Prezident Rahmonning yaqin qarindoshi otib o‘ldirilgan

Image copyright BBC World Service
Image caption Qotillik prezident Rahmonning mamlakat shimoliga safari davomida ro‘y bergan

Dushanbe shahrida "Tojikiston o‘rmonlari" shirkatining raisi Xolmo‘min Safarov o‘ldirib ketilgan.

Rasmiy manbalarga ko‘ra, bu hodisa 13 iyun kechasi Tojikiston poytaxtining " Avtovokzal" mahallasida kecha tunda ro‘y bergan. Qotillikning ilk tafsilotlariga ko‘ra, janob Safarovga noma‘lum shaxslar bir necha o‘q uzishgan va hodisa joyidan g‘oyib bo‘lishgan.

Hodisadan xabardor manbalarga ko‘ra, Xolmo‘min Safarov hodisa joyida halok bo‘lgan.

Tojikiston huquq-tartibot idoralari hozirda qotillik bo‘yicha tergov va qidiruv ishlarini boshlashgan.

Xabarlarga ko‘ra, Tojikiston janubidagi Vose tumanidan bo‘lgan Xolmo‘min Safarov prezident Rahmon to‘ng‘ich opasining turmush o‘rtog‘i bo‘lgan.

Tez orada Tojikiston militsiyasi bu hodisa yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqishi kutilmoqda.

Prezident Rahmon hozirda mamlakat shimoli - So‘g‘d viloyatiga uch kunlik safarini davom etmoqda.

Janob Rahmonning Payshanba kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotining harbiy mashqlarida ishtirok etishi rejalangan.