Iroq: Hilla va Bag‘dodda bomba hujumlari 62 insonning umriga zomin bo‘ldi

Image copyright AFP
Image caption Yaqin bir necha kun ichida imom Musa al-Kozim o‘ldirilgani sanasini nishonlayotgan shialarga qarshi qator hujumlar uyushtirilgan

Iroq politsiyasiga ko‘ra, 6 viloyatda, jumladan, Bag‘dodning 10ta hududida amalga oshirilgan bomba hujumlarida 62 inson nobud bo‘lgan.

Iroq poytaxtida shia ziyoratchilari to‘plangan diniy marosim chog‘i yuz bergan portlashda yana ko‘plab insonlar hayotdan ko‘z yumgani xabar qilinadi.

Hilladagi restoranlardan biri yaqinida 2ta mashinada o‘rnatilgan bomba portlatilarkan, 15 kishi nobud bo‘lgan.

Yaqin bir necha kun ichida imom Musa al-Kozim o‘ldirilgani sanasini nishonlayotgan shialarga qarshi qator hujumlar uyushtirilgan.

Yakshanba kuni Bag‘doddagi ziyoratgoh yaqinida amalga oshirilgan hujum 4 nafar insonning umriga zomin bo‘lgandi.

Iroq Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, mazkur hujum ortidan shahar bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Chorshanba kuni Hilla shahridan olingan suratlarda portlashdan keyingi manzara: vayron bo‘lgan restoran, avtomobillar, to‘zib ketgan ko‘chalar aks etgan.

Politsiya va o‘t o‘chiruvchilar hodisa joyida tozalash ishlari olib borishmoqda.

Bir necha yil oldingi mazhablararo qotilliklardan so‘ng Iroqdagi zo‘ravonliklar cho‘g‘i pasaygan, biroq jangarilar xavfsizlik kuchlari va tinch aholiga qarshi tez-tez hujumlar uyushtirib turishadi.

Shialarga qarshi so‘nggi hujumlar Bosh vazir Nuri al-Malikiy hukumati Sunniy Iroqiya bloki yuqori martabali a‘zolariga qarshi harakatlari ortidan kuzatilmoqda.