O‘sh qirg‘inini xotirlashga uringan faollar jarimaga tortildi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption Militsiya namoyishchilarga plakatlarini ochishga ham ruxsat bermagan

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tuman mahkamasi 12 iyun kuni qirg‘iz elchixonasi oldida ruxsat etilmagan norozilik piketi o‘tkazishga uringan muxolifat faollarini katta miqdordagi jarimaga mahkum etgan.

"Birdamlik" xalq harakati faoli Malohat Eshonqulovaning BBCga ma‘lum qilishicha, poytaxt militsiyasining Terrorizmga qarshi kurash bo‘limi tergovchilari 8 soatdan ko‘proq davom etgan tergov nihoyasida faollarni "noqonuniy piket, yurish va namoyishlar o‘tkazish"da ayblashgan.

Namoyishchilar ustidan kechki soat 8.30 da boshlangan mahkama 15 daqiqa davom etgan.

Mahkama uch nafar faol-Malohat Eshonqulova, Sanoat Abdurahmonova hamda Sardor O‘rolovlarga eng kam ish haqining 80 barobari yoki 5 yarim million so‘m miqdorida jarimaga solgan.

Hibsga olingan faollarning himoyachi bilan ta‘minlash haqidagi talablari rad etilgan.

Toshkent shahar hokimiyati muxolifatchilarning namoyish o‘tkazishga ruxsat berish haqidagi so‘rovlarini javobsiz qoldirgan.

"Qirg‘iz elchixonasi ranjigan"

Muxolifatdagi "Birdamlik" xalq harakatining 30 dan ortiq faollari seshanba kuni poytaxtdagi Qirg‘iziston elchixonasi yaqinida namoyish o‘tkazish uchun yig‘ilgan paytlari ko‘p sonli fuqaro kiyimidagi xodimlar tomonidan ushlab, olib ketilgan.

Malohat Eshonqulovaning aytishicha, militsiya qirg‘iz elchixonasidan bir necha yuz chaqirim uzoqlikda joylashgan Toshkent Irrigatsiya instituti oldida to‘plangan namoyishchilarni elchixona tomon yurishni boshlagan paytlari hibsga olgan.

Namoyishchilarga shiorlar yozilgan plakatlarni ochishga ham izn berilmagan.

"Plakatlarimizda "O‘zbek va qirg‘iz millatining o‘zagi bir", "Yo‘qolsin millatchilik!", "Qirg‘izistonlik millatdoshlarimizning haq-huquqlarini poymol etish to‘xtatilsin!", "Azimjon Asqarov ozod etilsin!" kabi shiorlar yozilgan edi", - deydi Malohat Eshonqulova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishga o‘shlik jabr chekkan o‘zbeklarning vakillari ham kelishgandi.

Militsiya ularni ham hibsga olgan, ammo keyinroq qo‘yib yuborgan.

Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, amalga oshmagan namoyish ishtirokchilarini hibsga olish amaliyotiga boshchilik qilgan militsiya mulozimi "qirg‘iz elchixonasi o‘zbek faollarining norozilik amaliyoti uyushtirish rejasidan ranjigani"ni aytgan.

"Birdamlik" faollari shuningdek Qirg‘iziston hukumatini "o‘zbeklarga qarshi aparteid siyosati"ni yuritishda, O‘zbekiston hukumatini esa Qirg‘izistonda o‘zbeklarga nisbatan yuritilayotgan bu siyosatga "befarqlik"da ayblaganlar.

Roppa-rosa bir yil muqaddam Qirg‘iziston elchixonasi o‘ngida O‘sh va Jalolobod shaharlarida yuz bergan etnik nizolarni xotirlashga uringan 15 faol hibsga olinib, ma‘muriy jazoga tortilgandi.

O‘zbekiston hukumati 2010 yil iyun voqealari chog‘ida yuz minglab o‘shlik va jalolobodlik qochqinlarga vaqtinchalik boshpana bergan.

Prezident Islom Karimov yuzlab insonlarning umriga zomin bo‘lgan qonli voqealar yuzasidan mustaqil xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirgan.

Voqealarda "uchinchi kuchlar"ni ayblagan O‘zbekiston hukumati hodisalar bilan bog‘liq xabarlarni qattiq nazorat qilib keladi.

O‘zbek matbuoti Qirg‘iziston janubidagi qonli voqealarning 2 yilligini esga olmagan.