HRW: "O‘shda adolat hanuz tiklangani yo‘q"

Image caption Human Rights Watch tashkilotiga ko‘ra, Qirg‘iziston janubida qiynoqqa solingan shaxslar xalqaro tashkilotlarga murojaat etishlari mumkin.

Human Rights Watch inson huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkilotining yangi hisobotida aytilishicha, O‘sh va Jalolobod qirg‘inidan beri ikki yil o‘tib, hamon adolat tiklangani yo‘q va aybdorlar jazolanmagan.

Janubiy qirg‘izistonga borgan Human Rights Watch vakillariga ko‘ra, yuzlab odamlarni qiynoqqa solib, turli ayblarga iqror qildirishmoqda.

Ikki yil oldingi qirg‘inda aksar o‘zbeklar hujumga tutilgandi. Ammo faollara ko‘ra, qirg‘iz davlati yana aksar o‘zbeklarni jazolamoqda.

Shunday holatda turli ayblarga yuz tutayotgan odamlar nima qilishlari mumkin?

Human Rights Watch vakili Alison Gilning aytishicha, qiynoqqa solingan shaxslar xalqaro tashkilotlarga murojaat etishlari mumkin.

Qirg‘iziston misolida - qirg‘izistonliklar Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga murojaat etishlari mumkin bo‘ladi. Azimjon Asqarov ishi doxil boshqa qator ishlar ana shu qo‘mitaga havola etilganini bilamiz, dedi Alison Gill BBC bilan suhbatda.

BBC: Ammo bundan biror ish chiqadimi? BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi maslahatlari baribir Qirg‘iziston hukumatining e‘tiboriga havola etiladi... Qiynoqlarga qarshi qo‘mitaning tavsiyalariga hukumat quloq tutadimi?

Alison Gill: Ha, biz bunga umid qilamiz, ya‘ni umidimiz shundan... Ya‘ni, qiynoqqa solinganlar o‘z ishlarini BMT qiynoqlarga qarshi qo‘mitasiga taqdim qilib, alal oqibat hech qursa ma‘naviy bir dastak oladilar. Boshqa bir umidimiz shuki, BMT Qo‘mitasining aralashgani Qirg‘izistondagi tuzumga bosim ko‘rsatib, bu ishlarni qayta ko‘rib chiqishiga turtki berishi mumkin.

BBC: Lekin bundan Qirg‘iziston adliya tizimiga qanday naf bor, shundoq ham yuzlab jinoiy ishlar hali ham ko‘rib chiqilgani yo‘q. Qiynoqqa solishga doir ishlarni qayta ko‘rib chiqish qaytaga Adliya tizimining ishini mushkullashtiradi emasmi?

Alison Gill: Rost, ammo bu ishlarni ko‘rib chiqmaslik adliya tizimining qator adolat mezonlarini buzadi. Chunki chiqarilgan hukmlar adolatsiz bo‘lgan. Iqrornomalar qiynoq va bosimlar ostida olingan. Qirg‘iziston taraqqiy topgan bir adliya tizimiga egalini namoyon qilishdan manfaatdor va shuning uchun shunday yo‘l tutishga iroda topishi kerak o‘zida...Ya‘ni, adliya tizimi va mahkamalar xato qilishadimi, demak bu xatoni tuzatish kerak. 2010 yil iyun zo‘ravonliklaridan keyin 5000ta jinoiy ish ochildi. Aksariyat ishlar tez orada, to‘liq tekshirilmasdan turib mahkamaga oshirildi. Aksariyat jinoiy ishlarda ayblanuvchilar jiddiy bir shaklda qiynoqqa solinganlari haqida xabarlar o‘rtaga chiqdi. Bu kabi xabarlar va qiynoq qo‘llangani haqidagi da‘volar Qirg‘iziston adliya tizimiga soya soladi. Ayni xatolarni Qirg‘iziston adliya tizimi tuzatishi kerak.

BBC: Azimjon Asqarov - Qirg‘izistonlik inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovning masalasiga qaytsak, uning ishi borasida gapirmagan xalqaro tashkilot deyarli qolmadi, barcha tashkilotlarga bosh urildi... Ammo hech narsa o‘zgargani yo‘q...Qirg‘izistondagi barcha mahkamalarga murojaat qildi. Endi nima bo‘lishi mumkin? Umuman, xalqaro aralashuvlardan ish chiqadimi?

Alison Gill: Ha, rostdan ham Asqarov janoblari Qirg‘izistondagi mavjud barcha tashkilotlarga bosh urib ko‘rdi. Ammo u xalqaro tashkilotlarga hali murojaat qilishi mumkin. Ular orasida BMTning Qiynoqlarga qarshi kurash qo‘mitasi bor. Bu bilan Asqarov o‘z ishini yana ham kengroq jamoatchilikka ko‘rsatishi mumkin. Qirg‘iziston xalqaro hamjamiyatning a‘zosidir. BMTning qonunu qadriyatlari bu yerda ham amal qiladi. Ammo aksar masalalarni hal etishda Qirg‘iziston o‘zida iroda topishi va harakat qilishi kerak.