Toshkent: Qirg‘iziston elchixonasi o‘ngida yig‘ilgan faollar hibsga olindi

Image caption O‘tgan yili o‘tkazilgan piketda 15 ga yaqin faol hibsga olingan edi

O‘zbekistonlik faollar xabar berishicha, Toshkentda militsiya Qirg‘iziston elchixonasi o‘ngida norozilik piketini o‘tkazishga uringan taxminan 15 nafar o‘zbekistonlik faolni hibsga olgan.

Hibsga olinganlar "Birdamlik" xalq harakati faollari ekani xabar qilinadi.

Ular orasida "Birdamlik"ning O‘zbekistondagi bo‘limi rahbari Malohat Eshonqulova ham bor.

"Birdamlik" rahbari Bahodir Choriyevning BBCga ma‘lum qilishicha, harakat faollari hozirda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman Ichki ishlar idorasida ushlab turilibdi va ularga nisbatan ma‘muriy jazo tayinlanishi mumkin.

Bahodir Choriyevning ilova qilishicha, norozilik namoyishida ishtirok etish uchun Toshkentga yo‘l olgan harakatning yana 25 faoli yo‘lda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlab qolingan.

Malohat Eshonqulova o‘tgan hafta oxirida piket o‘tkazishga izn berishni so‘rab, Toshkent shahar hokimiyatiga ariza topshirgan edi.

Shahar hokimiyatining mazkur arizaga e‘tibor bermagani, Bahodir Choriyevning bildirishicha, harakat faollarini norozilik aktsiyasini boshlashga undagan.

Norozilik namoyishi, mahalliy faollarga ko‘ra, 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan "qonli hodisalarga mas‘ul" rasmiy Bishkek hukumatiga qarshi o‘tkazilishi kerak edi.

"Birdamlik" faollari shuningdek Qirg‘iziston hukumatini "o‘zbeklarga qarshi aparteid siyosati"ni yuritishda, O‘zbekiston hukumatini esa Qirg‘izistonda o‘zbeklarga nisbatan yuritilayotgan bu siyosatga "befarqlik"da ayblaganlar.

Roppa-rosa bir yil muqaddam Qirg‘iziston elchixonasi o‘ngida O‘sh va Jalolobod shaharlarida yuz bergan etnik nizolarni xotirlashga uringan 15 faol hibsga olinib, ma‘muriy jazoga tortilgan edi.