"Qizil ajdar" O‘zbekistonga kirmoqda

Image copyright none

Prezident Islom Karimovning Xitoyga so‘nggi tashrifi mobaynida savdo-sotiq, neft-gaz va O‘zbekistonga Shinjon-Uyg‘uristonidan poyezd yo‘li keltirish va Navoiydagi xalqaro habga ulanishga oid o‘nlab shartnomalar imzolangan. Mutaxassislar jami kelishuvlar narxini 5 milliard AQSh dollaridan ko‘proqqa baholashmoqda.

Xullas, shu paytgacha "Qizil Yuho" kirib kelolmagan O‘zbekiston ham nihoyat sharqqa qarab darvozalarani ochayotgan ko‘rinadi.

Xitoy allaqachon O‘zbekiston va Turkmaniston gazini, Qozog‘iston neftini olmoqda.

O‘z aholisi uchun kerakli oziq-ovqat yetishtirishga yer topa olmaydigan Tojikistonda allaqachon ko‘plab unumdor yer maydonlarini Xitoy yuzlab yilga ijraga olgan.

Qirg‘iziston esa butunlay Xitoy ulgurji mollari tarqatiladigan bozorlarga sahna bo‘ldi.

Ammo Pekin ta‘siri endi O‘zbekistonga ham yoyilmoqda.

"Xitoy sarmoyadorlari va banklari G‘arb kabi qiyin shartlarni qo‘yishmaydi, davlatdan kreditlarini qaytarish kafolatini talab qilishmaydi" - deydi iqtisodiy tahlilchi Anvar Husaynov - "Ular o‘zlari kredit berib, ancha arzon neft yo gaz qazuvchi uskunalarni ham, boshqa sanoat jihozlarini ham taklif etishmoqda".

Yaqinda esa O‘zbekistonning yirik hamkorlari va sarmoyadorlari bo‘lmish Rosiya va Janubiy Koreyani Xitoy ortda qoldirishi mumkin, degan fikrlar bor.

"O‘zbekistondagi Rossiya savdo palatasida ikki-uchta odam ishlaydi, Xitoynikida esa yuzlab xodimlari bor" - deydi Toshkentdan tahlilchi Anvar Husaynov.

O‘zbek tujjorlari uchun Xitoy vizasini olish oson va O‘zbek tujjorlari so‘nggi yillari Xitoydan havo orqali yirik miqdorda mol keltirish uchun sharoitlar o‘ng‘ayligini aytishadi.

Bugun yaxshi, ertagachi?

Xitoyning kirib kelishi ancha kambag‘al Markaziy Osiyoda bugun xush qarshilanishi mumkin. Chunki yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda.

"Qoraqalpog‘istonda xitoyliklar tuzli dengiz tubida ham o‘sadigan shifobaxsh qizilmiya o‘simligi ildizini ishlab chiqara boshlashdi va yangi korxonada ko‘plab odamlar ishlashmoqda" - deydi Anvar Husaynov.

Ammo uzoq kelajakda Xitoy ta‘siri salbiy bo‘lishi mumkin, degan xavotirlar ham kuchli.

"Xitoy O‘zbekistonni paxta xomashyosi ishlab chiqaradigan bazaga va o‘z arzon mollari sotiladigan bozorga aylantirmoqchi" - deydi Toshkentlik ishbilarmon - "Ilgari Rossiya bizni shu ahvolga solgandi. Endi Xitoy shunday qilmoqchi".

"Paxtadan O‘zbekiston yaxshilik ko‘rmagan va iqtisodimiz taraqqiy etishi uchun undan voz kechishimiz kerak".

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekiston poyabzal va to‘qimachilik sanoatlari shundoq ham Xitoyning arzon oyoq kiyimlariga dosh berolmay qolmoqda.

"O‘zbekiston esa g‘arb sarmoyalarini jalb etishga intilib, o‘z mahsulotlarini Ovro‘poga sotishga intilishi lozim" - deya xulosa qiladi Anvar Husaynov - "Aks holda, ertaga O‘zbekistonning tetapoya qilayotgan boshqa sanoati, meva-sabzavot qayta ishlanadigan va boshqa an‘anaviy sohalari ham Xitoy bilan raqobatga dosh berolmay kasodga uchrashi mumkin".