Misr: prezidentlik saylovining yakuniy bosqichi boshlandi

Image copyright Reuters
Image caption Aholi bu galgi saylovda unchalik faol emas

Misr aholisi 2011 yilda Husni Muborak hokimiyati ag‘darilganidan buyon ilk prezidentni saylamoqda.

Prezidentlik saylovining yakuniy bosqichida Islomiy nomzod Muhammad Mursiy Muborakning so‘nggi Bosh vaziri Ahmad Shafiqqa qarshi kurash olib bormoqda.

Saylov payshanba kuni mahkama qarori bilan parlamentning tarqatib yuborilishi ortidan chiqqan taraflar o‘rtasidagi tortishuvlar nihoyatda kuchaygan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Janob Mursiy a‘zo bo‘lgan "Musulmon Birodarlar" harakati mahkama qarorini "noqonuniy" va "demokratiyaga qarshi fitna" deya rad etgan.

Iqtidordagi Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi shanba kuni parlamentni tarqatib yuborishi ortidan "Musulmon Birodarlar" Misr xalqini inqilobni himoya qilishga chaqirgan.

Ikki kun muqaddam Husni Muborak tomonidan tayinlangan hakamlardan iborat Oliy Konstitutsiyaviy Mahkama o‘tgan yil bo‘lib o‘tgan umumxalq saylovini "qonunga xilof" deb topgandi.

Mazkur qaror Misr Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi hokimiyatni o‘z nazorati ostiga olmoqchi va o‘tgan yilgi inqilobni yo‘qqa chiqarmoqchi degan qo‘rquvlarni kuchaytirib yubordi.

"Xalq irodasi"

Muborak davrida so‘nggi bosh vazir bo‘lgan janob Shafiq saylovoldi kurashlarini mamlakatda barqarorlik va tartibni qayta o‘rnatish shiori ostida olib bordi.

Ushbu shiorni, muxbirlar so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq tanqidchilar fikricha, Misr armiyasining sobiq zobiti bo‘lgan Ahmad Shafiq Husni Muborak davrida hukm surgan yakkahokimlik tuzumining ramzidir.

O‘zini Muborak rejimini ag‘dargan inqilobiy harakatning bir yetakchisi sifatida taqdim etayotgan janob Mursiy esa iqtisodiy va siyosiy islohotlar o‘tkazishga va‘da bergan.

Muhammad Mursiy shuningdek liberallar va diniy ozchiliklarni jalb etish maqsadida o‘z diniy qarashlarini bir oz yumshatgan.

Uning "Ozodlik va Adolat" partiyasi 2011 yilda o‘tkazilgan umumxalq saylovlarida parlament o‘rinlarining deyarli yarimini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

BBC muxbiri Jon Layning aytishicha, bu galgi saylovda aholi avvalgisi singari faol emas. Ba‘zilar saylovni boykot qilishga chaqirgan.

Muxbirimizga ko‘ra, saylovga ayniqsa yoshlar kamroq e‘tibor qaratishmoqda.

Davlat televideniyesi aholini saylovda faol bo‘lishga chaqirgan esada, ba‘zi faollar Qohira metroasida saylovni boykot qilish chaqiriqlari bitilgan varaqalarni tarqatishmoqda.

Saylov natijalari 21-iyunda e‘lon qilinishi kutilmoqda.