"MTS-O‘zbekiston mobil aloqa operatorining rahbari O‘zbekistondan qochdi"

Image copyright mts.ru
Image caption "MTS O‘zbekiston" shirkati millionlab abonentlarga xizmat ko‘rsatadi

O‘zbekistondan "MTS O‘zbekiston" mobil uyali aloqa shirkati rahbarining qochgani haqida xabarlar kelmoqda.

Shirkat bosh direktori Bekzod Ahmedov kompaniyaning moliyaviy xo‘jalik faoliyatini tekshirishdagi jiddiy qonunbuzarliklar aniqlanishi ortidan mamlakatni tark etgani aytilmoqda.

Hukumat doiralariga yaqin uzmetronom.com sayti o‘z manbaalariga tayanib aytishicha, shirkat rahbari oilasi va o‘z yaqinarini ham mamlakatdan olib chiqqan.

Xabarda aytilishicha, tegishli idoralar tomonidan "MTS O‘zbekiston" shirkatida yalpi tekshiruvlar o‘tkazilgan va kompaniya faoliyatida jiddiy qonunbuzarliklar aniqlangan.

Aynan qaysi sohalarda qonun buzilgani borasida biror izoh berilmagan.

Bundan tashqari kompaniya rahbari o‘z oilasi va yaqindarini ham olib chiqib ketgani aytilmoqda.

O‘zbekiston rasmiy matuboti odatdagidek bu boarada sukut saqlamoqda.

Shirkat vakillari ham biror raddiya yoki izoh bilan chiqishgani yo‘q.

BBCning "MTS O‘zbekiston" shirkati matuot xizmati bilan bog‘lanishga qilgan harakatlari samara bermadi.

Ammo boshqa ommaviy axborot vositalariga MTSning Moskvadagi matbuot kotibi Valeriya Kuzmenko bu borada hech qanday izoh berolmasligini aytgan.

O‘zbekistonda yirik shirkat rahbarlari va taniqli ishbilarmonlarning qamalish xavfi bois qochishlari so‘nggi yillarda ko‘payib bormoqda.

Bundan sal avvalroq xorijiy sarmoya asosida tashkil etilgan Carlsberg Uzbekistan shirkatining Rossiya fuqarosi bo‘lgan rahbari Yevgeniy Shevchenko ham O‘zbekistonni butunlay tark etgan.

Janob Shevchenkoning qochishiga ham tekshiruvlar payti shirkat faoliyatida aniqlangan kamchiliklar sabab bo‘lgan.

"Qizilqumtsement" birlashmasi direktori Rajabboy Jumanazarov, Toshkentdagi "Karvonbozor" ulgurji bozori direktori Dmitriy Lim kabi qator yirik korchalonlarning mamlakatdan qochib ketganliklari ma‘lum.

Bugunga qadar ko‘plab taniqli ishbilarmonlar, jumladan "Alp Jamol-Bank" egasi Muhiddin Asomiddinov, "Kapital-Bank" ta‘sischisi va "Paxtakor" futbol jamoasining prezidenti Botir Rahimovlarning hibsga olingani, ba‘zi manbaalarga ko‘ra esa, mamlakatdan qochib ketgani haqida xabarlar mavjud.