsey direktorlarini huzuriga chaqirgan, hozir ularning ishga qayta tiklash masalasi hal qilinayotganini aytgan.

" Ichki ishlar xodimlari tomonidan olib ketilgan maktab direktorlaridan bittasi qo‘yib yuborilgan. 14 o‘qituvchining barchasi ishga tiklangan. Ularning ishdan bo‘shatilganiga asosiy sabab yaqinlarining diniy sabablar bilan qamalgani, qidiruvda bo‘lganligi, o‘zining machitga chiqib turishi, ro‘mol o‘ragani bo‘lgan. Lekin yaqinlari uchun javob berish, ishdan ketish inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishidir",- deydi Sur‘at Ikromov.

Shuningdek, xizmat vazifasini suiste‘mol qilgan, qo‘rqituv, zo‘ravonlik orqali odamlarni ishdan bo‘shatilishiga sabab bo‘lgan Parkent ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga qanday chora ko‘rilishi hozircha noma‘lum.

O‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish bo‘yicha ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan amalga oshirilgan noqonuniy, o‘zboshimcha xatti-harakatlarni tekshirish uchun O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi shaxsiy xavfsizlik boshqarmasidan vakillar Parkent tumaniga kelishi ma‘lum qilingan.