Ayol qachon o‘ziga o‘t qo‘yadi?

Ayon bo‘lishicha, Tojikistonda yiliga yuzlab ayollar o‘zlarini o‘ldirishga urinishadi. O‘z joniga qasd qilish hollarining asosiy sabablari esa, oilaviy mojarolar va maishiy zo‘ravonlik ekan.

Dushanbedan muxbirimiz Anora Sarkorovaning xabar berishicha, xudkushlikka qasd qilgan ayolni na-da o‘lim, na-da diniy taqiqlar va na-da bolalarining kelajagidan xavotir ortga qaytara oladi.

“Ayollar o‘zlarini osish, suvga cho‘ktirish yoki o‘t qo‘yish bilan hayotlariga nuqta qo‘yishga urinishadi,” deydi muxbirimiz.

Omon qolgan ayollar aksariyatining iqrorlariga qaralsa, uydagilarini qo‘rqitib qo‘yish yoki eri va uning yaqinlari munosabatlarini o‘zgartirish uchun bu ishga qo‘l urishgan.

Ayollar orasidagi xudkushlik darajasi mas‘ullarni ham xavotirga solmay qo‘ymagan.

Tojikiston Ichki ishlar vazirligining ma‘lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakatda 227 ta ayol o‘zini o‘ldirishga uringan.

Shu yilning dastlabki uch oyida esa, bu raqam oltmishtadan ham oshib ketgan.

Janjal qizig‘ida

23 yoshli Gulsifat Zaripova eri bilan urishib qolib, o‘tgan yili o‘ziga o‘t qo‘ygan.

Qariyb bir yildirki, poytaxt Dushanbedagi Kuyish jarohatlari markazida davolanadi.

Solyarka sepib, o‘zini yoqib yuborgan paytda terisining 80 foizdan ortiqrog‘i kuygan.

“Erimning oilasi o‘ziga to‘q edi. Men esa, nochor oiladan chiqqanman. Erim har doim shuni yuzimga solar, har qanday bahona bilan kaltaklashga urinardi. Pishirgan ovqatim yoqmasa ham urardi, qaynonam qilgan ishimdan gap topsa ham kaltaklardi. Oxiri chidolmadim. Omborxonaga kirib, ustimdan solyarka quydim. O‘zimga olov berib, ko‘chaga yugurdim. Erim ko‘rib qo‘ysin, dedim. Chekayotgan azoblarimga birato‘lasiga chek qo‘ymoqchi bo‘ldim. Hayotimdan shunchalik to‘yib ketganimdan, hatto, og‘riqni ham o‘ylamabman”, deydi Gulsifat.

Shifokorlar nafaqat Gulsifat, uning homilasini ham qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lishadi.

Ammo, shifokorlarga ko‘ra, qo‘li va oyoqlari qattiq kuygani bois, Gulsifat bir umrga mayib bo‘lib qolishi mumkin.

Bu esa, uning doimo birovning yordamiga muhtoj bo‘lib yashashini anglatadi.

Ustiga ustak, kuygan yuzini tiklash uchun bir nechta jarrohlik amaliyoti lozim bo‘ladi.

Ammo oilasi qashshoq ekani bois, bu kabi serxarajat amaliyotlarga puli yo‘q.

“Otam maktabni tugatishimizga ham izn bermaganlar. Tumanimizdagi aksariyat qizlar ham o‘qishmaydi. Ikkita katta opam hali turmush qurishmagan. Qishloqda ko‘pchilik shuni yuzimizga solardi. Shu sababdan ham, ota-onamnikiga qaytib borishdan qo‘rqardim, erimning munosabati yaxshilanib qolar deb, kaltaklar va haqoratlarga chidab yashardim”, deydi Gulsifat.

Tojikistonning qishloq hududlarida xudkushlik – oilaviy janjallardan qutilishning yana bir vositasiga aylanib bormoqda.

Mingdan bittasi

Muxbirimizning aytishicha, Gulsifat hodisasi Tojikistonda yagonasi emas.

Tojikistonda o‘qish, ishlashga ruxsat bermay, majburan erga berib yuborilgan qizlar ozmuncha emas, deydi u.

Turmushlari buzilgandan keyin esa, qo‘llarida pullari, borib yashay deyishsa, joylari bo‘lmagan ayollar bolalarini yetaklab, ko‘p-da, ota-onalarinkiga borishni o‘zlariga ep bilishmaydi.

Yozish-chizishni haminqadar bilgan yosh juvonlarning biror bir ish topib ketishlari ham qiyin bo‘ladi.

Shuning uchun ham, hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga umid qilib, kaltaklar va tahqirlarga chidab, yashayverishadi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, mavjud vaziyatda jamiyatda ayol va erkakning o‘rnini qat‘iy belgilab beruvchi sharqona tarbiya va diniy qadriyatlar ham ozmuncha rolь o‘ynamaydi.

Yopdi-yopdi

Har yili Dushanbedagi Kuyish jarohatlari markaziga o‘z joniga qasd qilishga uringan 10-15 nafar ayol keltiriladi.

Jinoiy javobgarlik va odamlarning gap-so‘zlaridan qo‘rqib, ularning oilalari bor haqiqatni yashirishga urinishadi.

Markazdagi ayollardan faqat Gulsifatgina bizga o‘z kechmishlarini so‘zlab berishga rozi bo‘ldi.

Uning iqrorlari asosida mahkama o‘zini o‘ldirish darajasiga olib borgani uchun, erini qamoq jazosiga hukm etdi.

Mahalliy faollar tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari tojik ayollarining yarmidan ko‘prog‘i izchil ravishda maishiy zo‘ravonlikka duchor bo‘lishini ko‘rsatgan.

Ammo, mas‘ullarning muammoni yechish yo‘lidagi sa‘y-harakatlariga qaramay, ushbu raqamlar uzoq yillardan buyon o‘zgarishsiz qolmoqda.