NATO Pokiston orqali ta‘minot yo‘li qayta ochilishiga umid qiladi

Image copyright AFP
Image caption Og‘ir yuk mashinalar va konteynerlar Pokiston bandargohlari va Afg‘oniston chegarasiga yaqin hududda to‘xtab qolgan va ishlari ushbu serdaromad sohaga bog‘liq bo‘lgan haydovchilar zarar ko‘rmoqdalar

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen Afg‘onistonga Pokiston orqali tranzit yo‘li "yaqin kelajakda" ochilishiga umid bildirgan.

Afg‘onistondan chiqib ketishni rejalayotgan NATO bu borada ko‘proq tanlovga ega bo‘lish istagida.

Yaqinda NATO O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan tranzit bo‘yicha kelishuvlarini e‘lon qilgandi.

Dushanba kuni Amerika hay‘ati Pokiston orqali o‘tuvchi ta‘minot yo‘lini qayta ochishga qaratilgan muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolishi ortidan Islomobodni tark etishgan.

"Markaziy Osiyo orqali yo‘l qimmat"

Bir necha oydirki, NATOning yuk mashinalari Pokiston orqali Afg‘onistonga o‘ta olmaydi.

Og‘ir yuk mashinalar va konteynerlar Pokiston bandargohlari va Afg‘oniston chegarasiga yaqin hududda to‘xtab qolgan va ishlari ushbu serdaromad sohaga bog‘liq bo‘lgan haydovchilar zarar ko‘rmoqdalar.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi chegara nuqtalari o‘tgan noyabr oyida NATO hujumida 24 nafar Pokiston askari o‘ldirilishi ortidan yopib qo‘yilgandi.

Ammo, muammo yaqinda hal bo‘ladi degan taxminlar AQSh muzokarachilari Islomoboddan biron bir natijaga erisha olmay ortga qaytishlari bois yo‘qqa chiqdi.

Yuzaga kelgan vaziyat NATOni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan kelishuvga erishishga majburladi. Janob Rasmussen Avstraliyaga safari chog‘i Markaziy Osiyo orqali ko‘zlangan tranzit yo‘llari Afg‘onistondan xorijiy askarlarni olib chiqish jarayonida katta ahamiyatga ega bo‘lishini aytdi.

"Biz iloji boricha ko‘proq muqobil yo‘llarga ega bo‘lmoqchimiz. Bu murakkab vazifani amalga oshirish tashkiliy jihatdan juda mushkul. Shuning uchun, biz turli tranzit yo‘llariga o‘ta muhtojmiz", dedi NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen.

Uning qo‘shimcha qilishicha, NATO Pokistondan o‘tuvchi janubiy ta‘minot yo‘lini qayta ochilishiga umid qiladi.

"Bizning Pokiston orqali tranzit yo‘llarimiz vaqtinchalik yopib qo‘yilgan. Anchadan beri muzokara olib borayotgan NATO rasmiylari ularni qayta ochish ilinjidalar. Hozirga qadar biz maqsadimizga erisha olmadik. Pokiston orqali o‘tuvchi ta‘minot yo‘llarini qayta ochilishiga umid qilamiz", deb aytgan NATO Bosh kotibi.

Pokiston orqali o‘tuvchi yo‘lakning qayta ochilishida moliviy tomon ham katta rol o‘ynaydi. Xabarlarga ko‘ra, Markaziy Osiyo ta‘minot yo‘li janubiy tranzit yo‘liga qaraganda kamida ikki barobar qimmatga tushadi.