Tokio sayyohlar uchun dunyoning eng qimmat shahri deb topildi

Image copyright Getty Images
Image caption Tokio sayyohlar uchun dunyoning eng qimmat shahri deb topilgan

Yaponiya poytaxti - Tokio, Mercer Human Resource maslahat shirkati tasnifiga ko‘ra, xorijliklar uchun dunyoning eng qimmat shahri deya topilgan.

O‘tgan yili dunyoning eng qimmat shahri deya Angola poytaxti Luanda e‘tirof etilgan edi.

Ro‘yxatning uchinchi qatorida Yaponiyaning boshqa bir shahri - Osaka o‘rin olgan.

Yuz minglab o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari qo‘nim topgan Moskva esa reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallagan.

Sayyohlar uchun eng qimmat shaharlar ro‘yxatining beshinchi qatorida Jeneva bormoqda.

Mutaxassislar fikricha, iqtisodiy bo‘hron tufayli Ovro‘poning ko‘plab shaharlarida yashash arzonroqqa tushayotgan ekan.

Tasnifda birdaninga o‘n qator pastlagan Parij 37 o‘rin, yetti o‘rin pastlagan Italiya poytaxti - Rim esa 42-o‘rinni egallagan.

Chuqur moliyaviy bo‘hronni boshdan kechirayotgan Yunoniston poytaxti Afina 24-qatordan 77-qatorga tushgan.

London esa 18-o‘rindan 25-o‘ringa pastlagan.

Mercer Human Resource tasnifiga ko‘ra, o‘tgan yilda bo‘lgani singari, Pokistonning Karachi bandargoh shahri xorijiy sayyohlar uchun dunyoning eng arzon shahri deya topilgan.

Karachida sayyohlar xarajati Tokioga nisbatan uch baravar kam ekan.

Dunyoning 10ta eng arzon shaharlari sirasiga Qirg‘iziston poytaxti - Bishkek ham kiritilgan.

Reytingni tuzgan mutaxassislar dunyoning 214 shahrida 200dan ziyod tovar va xizmatlar (jumladan uyni kiraga olish, ovqatlanish va yoqilgi) narxlarini hisoblab chiqishgan.

Narxlar uchun me‘yor sifatida Nyu-York shahri tanlangan.