Rossiya fuqarosi o‘limiga aloqador gumon etilgan Qirg‘iziston militsiya xodimlarining barchasi ozod etilgan

Image caption Qirg‘iziston militsiyasi milliy ozchiliklarga nisbatan shafqatsizligi uchun tanqid qilinadi

O‘tgan yil Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumanida qiynoqlar va kaltaklar tufayli dunyodan ko‘z yumgan Rossiya fuqarosi Usmonjon Xolmirzayev o‘limiga aloqador ko‘rilgan yana ikki militsiya xodimi qamoqdan ozod etilgan.

Marhumning oilasiga bu haqda ularning himoyachilari ma‘lum qilgan.

So‘nggi ikki militsiya xodimining ozod etilishi bilan Usmonjon Xolmirzayev ishi bo‘yicha mahkamaga tortilgan barcha gumondor qamoqdan chiqarilgan.

Jalolobod viloyat ichki ishlar boshqarmasining tezkor qidiruv ishlari bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Kuban Nuriyev, shu boshqarmaning yana bir xodimi Munarbek Mamataliyev va Bozorqo‘rg‘on tumani militsiya xodimlari Nurgazi Tutshev va Ularbek Ismailovlar Rossiya fuqarosini shafqatsiz kaltaklash va qiynoqqa solishda aylangandilar.

Ayni hodisa yuzasidan Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining "Jabrlanuvchi o‘limiga sabab bo‘ladigan darajada zarar yetkazish", "Lavozimini suiste‘mol qilish" va "Qiynoq qo‘llash" moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Usmonjon Xolmirzayev oilasining himoyachilariga ko‘ra, ayblanuvchilarni ozodlikka chiqarishga doir mahkama yig‘inida jabrlanuvchi tomon vakillari qatnashtirilmagan.

Mahkama jabrlanuvchi tomonga yig‘in haqida ma‘lumot bermagan.

Usmonjon Xolmirzayev o‘limiga doir ish qayta tergovga jo‘natilgan.

O‘tgan yili avgust oyida Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tuman militsiyasi xodimlari ushlab turganlaridan keyin uyiga kelib vafot etgan Usmonjon Xolmirzayev Qirg‘iziston militsiyasidagi noinsoniy muomala qurboni bo‘lgan yagona inson emas.

2011 yil 1 sentyabr kuni O‘shdagi 5-hibsxonada 63 yoshli Mamataziz Buzrukov hayotdan ko‘z yumgan.

Qirg‘iziston Ombudsmani Tursunbek Akunga ko‘ra, mahbusning og‘ir kasalligi bo‘lsada, hibsxona xodimlari va tibbiyot vakillari unga beparvo munosabatda bo‘lganlar.

Mamataziz Buzrukov o‘g‘lining ortidan 2010 yil iyunidagi millatlararo nizolarga aloqadorlik gumoni bilan hibsga olingan.

Qirg‘iz mahkamasi o‘sha hodisalarda ayblab bir umrga qamoq jazosi tayinlagan bozorqo‘rg‘onlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarovning ishi xalqaro miqyosda tanqidlarga sabab bo‘ldi, Qirg‘iziston rahbariyatidan Azimjon Asqarovni ozod qilish talab qilindi.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga ko‘ra, Qirg‘iziston mahkamalari qiynoqlar asosida olingan ko‘rsatmalarni qonuniylashtirib bermoqda, millatchilikni yanada kuchaytirmoqda.

Qirg‘izistonga tashrif buyurgan BMTning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Xuan Mendes huquq-tartibot idoralari va ayniqsa qamoqxonalarda qiynoqlar keng tarqalganligini aytgan.

Bu abgor vaziyatni Qirg‘iziston rasmiylari ham tan olganlar.